O‘zbekiston | 21:45 / 09.03.2018
25984
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston – O‘zbekiston: Do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik shodiyonasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi davomida o‘tkazilgan samarali muzokaralardan so‘ng Dushanbe shahrining “Ko‘hi Borbad” san'at saroyida O‘zbekiston va Tojikiston san'at ustalari ishtirokida konsert bo‘lib o‘tdi, deb yozmoqda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining rasmiy sayti.

Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Imomali Rahmon ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida xalqlarimiz do‘stligining shonli an'analari bugun suv va havodek zarurligi, ushbu bebaho merosni asrab-avaylash va rivojlantirish kelajak avlodlar oldidagi muqaddas burchimiz ekanini ta'kidladi.

Biz o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasida do‘stlik ko‘prigini mustahkamlash bo‘yicha astoydil harakat boshladik. Niyatimiz yor bo‘lib, ezgu maqsadlarimizga erishamiz, inshoolloh. Biz do‘stlik va insoniylik nuqtai nazaridan qo‘shnilarimiz bilan, avvalo, qardosh Tojikiston bilan hamisha do‘st va birodar, hamkor va hamjihat bo‘lamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Keyingi paytlarda madaniy-gumanitar sohadagi aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. O‘tgan yili ikki mamlakatda O‘zbekiston va Tojikiston madaniyati va san'ati kunlari, ko‘rgazmalar, ijodiy safarlar va ko‘plab boshqa tadbirlar tashkil etildi. Xalqlarimiz madaniy hayotida muhim voqea bo‘lgan ushbu anjumanlar odamlarga katta quvonch bag‘ishladi.

Tojikistonlik ijodiy jamoalar Samarqandda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining doimiy ishtirokchilaridir. O‘zbekiston estradasining taniqli namoyandalari va Toshkent sirki ijodkorlari gastrollari bilan tojikistonlik san'at muxlislarini xushnud etib kelmoqda.

Bu galgi konsert ham O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari o‘rtasidagi madaniy yaqinlik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnilik munosabatlarining navbatdagi namoyishi bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi davom etmoqda.

 

Mavzuga oid