Jahon | 20:00 / 04.04.2018
9882
2 daqiqa o‘qiladi

Anqara uchrashuvida muhim kelishuvlarga erishildi

Foto: Anadolu

Turkiya, Rossiya va Eron Suriyaning hududiy yaxlitligi va daxlsizligiga amal qilish bo‘yicha umumiy fikrga kelishdi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin turkiyalik va eronlik hamkasblari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Hasan Ruhoniy bilan Anqarada o‘tgan uchtomonlama uchrashuv yakunida aytib o‘tdi.

Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, sammitda Suriyadagi vaziyatning asosiy jihatlari muhokama etilgan va bu mamlakatda tinchlikka erishish bo‘yicha fikrlar almashilgan.

«Hamkasblarimiz bilan muhim kelishuvga erishdik. Bu kelishuv bizning qo‘shma bayonotimizda aks etgan. Turkiya, Rossiya va Eron Suriya suvereniteti va hududiy yaxlitligini yoqlab chiqdi», - degan Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim kuchlar diniy va etnik mojarolarni qo‘zg‘ab, Yaqin Sharqdagi ziddiyatlar o‘chog‘i saqlab qolinishini istamoqda.

Putinning qayd etishicha, Rossiya, Eron va Turkiya Ostonadagi muzokaralarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun barcha sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olishgan.

Rossiya prezidentining ta'kidlashicha, garant davlatlar (Rossiya, Turkiya va Eron) amalga oshirgan sa'y-harakatlar evaziga Suriyadagi zo‘ravonlik birmuncha pasaydi va IShID egallab olgan hududlarning katta qismi ozod etildi va boshqa terrorchi guruhlarning pozitsiyalari kuchsizlantirildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid