Jamiyat | 18:40 / 02.03.2018
26433
12 daqiqa o‘qiladi

Namanganda qog‘ozda ochiq, amalda yopiq ko‘cha mojarosi

«KUN.UZ» tahririyatiga Namangan viloyatidan navbatdagi murojaat kelib tushdi. Namangan shahridagi «Ifsarxon» mahalla fuqarolar yig‘ini, Navoiy 1-o‘tish ko‘chasida yashovchi fuqarolardan kelib tushgan murojaat anchagina bahsli. Unda shunday deyiladi:

«Biz yashab turgan ko‘chaga kiraverishga bino qurilib, yo‘l berkitib qo‘yildi. Natijada, ko‘chamizga maxsus xizmat mashinalari kirib-chiqishiga imkoniyat bo‘lmayapti. Mutasaddi tashkilotlarning mazkur joyda ko‘cha bo‘lishi zarurligi to‘g‘risidagi xulosalari borligiga qaramasdan qurilish ishlari davom ettirilib, ko‘chamiz batamom berkitildi. Ushbu murojaatimiz yuzasidan barcha hujjatlar bor. Rahbarlar arzimizni eshitishni xohlashmayapti. Sizlardan iltimos, ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatsangiz. «Isfarxon» MFY fuqarolari nomidan mehnat faxriysi Mamadali Hojiyev».

«KUN.UZ» tahririyatining viloyatdagi muxbiri mazkur masalaga aniqlik kiritish, bu borada fuqarolar va tegishli mutasaddilar fikrlarini o‘rganish maqsadida «Isfarxon» mahallasida bo‘ldi.

Xusanboy Yusupov, mehnat faxriysi:

«Mahallamizdagi yoshi ulug‘ mo‘ysafidlarning guvohlik berishicha, Namangan shahrini qo‘shni viloyatlar bilan bog‘lovchi «Boburshoh» prospektida joylashgan Navoiy 1-o‘tish ko‘chasi o‘tgan asrning elliginchi yillarida o‘tish yo‘li bo‘lgan. Keyinchalik sobiq kolxoz raisiga uy qurilgach, yo‘l berkitilgan. 2011 yili shahar markazida joylashgan bu hududda Birinchi Prezidentimiz qaroriga binoan keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. Ayrim xonadonlar buzilib, uning o‘rnida ko‘pqavatli uylar qurilishi natijasida yo‘l yana ochilgan.

Biroq qurilishi tugallanmagan binoni kengaytirayotgan Foziljon Inomov 2017 yilning oktabr oyi o‘rtalarida ko‘chamizga kiruvchi qatnov yo‘lini to‘sib, devor qurmoqchi bo‘ldi. Bu holatga e'tiroz bildirib, Namangan shahar hokimligiga murojaat qildik. Biroq shahar hokimi o‘rinbosari Anvar Tojimirzayev kelib, mavjud holatni chuqur o‘rganish, muammoni hal etish o‘rniga bizga baland ohangda gapirib, «hammamizning hovli joyimizni o‘rganish, tekshirish uchun guruh tashlashi, kerak bo‘lsa, xonadonlarimizni buzdirib tashlashi» bilan tahdid qildi. U ko‘cha berkitilishi, devor albatta qurilishini aytib, o‘zidan yoshi katta kishilarga baqira ketdi. U o‘zi bilan birga kelgan ichki ishlar xodimining bunday qilish noto‘g‘ri ish bo‘lishi haqidagi so‘zlariga ham quloq solmadi. Ko‘cha berkitilib, tunuka bilan to‘sib qo‘yildi.

Ma'lum bo‘lishicha, Navoiy 1-o‘tish ko‘chasining sharqiy tomoni Namangan shahar hokimining 2017 yil 13 noyabrdagi 1418-sonli qaroriga asosan «Boburshoh Namangan» mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilishi tugallanmagan mehmonxona binosining orqa tomonida qurilish ishlari olib borilayotgani sababli berkitib qo‘yiladi.

