Jamiyat | 01:14 / 28.04.2018
128672
5 daqiqa o‘qiladi

3 opa-singil o‘limi bilan bog‘liq qo‘shimcha tafsilotlar berildi

KUN.UZ sayti orqali Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi bir oilaning uch qizi birin-ketin halok bo‘lganligi haqida qisqa xabar berilgan edi.

Marhuma qizlarning ota-onasi KUN.UZ tahririyatiga murojaat qilib tayinlangan ekspertizalar to‘liq, qonunan o‘tkazilishi va sud adolat o‘rnatib, ishning xolis ko‘rilishi jarayonlarini to‘liq yoritib berishimizni iltimos qilishdi.

KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, jabrlanuvchilarning qizlari — 2010 yilda tug‘ilgan Munisa Qosimova, 2011 yilda tug‘ilgan Muxlisa Qosimova va 2013 yilda tug‘ilgan Mohira Qosimova 7 noyabr kuni ota-onasi bilan birga ovqatlangandan so‘ng, 8 noyabr kuni tungi soat 03:30 lar atrofida ko‘ngillari aynib, qayt qilishni boshlashgan.

Ko‘ngil aynishi va qayt qilish ertalabgi soat 10 larga qadar davom etgan. Qizlar soat 10 lar atrofida 21-sonli oilaviy poliklinikaga olib kelingan. Sudlanuvchi shifokor Gulchehra Adilova bemorlarni belgilangan tartibda — mutaxassislarni jalb qilmay, to‘liq tekshirmay, mas'uliyatsizlarcha «oshqozon-ichak trakti funksiyasi buzilishi», degan oddiy taxmin bilan ularga «Smekta», «Tserukal», «Imudon» va «Kreon» dori mahsulotlarini iste'mol qilishlarini va uy sharoitida davolanishlarini tavsiya qilib, qizlarni qaytarib yuborgan.

Biroq buning oqibatida voyaga yetmagan qizlarning qon tomirlariga «Enalapril» gipotenziv moddasining intensiv so‘rilish jarayoni davom etib, ushbu modda to‘planishi (konsentratsiya) maksimal darajaga yetganligi va natijada ularning sog‘lig‘i keskin yomonlashib, tana harorati pasayishi, qo‘l-oyoqlarning uvishishi, teri ranglarining oqarishi, lab sohalarining ko‘karishi, qayt qilish darajasi kuchayishi, qon aralash qayt qilish holati vujudga kelganligi, miya faoliyatida o‘zgarishlar paydo bo‘lgach, bemor qizlar ota-onasi tomonidan 2017 yil 8 noyabr kuni kech soat 21:50larda  o‘ta og‘ir holatda Respublika Ilmiy amaliy pediatriya ilmiy tekshirish markaziga olib kelingan.

U yerda ikkinchi sudlanuvchi shifokor Nodir To‘laganov Mohirani markazning jonlantirish bo‘limiga jo‘natgan. Lekin Mohira jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Munisa va Muxlisalarning hayoti ham xavf ostida bo‘lishiga, yuragi tez urishi va ularning harorati yuqori bo‘lishiga qaramay, ularning mushaklari orasiga «Deksametazon-4» preparatidan 1,0 ml miqdorda inʼeksiya yuborish bilan chegaralangan.

Shuningdek, sudlanuvchi shifokor To‘laganov o‘z kasbiga nisbatan beparvolik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli qizlarning gemodinamik ko‘rsatkichlarini o‘lchamasdan, ahvolini to‘g‘ri baholamasdan va infeksionist, toksikolog, reanimatolog hamda boshqa tor mutaxassislarni chaqirib, ular yordamida qizlarni obektiv ko‘rikdan va tibbiy diagnostikani o‘tkazish, shu yo‘l bilan to‘g‘ri tashxis qo‘yish choralarini ko‘rmagan.

O‘zining shaxsiy tusmoli va taxminlariga ko‘ra Qosimova Munisa va Muxlisalarga ilmiy va amaliy jihatdan asoslantirilmagan «oziq-ovqatdan zaharlanish», degan noto‘g‘ri tibbiy tashxis qo‘yib, O‘zbekiston Respublikasi «Fuqarolarning sog‘ligini saqlash to‘g‘risida»gi Qonunining 30-moddasi va amaldagi boshqa tibbiy standartlar talablarini qo‘pol ravishda buzib, qizlarning hayoti xavf ostida ekanligini, ular shoshilinch, malakali tibbiy yordamga muhtoj holatda ekanligini anglagan holda, ularni Respublika Ilmiy amaliy pediatriya ilmiy tibbiyot markazining jonlantirish bo‘limiga gospitalizatsiya qilib, reanimatolog va boshqa tor mutaxassislar ko‘rigini tashkillashtirish, obektiv tashxis qo‘yish va zudlik bilan ularning hayotini saqlab qolishga qaratilgan shoshilinch tibbiy muolajalarni ko‘rsatish choralarini ko‘rish o‘rniga, aksincha, bu bemor qizlarni tez tibbiy yordam xodimlari orqali Uchtepa tumanida joylashgan EMYuKITI (Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar) klinikasiga yuborgan.

Noto‘g‘ri tibbiy tashxis qo‘yilganligi, qizlarning hayotini saqlab qolish uchun yetarli bo‘lgan vaqt boy berilib, ular EMYuKITI klinikasiga o‘ta og‘ir holatda olib kelinganligi natijasida, mazkur tibbiyot muassasasida ko‘rsatilgan, shu jumladan, kechiktirib bo‘lmaydigan reanimatsion muolajalar va tadbirlarga qaramasdan, 2017 yil 9 noyabr kuni soat 01:20da Qosimova Munisa, 03:30 da Qosimova Muxlisa EMYuKITI klinikasining jonlantirish bo‘limida vafot etishgan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi tomonidan ko‘rilmoqda, ekspertiza tayinlovi amalga oshirilgan. Voqealar rivoji haqida KUN.UZ saytida xabar berib boriladi.

Mavzuga oid