O‘zbekiston | 18:00 / 09.02.2018
20262
7 daqiqa o‘qiladi

Kasb-hunar ta'limi markazining asosiy vazifalari belgilab berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga sharh berildi.

Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 yanvardagi “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5313-son Farmonini ijro etish yuzasidan qabul qilindi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Kasb-hunar ta'limi markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz deb yuritiladi) tashkil etilmoqda.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilandi:

 - tasarrufida kasb-hunar kollejlari bo‘lgan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalar bilan birgalikda kasb-hunar ta'limi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, kasb-hunar ta'limini rivojlantirish bo‘yicha o‘rtacha va uzoq muddatli dasturlarni hayotga tatbiq etish va kasb-hunar kollejlarida o‘quv-tarbiya jarayoniga tashkiliy va metodik rahbarlik qilishni ta'minlash;

 - ish beruvchilarning ehtiyojlari va takliflaridan hamda ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, shuningdek, iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olib kasb-hunar kollejlarida o‘rta bo‘g‘inning mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarini tayyorlashning o‘quv rejalari va dasturlari ishlab chiqilishini tashkil etish;

 - yuqori professional rahbarlar va pedagog kadrlarni tanlash va ular bilan kasb-hunar kollejlarini ta'minlash, ularning malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirish, shuningdek, ular mehnatini rag‘batlantirish ishlarini tizimli asosda ta'minlash;

 - tizimning rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashning yangi shakllari va usullarini joriy etish;

 - respublikadagi barcha kasb-hunar kollejlari o‘quv-metodik ishini ularning idoraviy mansubligidan qat'i nazar, muvofiqlashtirish;

 - kasb-hunar kollejlarida ta'lim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, ta'lim jarayonini doimiy ravishda takomillashtirish;

 - umumta'lim maktablari 10-11-sinf o‘quvchilarining kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida kasb-hunar ta'limi jarayonini muvofiqlashtirish va metodik ta'minlash.

Shuningdek, Markaz huzuridagi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimi kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti hamda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarini axborot-metodik ta'minlash xizmati negizida Markaz huzurida Kasb-hunar ta'limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutini tashkil etish va unga quyidagilarni yuklash nazarda tutilmoqda:

 - ta'lim dasturlari tuzilmasi va mazmunini takomillashtirish ishlarini doimiy ravishda amalga oshirish, ta'limning umumiy metodologiyasi doirasida ularning samaradorligi va moslashishini ta'minlash, yangi o‘quv rejalari va dasturlarni ishlab chiqish va ularni o‘quv jarayoniga joriy etish;

 - tizimning pedagog kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashning yangi shakllari va usullarini joriy etish, zamonaviy ta'lim texnologiyalaridan foydalangan holda pedagog kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini boshqarishning yangi vertikalini tashkil etish.

Shu bilan birga, san'at, madaniyat va olimpiya zaxiralari kasb-hunar kollejlarini ixtisoslashtirilgan san'at va madaniyat maktab, maktab-internatlari va ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlariga aylantirish hamda ularning bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplomlar berish nazarda tutilgan.

Kasb-hunar kollejlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari belgilandi.

Kam ta'minlangan oilalardan o‘quvchilarni, idoraviy bo‘ysinishidan qat'i nazar, kasb-hunar (ko‘p tarmoqli) kollejlarida bepul o‘qitish tartibi belgilanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

 - ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Kasb-hunar ta'limi markazi to‘g‘risidagi nizomni;

 - uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasida kasb-hunar ta'limi to‘g‘risidagi nizomni;

2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda:

 - kasb-hunar ta'limining davlat ta'lim standartlarini;

 - kasb-hunar ta'limining yo‘nalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatorini;

 - kasb-hunar kollejlarida davlat granti asosida ta'lim olgan bitiruvchilarni, ularning egallagan kasbi bo‘yicha hududlarda kamida uch yil ishlab berish uchun ishga yuborish tartibini nazarda tutuvchi nizomni;

 - kasb-hunar kollejlariga o‘quvchilarni qabul qilish tartibini tasdiqlash yuklanmoqda.

Ushbu qarordan kelib chiqib, vazirliklar va idoralarga quyidagi vazifalarning bajarilishini ta'minlash, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarga amalga oshirish tavsiya etilgan:

 - o‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini, qoidaga ko‘ra, ishlab chiqarishning idoraviy mansub obektlarida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini keyinchalik ularda ishga joylashtirish maqsadida tashkil etish;

 - kasb-hunar kollejlarini saqlash, ularning xarajatlarini moliyalashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

 - kasb-hunar kollejlarining o‘zini o‘zi qoplashini oshirish maqsadida belgilangan tartibda ta'lim xizmatlari ko‘rsatilishini, faoliyatining tadbirkorlik, maslahatlar berish, ekspert, noshirlik, ishlab chiqarish, innovatsion va boshqa turlari niyo‘lga qo‘yish.

Ushbu qarorning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 yanvardagi “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  PF-5313-son Farmoni bilan belgilangan vazifalar bajarilishini ta'minlaydi.

Shu bilan birga, o‘rta bo‘g‘inning iqtisodiyotning talablari va o‘zgarishlari hamda texnologiyalar taraqqiyoti, mehnat bozorining tegishli talablari bilan birga qadam tashlaydigan raqobatbardosh, malakali kadrlarini tayyorlash tizimlashtirilmoqda, kasb-hunar ta'limi jarayoniga vazirliklar va idoralar, yirik ish beruvchilar va professional hamjamiyatlar jalb etilishi natijasida mutaxassislar tayyorlash samaradorligi va sifati oshadi.

Mavzuga oid