O‘zbekiston | 20:10 / 06.03.2018
13290
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Rossiya moliya vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 mart kuni ikki tomonlama idoralararo maslahatlashuvlar o‘tkazish uchun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasi moliya vaziri Anton Siluanovni qabul qildi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar, erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirilayotgani mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, ko‘p qirrali, shu jumladan, moliyaviy sohadagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotganini alohida ta'kidladi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugungi kunda ikki mamlakat moliya vazirliklari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum doirasida yaqin o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, yuqori toifada va ekspertlar darajasida ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazilmoqda, ilg‘or tajriba va axborot almashish borasida faol ish olib borilmoqda, qo‘shma dastur va loyihalar ishlab chiqilmoqda. 

Uchrashuvda moliyaviy sohadagi samarali muloqotni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. 

Moliya, soliq va bojxona organlarini modernizatsiya qilish, byudjyetni rejalashtirish, mahalliy byudjyetlar mutanosibligiga erishish, moliyaviy nazorat buyicha samarali mexanizmlarni takomillashtirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ilg‘or tajriba, texnologiyalar va bilimlarni jalb etish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish, Rossiyaning yetakchi ta'lim muassasalari negizida soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash borasida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. 

Rossiya moliya vaziri davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Hukumati Raisi Dmitriy Medvedevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Anton Siluanov Rossiya mamlakatlarimiz o‘rtasida moliyaviy sohadagi keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishdan manfaatdorligi, bu boradagi sheriklikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. 

Mavzuga oid