21:04 / 31.03.2018
27448

​Bosh vazir Abdulla Aripov barchani Kemerovo fojiasidan tegishli xulosa chiqarishga chaqirmoqda

Foto: Sputnik Uzbekistan

Bugun, 31 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida selektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilish kun tartibida “Savdo-ko‘ngilochar va odamlar ko‘p to‘planadigan boshqa majmualarda yong‘in bilan bog‘liq va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlarni oldini olish holati hamda belgilangan profilaktika tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha rahbar xodimlarning shaxsiy mas'uliyatini oshirish haqida”gi masala ko‘rildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi. 

Ma'lum qilinishicha, tuman va shahar studiyalarida mahalliy hokimlar va ularning o‘rinbosarlari, ichki ishlar, soliq idoralari, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, yong‘in xavfsizligi va boshqa kun tartibidagi masalaga aloqador tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Selektor yig‘ilishida Bosh vazir Abdulla Aripov viloyat va hududlardagi savdo ko‘ngilochar va odamlar ko‘p yig‘iladigan boshqa majmualardagi ayni paytdagi holatni tahlil qilib, mavjud kamchiliklarni tanqid ostiga oldi. Shuningdek, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli vazifalarni belgilab berdi. Rossiya federatsiyasining Kemerovo viloyatidagi ko‘ngilochar majmuada sodir bo‘lgan yong‘inning og‘ir oqibatlaridan tegishli xulosa chiqarish zarur ekanligini ta'kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Zufarov va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari kun tartibidagi masala bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab olish bo‘yicha so‘z oldi.

Top