O‘zbekiston | 15:05 / 09.04.2018
7207
6 daqiqa o‘qiladi

Aholiga kinovideo xizmati ko‘rsatish tartibi belgilandi

Foto: Illyustrativ surat

Respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini ta'minlashga yo‘naltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan «O‘zbekkino» Milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda «O‘zbekkino» MA deb ataladi) va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining «O‘zbekkino» MA tizimida «Respublika kinoprokat markazi» davlat unitar korxonasini (keyingi o‘rinlarda «Respublika kinoprokat markazi» DUK deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Quyidagilar «Respublika kinoprokat markazi» DUKning asosiy vazifalari etib belgilandi:

respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini ta'minlashga yo‘naltirilgan respublika kinoprokat tizimini (keyingi o‘rinlarda kinoprokat tizimi deb ataladi) tashkil etish;

kinoprokat tizimini rivojlantirish va takomillashtirish, aholiga kinovideo xizmati ko‘rsatish bo‘yicha maqsadli dasturlar hamda loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;

filmlarni namoyish qilish faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub'yektlarini kinoprokat tizimiga ixtiyoriy jalb qilishni tashkil etish, ushbu tizimga jalb qilingan tadbirkorlik sub'yektlarini filmlar bilan ta'minlash;

mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va xorijdan olib kiriladigan filmlarning respublika hududidagi kinoprokati bo‘yicha distribyuterlik faoliyatini amalga oshirish, shuningdek, milliy filmlarni xalqaro kinoprokatga olib chiqish;

zamonaviy xalqaro andozalarga muvofiq kinoteatr va kinozallarda yagona texnologik standartlarni shakllantirish va joriy qilishda ishtirok etish.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi «O‘zbekkino» MA bilan birgalikda:

bir oy muddatda «Respublika kinoprokat markazi» DUK bazasida «O‘zbekkino» MA tizimidagi kinoteatrlarning birlashtirilishi va xususiy kinoteatrlarning o‘zaro manfaatli shartlar asosida ixtiyoriy kirishini nazarda tutuvchi yagona respublika kinoprokat elektron tarmog‘ini ishlab chiqish;

2018 yil 1 iyundan boshlab filmlarning kinoteatrlarga raqamli yetkazilishini ta'minlash maqsadida ushbu bandning ikkinchi xatboshida ko‘rsatilgan kinoteatrlarni optik tolali aloqa liniyasi orqali yagona respublika kinoprokat elektron tarmog‘iga bosqichma-bosqich ulash;

2019 yil 1 yanvardan boshlab ushbu bandning ikkinchi xatboshida ko‘rsatilgan kinoteatrlarda elektron kinochiptalarning tezkor hisobini yuritish va sotishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish bo‘yicha choralar ko‘radi.

Belgilanishicha, hududlarda yagona repertuar siyosatini amalga oshirish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirish va nazorat qilish, shuningdek, aholiga kinovideo xizmati ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishini ta'minlash «O‘zbekkino» MAning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

«O‘zbekkino» MA va «Respublika kinoprokat markazi» DUKning «Respublika kinoprokat markazi» DUK tarkibida kinoprokat tizimining yillik repertuar rejasiga kiritiladigan milliy va xorijiy filmlarning maqbul nisbatini belgilab beruvchi metodik kengash faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

«O‘zbekkino» MA va O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Toshkent shahri Mirobod tumani Mirobod ko‘chasi 25-uy manzilida joylashgan binolarni tegishli hududi bilan birgalikda fasad va tashqi muhandislik kommunikatsiyalarini ta'mirlash bo‘yicha ilgari ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari narxini hisobga olgan holda «Respublika kinoprokat markazi» DUKga operativ boshќaruv huquqi bilan bepul berish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ushbu binolar topshirilishini, «Respublika kinoprokat markazi» DUK qabul qilib olinishini hamda ulardan samarali foydalanilishini ta'minlaydi.

Qaror bilan Aholiga kinovideo xizmati ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Nizomga ko‘ra: «O‘zbekkino» Milliy agentligi tizimidagi kinovideo-tomosha tashkilotlariga kirish chiptalari narxi Agentlik tomonidan, boshqa kinovideo-tomosha tashkilotlariga kirish chiptalarining narxi ushbu tashkilotlarning o‘zlari tomonidan mustaqil belgilanadi; kinovideo-tomosha tashkilotlari muayyan kinoseans boshlanishidan kamida 30 daqiqa avval belgilangan kinoseansga chiptalar savdosini boshlashi shart; kinozalga kirish seansdan kamida 15 daqiqa oldin boshlanadi; yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar voyaga yetgan kuzatuvchi hamrohligida, bolalar uchun belgilangan narxlarda kirish chiptasi bilan kinozalga kiritiladi; repertuarda rejalashtirilgan film kinoseans uchun kinozalga yig‘ilgan tomoshabinlarning sonidan qat'i nazar chipta sotilgan bo‘lsa namoyish qilinishi shart; kinoseans vaqtida videokamera, telefon, planshet va boshqa raqamli elektron jihozlardan foydalanish, namoyish etilayotgan filmni video-foto tasvirga olish, baland ovozda gaplashish va boshqa tomoshabinlarga xalaqit berish taqiqlanadi; kinovideo-tomosha tashkilotlari kinofilmlarni sifatli namoyish qilish, tomoshabinlarga sifatli xizmat ko‘rsatish, hojatxona, ona va bola xonasi, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish vositalaridan bepul foydalanishga imkoniyat yaratib berilishi shart.

 

Mavzuga oid