Jahon | 10:56 / 07.02.2018
5511
3 daqiqa o‘qiladi

Finlyandiyada smartfondagi haydovchilik guvohnomalari sinovi boshlandi 

Foto: EAST NEWS

Finlyandiyada smartfondagi haydovchilik guvohnomalari sinovi boshlandi. Agar sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, unda finlyandiyalik haydovchilarga o‘zlari bilan haydovchilik guvohnomalari olib yurishga hojat qolmaydi, deb yozmoqda New Atlas. Uning o‘rniga maxsus dastur o‘rnatiladigan smartfon kifoya qiladi.

G‘oya mualliflarining ta'kidlashlaricha, bunda nafaqat haydovchilarga qulaylik yaratiladi: bugungi kunda telefondan ko‘ra guvohnomani uyda qoldirib ketish ehtimoli kattaroq. Bunday yechimdan haydovchilarni qayd qilish tizimi yutadi va samaraliroq bo‘ladi. Chunki raqamli hujjatlarda suratni almashtirish uchun ularning amal qilish muddati yakunlanishini kutishga, xato ketsa, yangidan chiqarishga hojat bo‘lmaydi. 

Bundan tashqari, nazorat qiluvchi idoralar interaktiv hujjat olishadi va bu hujjatda qoidabuzarliklar yoki aksincha ancha vaqtdan beri ularga yo‘l qo‘yilmagani haqidagi ma'lumotlarni kiritish mumkin bo‘ladi.

G‘oya mualliflarining aytishlaricha, dastur judda oddiy ishlaydi. U o‘rnatilgandan keyin foydalanuvchi milliy ma'lumotlar bazasida qayd qilinadi. Dastur har gal ochilganda, masalan, politsiyachiga ko‘rsatish uchun, u foydalanuvchining davlat idoralariga borganida olingan oxirgi surati bilan birga ma'lumotlar bazasidagi so‘nggi ma'lumotlarni chiqaradi.  

Tizim bir qator himoya funksiyalariga ega. Baza bilan har gal ishlanganda hujjatlarning haqiqiyligini o‘rnatishga imkon beruvchi maxsus QR-kod shakllantiriladi. Biroq Yevropa Ittifoqi hozircha virtual haydovchilik guvohnomalarini tan olmayapti. Shu sababli u hozircha Finlyandiyada an'anaviy haydovchilik guvohnomalariga qo‘shimcha sifatida qo‘llanishi mumkin.

Foto: EAST NEWS

Shunga o‘xshash sinovlar Xitoyda o‘tmoqda, biroq u yerda shaxsiy pasportlar raqamlashtirildi. Endi Uxan shahrida yashovchilar o‘zlari bilan pasport olib yurishlari kerak bo‘lmaydi. Ularga o‘z shaxslarini tasdiqlash uchun smartfon va maxsus dastur kifoya qiladi.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid