O‘zbekiston | 17:18 / 27.04.2018
7873
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tashqi reklama sohasi tartibga solinadi

Foto: Kun.uz

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida tashqi reklama sohasidagi faoliyatni tartibga solish chora-tadbirlari loyihasi muhokama qilinmoqda.
 
Davlat organlarining vakolatlari aniqlashtiriladi
 
Norma’ning yozishicha, tashqi reklama sohasini tartibga solish vazifalari quyidagicha taqsimlanishi taklif etilmoqda:

• Vazirlar Mahkamasi – aholi punktlari arxitektura qiyofasini hisobga olgan holda tashqi reklama obektlarini joylashtirish tartibini, shu jumladan reklama konstruksiyalari tashqi ko‘rinishiga qo‘yiladigan asosiy talablarni tasdiqlash, shuningdek mintaqalar bo‘yicha tabaqalashtirilgan tashqi reklamani joylashtirish huquqi uchun yig‘im miqdorini belgilash; 
• Qurilish vazirligi – tashqi reklama obektlari, shu jumladan reklama konstruksiyalarini qurishda shaharsozlik normalariga rioya etilishini nazorat qilish;
• Davlat raqobat qo‘mitasi – reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shu jumladan uning mazmuni va joylashtirilishi talablariga rioya etilishi, shuningdek yig‘im va reklama sohasida statistikani umumlashtirish ustidan nazorat qilish;
• «E-IJRO AUKSION» – ochiq elektron auksionlar o‘tkazish vositasida yer uchastkalarida tashqi reklama obektlarini qurish huquqini taqdim etish (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno);
• tuman (shahar) hokimliklari qurilish organlari va Davlat raqobat qo‘mitasi bilan birgalikda – tashqi reklama obektlarini qurish uchun beriladigan yer uchastkalari ro‘yxatini shakllantirish, shuningdek ularning joylashuv kartalarini (sxemalarini) tuzish va veb-saytlarida e'lon qilish.
 
Davlat muassasalari binolariga reklamani joylashtirishga ruxsat beriladi
 
Davlat boshqaruvi organlari va davlat tashkilotlari ularga tegishli binolarni (boshqa mol-mulkni) tashqi reklama uchun taqdim etadilar. Ular bilan reklama tarqatuvchilar va «Ijara markazi» DUK shartnoma tuzadi.
 
Bunda reklamani joylashtirish uchun ajratilgan umumiy vaqtning kamida 20%i ijtimoiy reklamaga ajratiladi. Ijtimoiy reklamani joylashtirishning eng kam hajmi («Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 16-moddasi) har bir tashqi reklama obekti bo‘yicha hisoblanadi.
 
«Reklamadan xoli zonalar» tashkil etiladi
 
Tumanlarda (shaharlarda) «reklamadan xoli zonalar» tashkil etiladi. Ular davlat hokimiyat organlari, madaniy-tarixiy, diniy va tabiatni muhofaza qilish obektlari joylashgan joylarda bo‘ladi. Bu haqda aholiga va tadbirkorlik sub'yektlariga xabar qilinadi.
 
U yerda elektron auksionlar yakunlari bo‘yicha tashqi reklama obektlarini qurish huquqini olgan va mazkur zonalar infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashish majburiyatini qabul qilgan investorlargina tijoriy tashqi reklamalarni joylashtirishlari mumkin bo‘ladi.
 
Axloq qoidalariga zid reklamalarga ruxsat berilmaydi
 
«Toshkent reklama servis» DUK tugatiladi. Uning o‘rniga «Tasviriy oyina» ijodiy birlashmasining poytaxt filiali ochiladi. Bu tashkilot reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini ta'minlaydi. Asosiysi – tashqi reklamada axloq va ma'naviyatning umum e'tirof etilgan normalariga tajovuz qilinishiga, o‘sib kelayotgan avlodga salbiy ta'sir etuvchi destruktiv ma'lumotlar berilishiga yo‘l qo‘ymaslik.
 
Birlashma shartnoma asosida ijtimoiy va tijoriy tashqi reklama g‘oyasi, mavzusi va eskizlarini ixtiyoriy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatadi.
 
Reklamani noqonuniy joylashtirganlik uchun jarimalar joriy qilinadi
 
Tashqi reklama obektlarini (reklama konstruksiyalarini) noqonuniy joylashtirganlik uchun ma'muriy javobgarlikni joriy qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.
 
Eslatib o‘tamiz, hozirgi vaqtda reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun (MJTKning 178-1-moddasi), pornografik mahsulotlarni (MJTKning 189-moddasi) va zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni reklama qilganlik uchun (MJTKning 189-1-moddasi) ma'muriy jarimalar amal qilmoqda.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid