Jahon | 21:10 / 30.01.2018
19619
2 daqiqa o‘qiladi

H&M "Alloh" so‘ziga o‘xshash naqsh tushirilgan bolalar paypoqlarini sotuvdan oldi

Foto: REX/Shutterstock

Shvetsiyaning eng yirik kompaniyalaridan biri hisoblangan H&M musulmonlardan kelib tushgan ko‘p sonli shikoyatlar asosida bolalar paypoqlarini do‘kon rastalaridan qaytarib olmoqda. E'tiborli xaridorlar bu paypoqlardagi naqshlar arab tilidagi "Alloh" so‘ziga o‘xshashini aytib, shikoyat qilishgan. Britaniyaning Daily Mirror gazetasi shu haqida xabar berdi. 

Manbada keltirilishicha, paypoqlarda Lego konstruktoridan yasalgan, qo‘lida qurilish asbobini  ushlab turgan quruvchi tasvirlangan. Uning uchidan esa "shubhali" naqsh ko‘rinib turibdi. 

H&M kompaniyasi rasmiy vakili Petr Bushingerning ta'kidlanishicha, bu mutlaqo tasodif. "Paypoqlardagi surat arab tilidagi "Alloh" so‘ziga o‘xshashi mutlaqo tasodif, - deydi u. - Biroq mijozlarimizning shikoyatlari sabab bu tovarni sotuvdan olishga qaror qildik".

Ta'kidlash joizki, bu shved kompaniyasining so‘nggi vaqtlarda duch kelayotgan birinchi mojarosi emas. Shu oyning boshida "Junglidagi eng zo‘r maymun" ("Coolest Monkey In The Jungle") yozuvi tushirilgan sviter kiygan qora tanli bolaning reklama surati juda ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi. Afrikalik kelib chiqishga ega aksariyat kishilar mazkur kontekstda maymunning tilga olinishini irqchilik ko‘rinishi deya baholashdi. Oxir-oqibat kompaniya ushbu reklama plakatidan voz kechdi va jamoatchilikdan uzr so‘radi.

Mavzuga oid