Jahon | 10:04 / 03.02.2018
6360
3 daqiqa o‘qiladi

Aston Martin Valkyrie giperkari Oy changi qo‘shilgan bo‘yoq bilan bo‘yaladi

Foto: Aston Martin Valkyrie

Aston Martin Valkyrie giperkari ba'zi rakurslardan koinot kemasiga o‘xshab ketadi. Aynan shu jihat mijozlardan birini noodatiy g‘oyaga yetakladi. 

Cheklangan miqdorda chiqariladigan Aston Martin Valkyrie giperkarining bazaviy komplektatsiyasi 2,6 mln dollar turishi har bir mijozning uning “injiqliklari”ga mos o‘ziga xos mashina olishini anglatadi. Bunday katta pulga kim ham “bazaviy variant”ga buyurtma berardi? Biroq bir buyurtmachining “injiqligi” qolganlarnikidan “o‘tib tushdi”: u o‘z mashinasini haqiqiy Oy jinsi qo‘shilgan bo‘yoq bilan bo‘yatishga qaror qildi. Buning uchun millioner Oydan keltirilgan toshni sotib oldi: ushbu jins kukun holatigacha maydalanib, bo‘yoq bilan aralashtiriladi. Bunday “koinot qoplamasi” avtomobilsozlik sanoatida ilk bor qo‘llanmoqda.

Instagramda lamborghiniks niki ostida qayd qilingan ushbu mijoz uning “Valkiriya”si Lunar Red rangida bo‘lishiga qaror qildi. Oy jinsi changi mashina rangini qanchalik o‘zgartirishini oldindan aytish qiyindir. Ta'kidlanishicha, bo‘yoqda Oy changi qo‘llanganini ko‘z bilan xoynahoy ilg‘ab bo‘lmaydi. 

Bu bo‘yoq esklyuzivligi bo‘yicha “Rolls-Roys” uchun qo‘llangan, minglab mayda olmoslardan iborat Diamond Stardust rangini ham, “Nissan”ning yorug‘lanuvchi bo‘yog‘ini ham ortda qoldiradigan ko‘rinadi. 

Buyurtmachining fikricha, Valkyrie koinot kemasiga o‘xshagan avtomobil emas, balki avtomobilni eslatib yuboruvchi koinot kemasidir. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mashinaning gibrid kuch qurilmasi umumiy quvvati 1146 ot kuchini, mashina vazni esa haydovchi, benzin bilan birga 1030 kg ni tashkil qiladi. 1,8 tonnalik bosuvchi kuch mashinaga halqali trassalarni “Formula-1” bolidlari kabi o‘tishni ta'minlaydi. Kompaniya mashinaning oddiy yo‘llarga mo‘ljallangan versiyasidan 150 dona chiqarishidan tashqari, poyga treklariga mo‘ljallangan Valkyrie AMR Pro variantidan 25 dona chiqaradi. Aytish joizki, mashinaning u varianti ham, bu varianti ham allaqachon o‘z egalarini topib bo‘lgan.     

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish