Jahon | 08:39 / 12.04.2018
15855
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida uning tarixidagi ilk Ayollar modasi haftaligi boshlandi  

Foto Getty Images/AFP/F.Nureldine

Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda qirollik tarixida ilk bor o‘tayotgan Ayollar modasi haftaligi boshlandi. Bu haqda Deutsche Welle nashri ma'lum qildi. 
     
Ta'kidlanishicha, 4 kun o‘tadigan tadbirda qat'iy tartib-qoidalar amal qiladi: tomosha zalida faqatgina ayollar bo‘lishiga ruxsat etilgan, suratga olish taqiqlangan. Moda haftaligida ishtirok etish uchun Ar-Riyodga jahon moda yulduzlari, jumladan Roberto Kavalli va Jan-Pol Gote kabi mashhur kutyurelar kelishgan.

Ayollarga abaya va niqob kiyib yurish belgilangan Saudiya Arabistonida moda haftaligi o‘tishi siyosiy signal sifatida qabul qilinmoqda. 2017 yil sentabrda qirol Salmon mamlakatni modernizatsiyalash jarayoni boshlanganini e'lon qilgandi.  

Jumladan, 2018 yildan ayollarga mashina haydash, futbol uchrashuvlariga tashrif buyurish, turmush o‘rtoqlari ruxsatisiz shaxsiy ish boshlashga ruxsat berilgan. Bundan tashqari, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon kelajakda ayollar kiyimi borasida ba'zi erkinliklar berilishini ma'lum qilgan.    

Yaqin kunlarda Saudiya Arabistonida 35 yil ichidagi ilk kinoteatr ochilishi kutilmoqda. AQShning AMC Entertainment Holdings Inc. tarmog‘ining kinoteatri Ar-Riyodda 18 apreldan ishlay boshlaydi, 2030 yilgacha esa mamlakatda 350ga yaqin kinoteatr ochilishi rejalashtirilgan.  

Mavzuga oid