14.09.2017 yildagi O‘RQ-446-son Qonun bilan intellektual mulk obektlarini huquqiy muhofaza qilish va foydalanish sohasida ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Tuzatishlar e'lon qilingandan so‘ng yarim yildan keyin kuchga kiradi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Foydali model nima degani? 
 
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi Qonunga foydali model ta'rifi kiritildi. Bu har qanday sohada:

•  mahsulotga (xususan, qurilma, modda, mikroorganizm shtammi, o‘simliklar yoki hayvonlar hujayralarining turlariga);
•  usulga (moddiy vositalar yordamida moddiy obekt ustida xatti-harakatlarni amalga oshirish jarayoniga) taalluqli bo‘lgan texnik yechim.
 
Huquq egasi qanday belgilanadi?
 
Ilgari ish beruvchi va muallif o‘rtasida tuzilgan shartnomada xodim tomonidan o‘z xizmat vazifalarini yoki aniq topshiriqni bajarish munosabati bilan yaratilgan sanoat mulki obektining patentiga bo‘lgan ish beruvchining huquqi nazarda tutilmagan bo‘lsa, u holda muallif talabnoma topshirish va patentni o‘z nomiga olishga haqli ekanligi belgilangan edi.
 
Tuzatishlar bilan muallif xuddi shunday tarzda yo‘l tutishga haqli bo‘lgan yana bir holat kiritildi. Agar shartnomada ish beruvchining patentga bo‘lgan huquqi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, biroq u yaratilgan sanoat mulki obekti to‘g‘risida muallif tomonidan yozma ravishda xabardor qilingan kundan e'tiboran 4 oy ichida patent berish haqidagi talabnomani topshirmasa, talabnomani topshirish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechmasa va tegishli obektni sir saqlash to‘g‘risida muallifga ma'lum qilmasa.
 
Ikkala vaziyatda ish beruvchi patent egasiga shartnomada belgilanadigan miqdorda tovon to‘lab, o‘z ishlab chiqarishida tegishli sanoat mulki obektidan foydalanishda ustuvor huquqqa ega bo‘ladi
 
Muallifga nima to‘lanishi lozim?
 
Patent egasi bo‘lmagan, o‘z xizmat vazifalarini yoki ish beruvchidan olgan aniq topshiriqni bajarish munosabati bilan yaratilgan sanoat mulki obektining muallifi tegishli sanoat mulki obektidan foydalanilganligi yoxud unga oid litsenziya sotilganligi uchun haq olish huquqiga ega.