O‘zbekiston | 10:30 / 09.03.2018
10247
2 daqiqa o‘qiladi

Dushanbe va Toshkent bugun 140 mln dollarlik bitimlar imzolaydi

Foto: Sputnik

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha Dushanbeda 27 ta ikki tomonlama bitim imzolanishi rejalashtirilgan.

Ulardan eng muhimi ikki mamlakat fuqarolarining Tojikiston va O‘zbekiston hududida bir oygacha bo‘lgan muddatda vizasiz bo‘lishi to‘g‘risidagi kelishuvdir, deb xabar berdi «AP» Tojikiston hukumatidagi manbaga asosan.

Tomonlar ikki davlat chegarasini demarkatsiya va delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi bitimni imzolaydilar, bu esa davlat chegarasining bahsli uchastkalari to‘g‘risidagi masalaga yakun yasaydi, deya xabar qilishgan Tojikiston hukumatidan.

Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan 100 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit taqdim etish to‘g‘risidagi hujjat imzolanishi ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Transport, kommunikatsiyalar, Tojikiston hududlarida bir maktab va kasalxona qurilishining O‘zbekiston tomonidan moliyalashtirilishiga oid shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Bugun Dushanbe shahrida ikki mamlakat prezidenti ishtirokida o‘zbek tovarlari ko‘rgazmasi ochiladi. 8 mart kuni Dushanbeda Tojikiston va O‘zbekiston ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, unda tojik hamda o‘zbek biznesi yetakchi vakillari ishtirok etdi.

Dushanbeda bo‘lib o‘tgan biznes-forum va O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi yakuniga ko‘ra, 140 million dollardan ortiq shartnoma imzolanishi kutilmoqda, deb ta'kidlab o‘tishgan «AP» Tojikiston hukumatidan.

«Bu miqdor bugun Imomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng oshishi mumkin», - deydi manba. 

Mavzuga oid