Aybsiz “aybdor” MChJ jarimaga tortilishi qanchalik to‘g‘ri?
2017 yil O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida tub burilish yili bo‘ldi. Shu yili “kim edigu, kim bo‘ldik” shiorining asl mohiyati yuzaga chiqdi. Xalq bilan muloqot yilida oddiy xalqni qiynayotgan muammolar ko‘lami kengligi ma'lum bo‘ldi. Shular qatorida ijtimoiy-iqtisodiy tizim, qonunchilikning barcha sohalarida zudlik bilan haqiqiy islohotlar o‘tkazilishi kerakligi kun tartibiga chiqdi.
O‘tgan yilgi islohotlar orasida davlat rahbari tomonidan 2017 yil 2 sentabr kungi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5177-son farmonini alohida ta'kidlash mumkin. Chunki, ayni shu hujjat asosida O‘zbekistonda milliy valyutaning konvertatsiyasi hamda mazkur masala bilan bog‘liq ravishda xorijiy investitsiyalar, tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan ko‘plab muammolarga yechim topish uchun ilk qadamlar tashlandi. Qolaversa, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir necha marotaba turli yig‘ilish va ma'ruzalarida “bitta ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman”, deya bir vaqtning o‘zida ham tadbirkorlarga, ham davlat boshqaruv organlari rahbarlariga murojaat qildi.
Ayrim maqsadga muvofiq bo‘lmagan qonun hujjatlariga davlat rahbari tashabbusi bilan o‘zgartishlar kiritilyapti. Xususan, valyuta bozorining liberallashuviga doir prezident farmoni tadbirkorlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Chunki, bundan avval, eksport shartnomasi bo‘yicha ishlaydigan tadbirkorlarga juda og‘ir talablar belgilangan, tushgan pullarining ma'lum bir qismi birja orqali majburiy sotilishi belgilab qo‘yilgan, valyuta tushirish majburiyati yuklangan, ular bajarilmasa, yirik miqdorda jarima sanksiyasini qo‘llash mexanizmi ishlab chiqilgan edi.
Ko‘pchilikka ma'lumki, valyuta bozori liberallashtirilmasdan avvalgi ayrim qonun talablari adolatsiz bo‘lgani e'tirof etilayotgan bugungi kunda, o‘sha qonun talablari bilan javobgarlikka tortilib, jarima sanksiyasi qo‘llanilayotgan tadbirkorlik sub'yektlariga yengilliklar berish jihatini ham o‘ylab ko‘radigan vaqt kelmadimikin?
Quyida duch kelayotgan muammolar yuzasidan KUN.UZ tahririyatiga murojaat qilgan firma misolida yuqoridagi fikrlarni asoslashga urinamiz.
Hammasi “Alta Vetta” MChJning “Alliance Capital K/S” kompaniyasidan subpudratchi sifatida ko‘rsatilgan texnik va maxsus texnika xizmatlari uchun 2014 yil 1 martda imzolangan 7 ta shartnomadan 5 tasi bo‘yicha belgilangan pullarini olish bilan bog‘liq mashmashalardan boshlandi.
“Alta Vetta” MChJ 2014-2015 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi buyurtmachi bo‘lgan, “A-373 Toshkent - Andijon avtomobil yo‘lining 116 - 190 (58 km) km. oralig‘idagi qismini qayta qurish” loyihasi bo‘yicha yordamchi pudratchi bo‘lgan “Alliance Capital K/S” kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomalarga asosan shu obekt qurilishida ish bajarib kelgan.
Shartnoma bo‘yicha to‘lov valyutasi AQSh dollari bo‘lib, “Alliance Capital K/S” kompaniyasi tomonidan 2014 yilda va 2015 yil 1-yarmida bajarilgan ishlar uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirib kelingan, biroq 2015 yil ikkinchi yarmiga kelib, bajarilgan ishlar uchun to‘lovlar to‘xtab qolgan.
“Alliance Capital K/S” kompaniyasi tomonidan esa, to‘lovlar amalga oshirilishiga va'dalar berilib, obektning buyurtmachisi Respublika yo‘l jamg‘armasi bilan muammolar vujudga kelganligi va tez kunda to‘lov amalga oshirilishini, qurilish obekti Farg‘ona vodiysi viloyatlarini respublikaning boshqa mintaqalari bilan bog‘lovchi asosiy transport yo‘li ekanligini, muhim strategik o'yektlar qatoriga kirishini ko‘rsatib ishlarni to‘xtatmaslikni so‘ragan. Shu sababli “Alta Vetta” MChJ 2015 yil dekabr oyiga qadar ham ish bajarib keldi. “Alta Vetta” MChJ jamoasi bajarayotgan ishlari, dovon orqali yo‘lning qish mavsumiga qadar yakunlanishi mamlakatimiz uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini chuqur his etgan.
