O‘zbekiston | 16:33 / 02.02.2018
33046
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Aripov Olmaotada taklif bilan chiqdi

Foto: primeminister.kz

MDH mamlakatlarining bundan keyingi iqtisodiy rivoji va jahon maydonida raqobatbardoshligini oshirish raqamli iqtisodiyotning samarali shakllanishi hamda taraqqiyotiga bog‘liqdir. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov «Globallashuv davrida raqamli kun tartibi» forumida ma'lum qildi. Bu haqda Zakon.kz yozmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turli mamlakatlarda raqamli iqtisodiyot har xil yo‘llar va sur'atlar bilan rivojlanadi, bu tabiiy jarayon. Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyot rivojlanishining barcha modellari uchun umumiy xususiyatlarni ajratib ko‘rsatish mumkin. Bu innovatsiyalarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar mavjudligi, investitsiyalar miqdoridir.

Aripovning ta'kidlashicha, O‘zbekiston prezidenti tomonidan 2018 yil faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb e'lon qilindi, maxsus davlat dasturi qabul qilindi. O‘zbekiston raqamli transformatsiya bosqichiga kirdi - innovatsion markaz yaratildi, elektron hukumat rivojlanmoqda, fuqarolarga yagona davlat xizmatlari portali orqali ko‘plab interfaol xizmatlar taqdim etilmoqda.

«An'anaviy moliya institutlari va innovatsion kompaniyalar o‘rtasida moliyaviy texnologiyalar sohasida integratsion hamkorlik uchun qo‘shma platformani yaratish zarur, deb hisoblaymiz. Bunday hamkorlik mamlakatlarimiz moliya bozorlarida raqamli innovatsion mahsulotlarni birgalikda tatbiq etishni tashkil qilish, shuningdek, blokcheyn, ochiq ma'lumotlar va boshqa texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha samarali yechimlar ishlab chiqish imkonini beradi», - dedi Abdulla Aripov. 

Shuningdek, u axborot xavfsizligi va ma'lumotlarni himoya qilish masalalari barcha MDH davlatlari uchun dolzarb ekanligini hamda O‘zbekiston qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid