Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2018 yilda amaldagi ta'til va ta'til haqi miqdori qanday hisoblanadi?
Yillik mehnat ta'tili vaqtida saqlanib qolinadigan o‘rtacha ish haqi miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma e'lon qilindi, deb yozmoqda Norma.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 28.12.2017 yildagi PF–5290-son Farmoni bilan 2018 yilda 3 ta qo‘shimcha dam olish kuni: 2 yanvar, 20 mart va 31 avgust berilgan. Ular byudjyet tashkilotlari xodimlari uchun majburiy. U yerda qo‘shimcha dam olish kunlari mehnat ta'tilining amaldagi muddatini qisqartirish bilan kompensatsiyalanadi.
Byudjyet tashkilotlari hisoblanmagan tashkilotlarda qo‘shimcha dam olish kunlari moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqib hamda ish beruvchilarning kasaba uyushmasi qo‘mitalari bilan kelishuviga ko‘ra qabul qilinadigan jamoa shartnomalari yoki boshqa lokal hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
Ushbu holatlarni inobatga olgan holda ta'tillarning amaldagi muddati va ta'til haqi hisob-kitobini tartibga soluvchi maxsus Yo‘riqnomani qabul qilish topshirildi.
Qo‘shimcha dam olish kunlari faqat byudjyet tashkilotlari uchun majburiy bo‘lgani bois Yo‘riqnoma ayni ularning xodimlariga nisbatan qo‘llanilishi mo‘ljallangan. Boshqa tashkilotlar uchun hujjat tavsiya tusiga ega.
Yo‘riqnoma ayrim ta'tillarga nisbatan tatbiq etilmaydi, sababi ularni qisqartirishga ruxsat berilmaydi. Ularga quyidagilar kiradi:
• ijtimoiy ta'tillar – homiladorlik va tug‘ish, bolani parvarishlash, o‘qish bilan bog‘liq va ijodiy ta'tillar;
• 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, shuningdek ishlayotgan I va II guruh nogironlari uchun yillik uzaytiriladigan asosiy ta'tillar.
O‘rtacha ish haqini hisoblab chiqishda ta'til beriladigan ish yilidan kelib chiqish zarur (kalendar yilga mos kelmasligi mumkin). Bunda Yo‘riqnomada mehnatga haq to‘lashning 3 ta tizimi uchun o‘rtacha ish haqini hisoblash tartibi belgilangan.
Yo‘riqnomada MKning 134-moddasiga muvofiq yillik asosiy mehnat ta'tili 15 ish kunidan kam bo‘lmasligi kerakligi inobatga olingan. Shu sababli uning muddati quyidagicha bo‘lganda:
• 15 ish kuni – qisqartirilmasligi;
• 16 ish kuni – qisqartirish 1 ish kunidan oshmasligi;
• 17 ish kuni – qisqartirish 2 ish kunidan oshmasligi;
• 18 ish kuni va undan ortiq – qisqartirish 3 ish kunidan oshmasligi kerakligi belgilangan.
Bunda ish yili bir yo‘la 3 ta qo‘shimcha dam olish kunini qamrab olmasligi mumkin. Shu sababli hujjat bilan munosib kompensatsiya ta'minlangan. Belgilanishicha, ta'tilning birinchi kuni quyidagi davrga to‘g‘ri kelsa:
• 2018 yilning 3 yanvaridan 21 martigacha – mehnat ta'tili 1 ish kuniga qisqartiriladi;
• 2018 yilning 21 martidan 1 sentabrigacha – mehnat ta'tili 2 ish kuniga qisqartiriladi;
• 2018 yilning 1 sentabridan oxirigacha – mehnat ta'tili 3 ish kuniga qisqartiriladi.
Ta'til muddati 6 kunlik ish haftasidan kelib chiqib (hatto tashkilotda 5 kunlik ish haftasi belgilangan bo‘lsa ham) kalendar bo‘yicha aniqlanadi. Ta'til muddatini hisoblashda unga to‘g‘ri keladigan dam olish kunlari (yakshanba), ishlanmaydigan bayram kunlari, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar hisobga olinmaydi.
Ishlangan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqiladigan ta'til muddati (pullik kompensatsiya miqdorini hisoblab chiqishda va mehnat shartnomasi bekor qilinganda mehnat ta'tilidan foydalanishda) standart ravishda: belgilangan yillik mehnat ta'tilini 12 ga bo‘lish va to‘liq ishlangan oylar soniga ko‘paytirish orqali aniqlanadi. Bunda o‘n besh va undan ortiq kalendar kuniga teng bo‘lgan ortiqcha kunlar bir oygacha yaxlitlanadi, o‘n besh kalendar kunidan kam bo‘lgan kunlar esa chiqarib tashlanadi. Yo‘riqnomada bu holda qo‘shimcha dam olish kunlarini chegirish zarur deb aytilmaganligiga e'tibor bering.
Buning uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 6 kunlik ish haftasidan kelib chiqib har yili tasdiqlanadigan tegishli yil uchun ish vaqti balansi hisob-kitobini olish zarur. 2018 yilda bu – 301 ish kuni, o‘rta hisobda esa oyiga 25,1 ish kuni.
O‘rtacha ish haqini 25,1 ga bo‘lish va qo‘shimcha dam olish kunlarini chegirmasdan belgilangan ta'til kunlari soniga ko‘paytirish zarur.
Hujjat 17.03.2018 yildan kuchga kirdi.