Ahmadjon Jamolov, shu ko‘chada istiqomat qiluvchi fuqaro:

«O‘tish yo‘limiz to‘sib qo‘yilgach, biz bir nechta davlat idoralariga murojaat qildik. Lekin bundan hech qanaqa ijobiy natija bo‘lmadi. Hatto, mahalladoshlarimiz Husanboy Yusupov va Mamadali Hojiyev ham bu masalani 2018 yil yanvar oyida viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning qabulida o‘tkazilgan muloqotda ham ko‘tarishdi. Ammo viloyat rahbari yo‘l bekitilishi, Farg‘ona vodiysida yagona muhtasham mehmonxona barpo etilishini ma'lum qilgan. Eng qizig‘i, shahar hokimligi, shahar prokuraturasi, arxitektura va qurilish bo‘limi kabi tashkilotlarga og‘zaki va yozma murojaatlarimizning barchasidan bir xil javob oldik: «Sizning murojaatingiz Namangan shahar hokimligi huzuridagi aholi punktlarini kompleks qurilishini nazorat qilish hududiy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishda mahalla fuqarolar yig‘inlari faollar ishtirokida ko‘rib chiqilishi haqida ma'lum qilinadi». Afsuski, komissiya deganlari mahalladan faollarni chaqirmasdan turib, o‘zlaricha muhokama o‘tkazib yuborishgan.

Ko‘chamizdagi mavjud 33ta xonadonda ikki yuzga yaqin kishi istiqomat qiladi. Qiynalib, ko‘chaning orqa tomonidan harakatlanishga majburmiz. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, hozir harakatlanayotgan ko‘chamiz nihoyatda tor bo‘lib, hovlilarga kirib-chiqishda bir qator noqulayliklar yuzaga keladi. O‘z navbatida, tibbiy yordam mashinalari ming mashaqqat bilan kirib chiqadi. Xudo ko‘rsatmasin, yong‘in yoki biron bir favqulodda ko‘ngilsiz hodisa yuz bergudek bo‘lsa, ayting, bizning holimiz haqida qaysi mutasaddi jonini koyitib, tashvish qiladi?»

Ko‘chasi berkitib qo‘yilgan, mahalliy davlat hokimiyati idoralaridan najot topa olmagan fuqarolar 2017 yil 3 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga murojaat etishlariga to‘g‘ri keldi. Mazkur murojaat 23 noyabr kuni Prezidentning Namangan shahridagi Xalq qabulxonasi tomonidan «Isfarxon» MFY, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Namangan shahar yong‘in xavfsiziligi bo‘limi, davlat sanitariya va epidemiologiya nazorati markazi, arxitektura va qurilish boshqarmasi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan joyida o‘rganib chiqildi. Ishchi guruh haqiqatan ham Navoiy 1-o‘tish ko‘chasida aholi zich joylashgani va favqulodda holatlarda avtomobillarning harakatlanishi qiyinligini inobatga olish haqida dalolatnoma tuzdi. Natijada, o‘tish yo‘lining qatnov qismini ochilishi ta'minlandi.

Ammo fuqarolar  bu quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Oradan 15 kun o‘tib-o‘tmasdan, aniqrog‘i Konstitutsiyamizning 25 yilligi nishonlangan 8 dekabrda tadbirkor Foziljon Inomov tomonidan fuqarolarga hech qanday izoh berilmagan holatda, o‘tish yo‘liga beton quyilib, devor bilan tiklab, o‘tish yo‘li yana berk holatiga keltirildi.

Shu o‘rinda bir mulohaza yuritamiz: odamlar Prezidentning Xalq qabulxonasiga murojaat etishgachgina muammo hal etildi. Odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchi ortganday tuyuldi. Murojaatdan mamnun bo‘lgan fuqarolar mamlakatimiz rahbariga minnatdorlik so‘zlarini bildirishdi. Muammoni yechdik, deya dalolatnoma ham tuzildi. Yo‘l ochildi-yu, barchasi «joyiga tushgach» yana berkitib qo‘yildi. Bu bilan mahalliy davlat idoralari mutasaddilari kimni aldashyapti o‘zi? Biz bunday ko‘zbo‘yamachilik bilan ishlashdan qanday manfaat topamiz. Prezidentimizning 2017 yil dekabr oyida Oliy Majlisga qilgan murojaatida qayd etilgan «O‘zimiz o‘zimizga xiyonat qilmasak, o‘zimiz o‘zimizni aldamasak, halol-pok bo‘lib mehnat qilsak, men aminman, ko‘zlagan barcha marralarimizga albatta yetamiz» degan fikriga Namangan viloyatidagi amaldorlarning munosabati shumi?!

Chunki, Namangan shahri Boburshoh ko‘chasi 8 «b» uyda joylashgan ko‘chmas mulk obektiga № 25024-raqamli kadastr hujjati hamda shahar hokimining 2017 yil 13 noyabrdagi 1418-sonli qaroriga asosan «Boburshoh Namangan» MChJga tegishli savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini o‘z ichiga olgan mehmonxona bino va inshootlari egallagan va rasmiylashtirib berilishi so‘ralgan. Tezlik bilan bu haqdagi loyiha taklifi tayyorlanib, tasdiqlatib olingan. Qolaversa, qurilish ishlarini kengaytirish uchun ikki xonadon buzdirilib, hovli joy hududi tadbirkor ixtiyoriga berib yuborilgan. Xonadon sohiblari esa boshqa yerdan uy-joy bilan ta'minlangan.

