O‘zbekiston | 22:30 / 02.04.2018
14230
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident Qurilish vazirligi faoliyatiga doir qarorni imzoladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga muvofiq«Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi» davlat unitar korxonasi tashkil qilinadi va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

- belgilangan tartibda shaharsozlik hujjatlari ekspertizasini tashkil etish va o‘tkazishni ta'minlash:
- arxitektura-rejalashtirish va shaharsozlik yechimlari darajasini oshirish;
- loyiha ishi va qurilish ishlab chiqarishni takomillashtirish, loyihalash va qurilish sohasida ilg‘or tajribani o‘rganish va ommalashtirish;
- shaharsozlik faoliyati sohasida buyurtmachilar, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar va boshqa tashkilotlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish.

O‘rnatilgan tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan tadbirkorlik sub'yektlari ham ushbu bandda nazarda tutilgan vazifalarni bajarish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bir oy muddatda «Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi» davlat unitar korxonasining ustavini ishlab chiqadi va uning o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi markaziy apparati O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlari cheklangan soni 81 nafar etib belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vaziriga:

- zarur bo‘lganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan shtatlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Vazirlik va idoraviy mansub tashkilotlarning tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;
Vazirlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan vazirlikning qo‘shimcha xodimlar shtat birliklarini kiritish;
Vazirlikka yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyihalar institutlari, ilmiy-ta'lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va chet el kompaniyalarining yuqori malakali mutaxassislarini maslahatchi sifatida jalb etish;
yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ularga ish haqi va boshqa to‘lovlar miqdorini belgilash huquqi beriladi.
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori ishga qabul qilishda xodimlar ma'lumotining eng past darajasi, ishchilar kasblari bo‘yicha malaka razryadlarini belgilash yuzasidan tegishli yo‘nalishda xorijiy oliy ta'lim muassasalarini tamomlagan mutaxassislarga nisbatan vazirlikda qo‘llanilishi, istisno tariqasida, tavsiyaviy xarakterga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vaziri, shuningdek, uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Vazirlik tizimidagi xodimlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ustama haqlari va qo‘shimcha to‘lovlardan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Qurilish vaziri tomonidan tasdiqlanadigan qurilish sohasi xodimlari faoliyatini baholashning reyting tizimiga muvofiq aniqlanadigan mehnatdagi yuqori natijalari uchun jamg‘arma mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorlarda rag‘batlantiruvchi to‘lovlar amalga oshiriladi:

- lavozim maoshiga nisbatan 50 foiz - 70 balldan 80 ballgacha to‘plagan xodimlarga;
- lavozim maoshiga nisbatan 100 foiz - 80 balldan 90 ballgacha to‘plagan xodimlarga;
- lavozim maoshiga nisbatan 200 foiz - 90 balldan 100 ballgacha to‘plagan xodimlarga.

Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 3 sentabrdagi «Byudjyet tashkilotlarini mablag‘ bilan ta'minlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 414-sonli qarorining byudjyetdan tashqari mablag‘larni ishlatish qismidagi talablari vazirlikka joriy etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Qurilish vazirligi va jamg‘arma to‘g‘risidagi nizomlarni, jumladan, jamg‘armaning daromad manbalarini aniqlashtirgan holda, shuningdek, vazirlik huzuridagi qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi tuzilmasini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Qurilish vazirligining buyurtmalari bo‘yicha yuklatilgan vazifalarni ijro etish uchun jalb etilayotgan chet el mutaxassislariga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik vizalar rasmiylashtiradi, shuningdek, ularni vaqtinchalik propiska qilish, turgan joyi bo‘yicha hisobga olish hamda ularning uzaytirilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Qurilish vazirligining buyurtmalari bo‘yicha yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun respublikaga chet el mutaxassislarini jalb etishga ruxsatnomalar berilishi, shuningdek, ularga respublika hududida mehnat faoliyatini olib borish huquqiga tasdiqnomalar berilishini ta'minlaydi.

Qurilish vazirligi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid