Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda urug‘chilikni rivojlantirish markazi ish boshladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida urug‘chilik tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etilgan Urug‘chilikni rivojlantirish markazi faoliyatini boshladi.
Vazirlik axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, markaz qishloq xo‘jaligi ekinlari, shu jumladan g‘o‘za va boshoqli don ekinlarining urug‘larini tayyorlash, foydalanish va eksport qilishning zamonaviy tizimini shakllantirish bilan shug‘ullanadi. Mahalliy va xorijiy seleksiya navlari, biotexnologik navlarning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish va rivojlantirish ham markazning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Bundan tashqari, tarmoq korxonalari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarining ekiladigan urug‘larini tayyorlash, qayta ishlash va saqlash bo‘yicha normativ talablarni xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiq ishlab chiqishga ham alohida e'tibor qaratiladi.
Shuningdek, ushbu markaz urug‘chilik sohasida ilmiy va tajriba-eksperimental tadqiqotlarni olib borishga, tarmoq korxonalarining ilmiy salohiyati va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashadi.
Yana bir muhim jihati, urug‘chilik bo‘yicha xalqaro va milliy organlar bilan o‘zaro faol hamkorlik qilish, urug‘larni ekishdan oldin ishlov berish va qayta ishlashga oid innovatsion texnologiyalarni, ushbu sohadagi nou-xaularni joriy etish yo‘lga qo‘yiladi.
Urug‘chilikni rivojlantirish markazining ilk ishchi yig‘ilishida Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Umarov qatnashib, markaz faoliyatining tashkiliy-huquqiy jihatlari muhokama qilindi.
Urug‘chilikni rivojlantirish markazi hududiy boshqarmalari rahbarlari bilan kechgan suhbat chog‘ida hududlardagi soha bo‘yicha muammolar va ularni yechish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.