Sport | 20:40 / 12.03.2018
10935
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: «MYu» muxlisiga tupurgan Karrager ishdan chetlatildi

«Liverpul»ning sobiq futbolchisi, ayni vaqtda Sky Sports telekanalida ekspert sifatida ishlab kelgan Jyeymi Karrager «Manchester Yunayted» fanati va uning 14 yoshli qizi bilan sodir bo‘lgan hodisa tufayli ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Sky Sports xabar tarqatdi.

10 mart kuni o‘tkazilgan «MYu» — «Liverpul» (2:1) o‘yinidan keyin mankunianliklar jamoasi muxlisi avtomashinasida Karragerning avtomobilini yoniga kelib, unga hayqira boshlashgan: «Jyeymi, 2:1». Bunga javoban Karrager oynani ochgan va yondagi mashinaga qarata tupurgan. Fanatning so‘zlariga ko‘ra, Karragerning tupugi uning 14 yoshli qizi yuziga tekkan.

Karrager keyinroq muxlis va uning qizidan uzr so‘radi. U voqeaninng juda xunuk ekanini e'tirof etgan holda, jonli efirda «jabrlangan» oilaga qo‘ng‘iroq qildi. 

«Men bu ishni qilishim kerak emas edi. Bir narsa ikki-uch marta takrorlangandan keyin, o‘zimda emas edim. Aqlimni yo‘qotib qo‘ydim. Sizlardan uzr so‘rayman, o‘ylaymanki, muammo yo‘q», – dedi jonli efirda oila bilan aloqaga chiqqan Jyeymi Karrager. 

Qiz Karragerning uzrini qabul qildi, ammo Sky Sports rahbariyati «Liverpul»ning sobiq futbolchisini kechirmadi.

Eslatib o‘tamiz, Jyeymi Karrager «Liverpul» tarbiyalanuvchisi va afsonasi hisoblanadi. U 17 yil davomida klub sharafini himoya qilib, 500dan ortiq o‘yinlarda maydonga tushgan. 

Angliya Premer Ligasi 30-tur doirasida «Liverpul» shanba kuni ashaddiy raqibi «Manchester Yunayted» mehmoni bo‘lgan va 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi. O‘sha o‘yinni Karrager studiyada turib, tahlil qilgan va o‘zining tan olishicha, kayfiyati juda tushib ketgandi.

 

Mavzuga oid