2015 yil noyabr oyiga kelib, “Alliance Capital K/S” kompaniyasi tomonidan “Alta Vetta” MChJ bajarilgan ishlar uchun qarzlarni ochiqdan ochiq to‘lashdan bosh tortishni boshlangandan so‘ng, “Alta Vetta” MChJ vujudga kelgan 480 670,87 AQSh dollari miqdoridagi qarzdorlikni majburiy ravishda undirilishini talab qilib 2016 yil fevral oyida da'vo ariza bilan Toshkent shahar xo‘jalik sudiga murojaat qildi.
Shu bilan sud jarayoni boshlanib, 2016 yil 20 mayida Toshkent shahar Xo‘jalik sudi №10-163/2881 raqamli ish bo‘yicha hal qiluv qarori chiqarib, “Alliance Capital K/S” kompaniyasidan “Alta Vetta” MChJ foydasiga 480 670,87 AQSh dollari (haqiqiy qarzi) va 741,79 dollar penyasi, jami 481 412,66 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ undirilishi bo‘yicha qaror chiqaradi.
2016 yil 24 iyunda sud qarori bo‘yicha ijro varaqasi berilib, ushbu ijro varaqasi asosida Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sud ijrochilari tomonidan “Alliance Capital K/S” kompaniyasidan qarz summasini majburiy tartibda undirish ishlari boshlanadi. Sud ijrochilari tomonidan “Alliance Capital K/S” xorijiy kompaniyasining mol-mulkini aniqlash, “Aloqabank” ATB va “InFinBank” ATBlardagi hisob raqamlarini xatlash ishlari olib borilgan.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, aynan “Alta Vetta” MChJ tomonidan berilgan ma'lumotlar yordamida sud ijrochilari “Alliance Capital K/S” xorijiy kompaniyasining mol-mulklarini xatlashga erishgan. Sud ijrochisi tomonidan “Alliance Capital K/S” kompaniyasini respublikamiz hududida joylashgan mulklarini sotish orqali tushirgan pullaridan 2 mlrd. so‘mini konvertatsiya qilish uchun 24.02.2017 yilda “Davr bank” XATB Uchtepa filialiga o‘tkazgan. Biroq konvertatsiya amaliyoti bank boshqaruvi tomonidan asossiz ravishda salkam 8 oyga kechiktirilgan. Agar tushgan 2 mlrd. so‘m o‘sha vaqtda bank tomonidan so‘zsiz konvertatsiya qilinganida 274 064,83 AQSh dollari “Alta Vetta” MChJ hisobiga kelib tushgan bo‘lar edi.
Prezidentning PF-5177-son Farmoni qabul qilingandan so‘nggina undirilgan pullar sud ijrochisining qarori bilan AT “IPOTeKA BANK”ka o‘tkazilgan va konvertatsiya qilinib, 2017 yil 12 oktabrda 48 117,49 AQSh dollari va 17 oktabrda 100 264,21 AQSh dollari, jami 148 381,7 dollar undirib berildi. Ayni vaqtda “Alliance Capital K/S” kompaniyasining “Alta Vetta” MChJ oldidagi qarzdorligi 333 030,96 AQSh dollarini tashkil etadi. Bunda eng e'tiborli tomoni qarzni undirish bo‘yicha ijro ishi davom etmoqda.
Ko‘rib turganimizdek, “Alta Vetta” MChJ valyutada bo‘lgan qarzdorlikni undirish borasida qonunlarimizda nazarda tutilgan barcha harakatlarni amalga oshirgan. Shunga karamasdan, Yakkasaroy Davlat solik inspeksiyasi “Alta Vetta” MChJ tomonidan valyuta tushumini kechikishiga yo‘l qo‘ygan va shuning uchun Vazirlar Mahkamasining 245-sonli qaroriga asosan jarima to‘lashi lozim degan vajlar bilan sudga murojaat etadi.
Xo‘sh, savol tug‘iladi: MChJga nima uchun jarima qo‘llanilyapti? Buni Yakkasaroy tumani soliq inspeksiyasining da'vo arizasidan bilib olish mumkin.
Unga ko‘ra, Yakkasaroy tuman soliq inspeksiyasi Davlat soliq qo‘mitasining 2016 yil 30 oktabridagi 590-x/s-sonli buyrug‘i asosida “Alta Vetta” MChJda rejali soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Tekshiruv jarayonida korxona tomonidan 7 ta eksport shartnomasi bo‘yicha 1 noyabr 2016 yil holatiga binoan 481 011,46 dollar miqdorida valyuta mablag‘i kelib tushmagani aniqlangan. (Yuqorida qayd etilganidek, bu vaqtda ayni shu miqdordagi pulni undirish bo‘yicha ijro varaqasi Yakkasaroy tuman sud ijrochilari departamentida ijroda bo‘lgan.)
Sud jarayonida “Alta Vetta” MChJ sudga strategik obektda ishlar to‘xtatilmasdan bajarilganligi uchun qarzdorlik vujudga kelganligi, qarzdorlikni undirish borasida qonunda belgilangan barcha harakatlarni amalga oshirganligini, Vazirlar Mahkamasining 245-sonli qarorida belgilangan muddat (365 kun) ichida 2 mlrd so‘m undirilib sud ijrochisi va bankning aybi bilan bir necha oydan beri konvertatsiya qilinmasdan turganligini tasdiqlovchi barcha dalillarni sudga taqdim etgan.
Loaqal, Toshkent shahar Xo‘jalik sudi instansiyalari MChJning tushib qolgan noqulay holatini, nima uchun valyuta muddatida tushira olmagani, valyutani undirish bo‘yicha ish ijroda ekanini e'tiborga olgandir, deb o‘ylasangiz xato qilasiz.
Toshkent shahar xo‘jalik (iqtisodiy) sudi tomonidan dastlab valyutada qarzdorlikni 30% miqdorida - 459 097,09 ming so‘m, 27 noyabr 2017 yildagi hal qiluv qarori 10-1712/14859-sonli ish bo‘yicha qolgan 70% miqdorida, jami 1 mlrd 237 mln 824 ming 200 so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan. Sud qarorida “Alta Vetta” MChJ tomonidan taqdim etilgan biror bir dalil, biror bir vaj eks ettirilmagan va faqat soliq idorasining vaji ko‘rsatilgan hamda Vazirlar Maxkamasining 245-sonli qarori mazmuni ko‘chirilgan xolos.
Demak, go‘yoki, qonun ijrosini ta'minlayotgan Yakkasaroy tumani soliq inspeksiyasiga ko‘ra, valyuta tushumi talabini (aslida, fors-major tufayli) bajara olmayotgan tashkilot qanday qilib bo‘lmasin, davlatga jarima to‘lashi kerak. Bu nimani anglatadi? Bu hali hisobiga kelib tushmagan, undiruvda bo‘lgan, “Davr Bank” qachon pulni konvertatsiya qilib berar ekan, deya kutayotgan MChJ jarima to‘lashi kerak degani emasmi?
Mening tushunishimcha, “Alta Vetta” MChJ kabi holatga tushib qolgan tashkilot soliq inspeksiyasining qahriga va xo‘jalik sudi sudyalarining ko‘r-ko‘rona qarorlariga duch kelmay desa, yerning ostidan bo‘lsayam, valyuta topib, shartnomalar bo‘yicha valyuta tushumini ado qilishi kerak edi. Axir, soliq va sud instansiyalarining jarima qo‘llash bo‘yicha qarorlarini bundan ortiq yana qanday tushunsa bo‘ladi?
Shu o‘rinda ayrim mulohazalarimni bildirmoqchiman. Men sud qarorlarini batamom noqonuniy, soliq inspeksiyasi umuman noto‘g‘ri ish qilgan, deyishdan yiroqman. Ammo “Alta Vetta” MChJ xorijiy kompaniyadan pulini undirish va valyuta tushumi bo‘yicha talabni bajarishga harakat qilmagan, urinib ham ko‘rmagan bo‘lganida, boshqa gap edi. Amalda-chi, amalda MChJ o‘z mas'uliyatini his qilgan holda, olma pish, og‘zimga tush, deb yotmasdan qarzini undirishga harakat qildi. Biroq bular soliq inspeksiyasining ham, sud mahkamalarining ham pinagini buzayotgani yo‘q.
Bir narsani qayd etish kerakki, qonun faqat jazolash uchun ishlab chiqilmagan. Soliq va sud idoralarining ham vazifasi faqat jazolash emas. Shunday ekan, obektiv sabablarga ko‘ra, qonun talabini bajara olmagan korxonaga nisbatan, jazolash prinsipidan voz kechish ham mumkin edi-ku! Chunki bungacha MChJga 30 foiz jarima qo‘llangan bo‘lsa, undan keyin yana tadbirkorga bog‘liq bo‘lmagan holatni ko‘ra-bila turib, 70 foiz jarimaga tortilganini qanday baholash mumkin? Bu adbirkor hali olmagan daromadini 100 foiz qilib davlatga jarima sifatida qaytaradi, o‘ziga esa hech vaqo qolmay, bankrot bo‘ladi deganimi?
To‘g‘ri yuqoridagi holatda MChJning ham aybi bor. “Alta Vetta” eksport shartnomasini belgilangan tartibda sug‘urta qildirganida zarar ko‘rmas edi. “Alliance Capital K/S” kompaniyasi qarzni to‘lashdan bosh tortib kelayotganligi, ushbu korxonadan qarzni undirish bo‘yicha ijro hujjatini ijro etish sud ijrochisi tomonidan paysalga solinib kelinayotganligi, soliq idoralari tomonidan sud orqali korxonaga 1.696.921.291 so‘m jarima solinganligi, hisob-raqamlariga soliq idorasi tomonidan band solinganligi, faoliyati deyarli to‘xtab qolganligi sababli “Alta Vetta” MChJning 2015 yilda bajargan ishlari hajmi – 3.481.668.439 so‘mni tashkil etib, 772.339 AQSh dollari miqdorida valyuta tushirgan bo‘lsa, 2017 yil o‘tgan davrida korxonada ish hajmi faqat 561.676.459 so‘mni tashkil qilib, o‘tgan davrlarga nisbatan bir necha barobar kamaygan.
Xuddi shunday holat boshqa bir tashkilot bo‘lmish “Umidli xamkor” MChJda ham kuzatiladi. Bu yuqorida keltirilgan muammolar “Alta Vetta” MChJ va “Umidli hamkor” MChJda ishlagan xodimlar sonini 72 kishidan 11 nafargacha kamayishiga olib kelgan.
Xo‘sh, soliq inspeksiyalari va sudlarning faqat tadbirkorni jazolash prinsipi kimga foyda-yu, kimga zarar? To‘g‘ri, bir qarashda davlat byudjyetiga yirik miqdorda jarima undiriladi. Bu yerda yana bir jihat bor. “Alliance Capital K/S” kompaniyasi O‘zbekiston byudjyet mablag‘lari evaziga subpudratchi korxonalarni ishlatib, bajarilgan ishlar uchun respublika byudjyetidan valyutada haq olib, mablag‘larini chetga olib chiqib ketsa-yu, soliq idoralari va sudlar pulini ololmayotgan mahalliy korxonalarga jarima qo‘llasa, buning oqibatida maqolada keltirilgan korxona kabi boshqa korxonalar inqirozga uchrab, bu bilan davlat soliq manbaalari kamaysa, ishchi xodimlar ishsiz qolsa, adolatdan bo‘ladimi? Shunday ekan, Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 29 iyunda qabul qilingan 245-son qarorini Prezidentning PF-5177-son Farmoni talablariga tezroq moslashtirish zarur va bunda uning yangi talablarini avvalgi holatlarga ham joriy etishni ko‘zda tutish maqsadga muvofiq bo‘lar edi, nazdimda. Aks holda, yuqoridagidek holatlarga yana duch kelish mumkin.
MChJ bilan yuz bergan holatlardan xabar topgan kishilarda tadbirkorlikka yoki ishlab chiqaruvchilarda eksport qilishga ishtiyoq qolishiga shubham bor. Davlatning oliy rahbariyati ham tadbirkorlarga keng yo‘l ochish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida kuyunib gapirayotgan bugungi kunda, valyuta tushumi bo‘yicha qonunchilik talabini bajarishga harakat qilgan, sudlashgan, sudda yutib, qisman bo‘lsa ham pul ijro hisobiga tushirilib, konvertatsiyani 8 oy kutishi sababli jarimaga tortgan tadbirkorni kim himoya qila oladi? Buni vaqt ko‘rsatadi!
Tolib Rahmatov
Mavzuga oid
15:42 / 29.06.2024
“Elektroset” ogohlantirmasdan svetni o‘chirsa, javobgarlikka tortish taklif etilmoqda - biznes ombudsman
08:08 / 10.06.2024
Toshkentda tadbirkorning 325 mln so‘mini o‘zlashtirgan ekspeditor aniqlandi
19:38 / 08.06.2024
Yakuniy benefitsiarlarni ochiqlash haqidagi qonun taqdiri nima bo‘ldi?
14:34 / 18.03.2022