Achinarli tomoni shundaki, viloyat IIB yong‘in xavfsizligi boshqarmasi, viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi tomonidan Navoiy 1-o‘tish ko‘chasini berkitmaslik lozimligi haqida tadbirkor ogohlantirilishiga qaramasdan viloyat va shahar hokimliklari mutasaddilari tomonidan o‘tish yo‘li to‘sib qo‘yilishining oldini olish choralari ko‘rilmagan.

Jumladan, viloyat IIB yong‘in xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Abdurazzoq Abduxoliqov tomonidan 2017 yil 30 noyabrda imzolangan bildirishnomada jumladan shunday deyilgan:

«Namangan shahri Boburshoh ko‘chasida fuqaro Fozil Inamov tomonidan mehmonxona qurish davrida Namangan shahri Navoiy 1-o‘tish ko‘chasi berkitilgani va bu favqulodda vaziyat, tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish va boshqa xizmat avtomashinalari kirib chiqishiga to‘sqinlik qilishi to‘g‘risida tushuntirilib, ko‘chani to‘sib qo‘ygan materiallari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda oldirib tashlandi, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymasligi to‘g‘risida tushuntirildi».

2017 yil 12 dekabr kuni Namangan viloyati arxitektura va qurilish boshqarmasi boshlig‘i Ahmadjon Xolmirzayev tasdiqlagan xatda ham shu haqda quyidagicha so‘z boradi:

«Namangan shahridagi Xalq qabulxonasiga ushbu masala yuzasidan kelib tushgan murojaatni o‘rganish bo‘yicha tuzilgan guruh tomonidan 2017 yil 23 noyabr kuni tuzilgan dalolatnomani inobatga olib, viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi Namangan shahri Navoiy 1-o‘tish ko‘chasi aholi zich joylashgani va avtomobillar harakatlanishi qiyinligini inobatga olib, ko‘chani qatnov qismini ochish, maqsadga muvofiqligini bildiradi».

Mahalla fuqarolarining fikrlarini tinglab, masala yuzasidan fikrini eshitish hamda fuqarolar bilan masala joyida ko‘rib chiqilishiga ko‘maklashishini so‘rab, Namangan shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Tojimirzayevga qo‘ng‘iroq qildik. Afsuski, ushbu masalaga mas'ul bo‘lgan mutasaddi rahbardan jo‘yali javob ololmadik. Qolaversa, u fuqarolar bilan ko‘rishishga vaqti yo‘qligini ma'lum qildi.

Masala yuzasidan bizni qabul qilgan Namangan shahar hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov quyidagilarni ma'lum qildi:

«Bu masalani tegishli mutaxassislar bilan atroflicha o‘rganib chiqdik. Bu ko‘cha Namangan shahar Bosh rejasida berk ko‘cha sifatida belgilangan. Boburshoh ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan binoda ichki turizmni rivojlantirish, viloyatga turistlar oqimini ko‘paytirish maqsadida viloyat hokimligining sa'y-harakati bilan fuqaro Fozil Inamov tomonidan besh yulduzli mehmonxona barpo etilmoqda.

Besh yulduzli mehmonxona qurishning o‘ziga xos talab va shartlari mavjud. Mana shu talabdan kelib chiqqan holda, mehmonxona oldiga basseyn, dam olish xonalari, hovli sahni kabilarni ham qurishimiz kerak. Mehmonxona ishga tushgach, yangi 100ta ish o‘rni yaratiladi. Albatta, ish o‘rinlariga birinchi navbatda shu hududda yashovchilar tanlab olinadi. Ko‘cha masalasini mutaxassislar bilan joyiga borib, sizlar bilan yana atroflicha gaplashamiz. Balki, ko‘chaning tor qismlarini kengaytirish bilan bu muammoni yechish chorasini izlab ko‘rarmiz».

Hokimning fikrlarini eshitgan holda aytish lozimki, tadbirkorlik va turizmni rivojlantirish borasida chora-tadbirlar ko‘rilayotgani e'tiborga molik. Lekin bu ishlarni odamlarga noqulaylik keltirish, o‘tish yo‘lini butunlay to‘sib qo‘yish hisobiga kirishish to‘g‘rimi? Zero, barcha sa'y-harakatlarimiz zamirida xalqimiz manfaatlariga mujassam bo‘lishi shart.

Oqilxon DADABOYeV,

jurnalist.

Mavzuga oid