Jahon | 10:36 / 07.04.2018
8919
3 daqiqa o‘qiladi

Belarusda konstitutsiya nega o‘zgartirilmoqchi?

Foto: Sputnik / Viktor Tolochko

Belarus hukumatini iqtisodiy va siyosiy chaqiriqlar hamda xavfsizlikka tahdidlar konstitutsiyani o‘zgartirish haqida o‘ylab ko‘rishga majburladi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey ma'lum qilgan.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mart oyida mamlakat konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish bo‘yicha masalani muhokama qilishga asta-sekin kelayotgani haqida aytgandi. Shu sababdan u asosiy qonunni tahlil qilish va tegishli takliflar tayyorlash lozimligini ma'lum qilgan. Shu bilan birga, Lukashenko konstitutsiyaga o‘zgartirishlar masalasi bo‘yicha faqat umumxalq referendumi tarafdori ekanini ta'kidlab o‘tgan.

"Bugun biz konstitutsiyani o‘zgartirish haqida o‘ylamoqdamiz. Belarus va uning atrofidagi vaziyat o‘zgardi. Ko‘plab holatlar, chaqiriqlar paydo bo‘ldi, hamda biz ularni hisobga olishimiz darkor", - dedi Makey. TIV rahbari Euronews telekanaliga bergan intervyusida shunday bayonot bilan chiqqan.

U gap qanday chaqiriqlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritib, Belarus atrofidagi vaziyatga qarashga chaqirdi. "Birinchi navbatda, gap barqarorlik va xavfsizlik masalalari haqida ketmoqda: Ukrainadagi inqiroz, Rossiya va YeI o‘rtasidagi sanksiyalar mashmashasi. Biz iqtisodiy sohada iqtisodiy urushlarga ham guvoh bo‘lmoqdamiz, bunda Transatlantik hamkorlik doirasidagi so‘nggi to‘qnashuvlarni eslash kifoya... Chaqiriqlar yetarli, biz ularni e'tiborga olishimiz shart", - deya ta'kidlab o‘tdi vazir.

Shuning uchun, deya davom etgan u, Minsk “konstitutsiyaning ba'zi bandlarini yaxshilash” ustida o‘ylamoqda. "Bu o‘zgarishlar iqtisodiy, saylov va boshqa sohalardagi qonunchilikning o‘zgarishiga olib kelishi aniq", - deya ma'lum qildi TIV rahbari.

Makey YeXHTning tavsiyalariga muvofiq mamlakat saylov qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritish masalasi haqidagi savolga javob berar ekan, bu tashkilotning ko‘plab tavsiyalari avval qabul qilinganini aytdi. "Alohida tavsiyalar hali muhokama qilinmoqda. Biz rad etmayapmiz hamda bu tavsiyalar ustida ishlashga tayyormiz", - dedi u.

Makey Belarusda o‘lim jazosini bekor qilish istiqbollari haqida to‘xtalib, 1996 yilgi referendum davomida aholining 82 foizi o‘lim jazosini bekor qilishga qarshi ovoz berganini ta'kidlab o‘tdi. "O‘lim jazosi bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘zgartirish uchun jamiyat bilan ishlash kerak, shuningdek, Yevropa davlatlarining ijobiy tajribasini o‘rganish lozim. Biz bu maqsadga qisqa muddatlarda yeta olamiz, deb o‘ylamayman, biroq unga asta-sekin yaqinlashmoqdamiz. Bu ishni davom ettirish juda muhim", - deya qayd etib o‘tdi u.

Mavzuga oid