O‘zbekiston | 13:40 / 29.01.2018
33593
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Isroilda o‘zi bilan bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab berdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 yanvar kuni Chiroqchi tumanida bo‘lib o‘tgan Qashqadaryo viloyati faollari yig‘ilishi vaqtida Isroilda o‘zi bilan yuz bergan voqeani esladi.

Isroildagi eng qimmat paxta navi «GDR 5» va «GDR 10» hisoblanadi. U gektariga 90 sentner hosil beradi. Bu paxta navini ekib, parvarishlab, shuning o‘sishini o‘sha yerda tashkillashtirgan odam hozir millioner bo‘lib ketgan.

Isroilda bo‘lganimda shu odam bilan ko‘rishdim. Yura Kinxasov degan odam. Katta zalda o‘tiribmiz. Men undan «Domla, bu paxtaning sirini aytsangiz, qaysi nav bilan qaysi nav chatishgan?», deb so‘radim. U «Bu narsani mendan so‘ramang, piching qilganday bo‘lyapsiz. Bu Buxoroda bir paytlar ekilgan 108 – F navi. Shuni urug‘ini olib kelib ekib, rivojlantirganman», deb javob berdi. Balki besh-oltita urug‘ni cho‘ntagiga solib olib ketib, u yerga borib shuning ustida ishlab, hosilni rivojlantirgandir. Lekin hozir millionlab pul topyapti. 

108 – F navini mana oqsoqollarimiz biladi, vegetatsiya davri 145 kun edi, lekin polvon paxta edi. Mana hozir «GDR 5» va «GDR 10» navi bo‘lib tanilib, o‘z egalariga millionlab foyda olib kelmoqda. Aytmoqchi bo‘lganim, biz o‘zimizdagi imkoniyatlardan, salohiyatdan yetarlicha foydalansak, bugungidek muammoli vaziyatlarga tushmagan bo‘lar edik», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltiradi «Kun.uz» muxbiri.

Mavzuga oid