Jahon | 13:00 / 04.01.2018
29626
2 daqiqa o‘qiladi

Xmeymimga hujum haqidagi xabarga rasmiy munosabat bildirildi

Foto: «Kommersant'»

Rossiya Mudofaa vazirligi Suriyaning Xmeymim aviabazasida jangarilar hujumi oqibatida rossiyaliklarning 7ta samolyoti yo‘q qilingani haqidagi xabarni yolg‘on deb atadi. Bu haqda RIA «Novosti» xabar tarqatmoqda.

«Kommersant'» nashrining Xmeymimdagi aviabazada Rossiyaning 7ta harbiy samolyoti «butunlay yo‘q qilingani» haqidagi xabari  — feyk», — deyilgan vazirlikda.

Mudofaa vazirligi Suriyadagi Rossiya aviaguruhi jangovar holatda o‘z zimmasidagi vazifani bajarishda davom etayotganini qo‘shimcha qilgan.

Shu bilan birgalikda, vazirlik 31 dekabr kuni aviabaza minomyotdan o‘qqa tutilgani va rossiyalik ikki harbiy halok bo‘lganini tasdiqlagan.

Ayni vaqtda «Suriya xavfsizlik organlari hujum manbasini qidirayotgani va aviabaza hududini qo‘riqlash kuchaytirilgani» aytilmoqda.

Bundan oldin «Kommersant'» o‘z manbasiga asoslanib, jangarilar bazani o‘qqa tutgani, to‘rtta Su-24 bombardimonchisi, ikkita Su-35C qiruvchisi va An-72 transportchi samolyoti deyarli yo‘q qilib tashlagani, shuningdek, o‘q-dorilar ombori ham portlatilgani, hujum oqibatida o‘ndan ortiq harbiy xizmatchilar jabrlangani haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid