Jamiyat | 17:15 / 08.05.2018
19089
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqand turizmi: Sayyohlar fikri qanday?

Yaqinda KUN.UZ ijodkorlari Samarqand viloyatiga tashrif buyurishgan edi. Sayqali ro‘yi zamin - azim Samarqand haqida videolavhalar namoyish etildi.  Biroq Samarqandga tashrif buyurgan vaqtimizda xorijlik turistlar va xalq vakillari bilan bo‘lgan suhbatimizda ular shaharning juda bebaho ekanligini, shu bilan birga u yerda mavjud bo‘lgan kichik muammolar haqida aytib o‘tishdi.

- O‘ylashimcha, hammasi yaxshi ketmoqda. Hech qanday muammolar mavjud emas. Restoranlar xizmati yaxshi. Shirin taomlar tanovul qilish mumkin. Mehmonxonalar shinam. Tashrif buyurish mumkin bo‘lgan joylar ko‘p. Transport xizmati juda toza, hattoki Italiyaga nisbatan ham. Ko‘chalar chiroyli. Lekin asosiy ko‘cha faoliyati yaxshi tartibga solinmagan, yer osti yo‘li yo‘q va yo‘llar chuqur o‘yiqlarga to‘la, - deydi italiyalik sayyoh

Fransiyadan kelgan mehmonlar ham shuni ta'kidlashdi. Bundan tashqari, hojatxonalar kamligi muammosi ham mutasaddi tashkilotlar tomonidan hal etilishi lozim, deb aytdi turistlar.

O‘sha yerda faoliyat yuritadigan Ulug‘bek rasadxonasi muzeyi xodimi Ikromiddin Sirojiddinovning fikricha, turizmda xalq uchun ham xorijlik mehmon uchun ham sharoitlar yaxshi bo‘lishi kerak. Ichki turizm vakili uchun sharoitlar uyidan chiqqandan boshlab boshlanishi kerak. Ya'ni transport qatnovi yaxshi yo‘lga qo‘yilishi lozim. Kelib tushgandan so‘ng mehmonxona masalasida umuman qiyinchiliklarga duch kelmasligi kerak. Ba'zan eshitamiz, sayyohlar joy muammosiga duch kelmoqda. Sayyohlar hojatxona muammosiga ham duch kelmoqda. Oshxonalar yetarli bo‘lib, barcha shart-sharoit yetarli va toza, ozoda bo‘lishi kerak. Samarqanddagi barcha tarixiy obidalar pokiza saqlanishi kerak. O‘zimizning fuqarolarimiz bu yerga tashrif buyurganda shevada emas adabiy tilda gaplashishi kerak. Horijlik sayyohlar yo‘l-yo‘riq so‘raganda albatta bilsak, ularning tilida javob berishimiz kerak, shunda ularning qalbiga yo‘l topamiz. Shu bilan birga xavfsizlik va tez tibbiy yordam masalasi har bir obektda o‘z vaqtida yo‘lga qo‘yilishi kerak deb ta'kidlab o‘tdilar.

Rossiyadan kelgan sayyoh shunday deydi: "Bu safar hech qanday salbiy jihatlarni ko‘rmadim. Men faqat ijobiy jihatlarni sanab o‘tmoqchiman. Menga ko‘proq nimalar yoqdi? Birinchidan, tozalik. Ikkinchidan, har safar tashrif buyurganimda turistlarni jalb qiladigan binolar qayta ta'mirdan o‘tkazilmoqda. Nafaqat Samarqandda balki, Toshkent, Buxoro va Xiva shaharlarida ham. Yana ijobiy tomonlaridan hamma joyda shirin ovqatlar pishirilmoqda. Ajoyib oshxonalar. Eng katta ijobiy jihatlardan biri hamma joyda maysalar ekilib, shahar yashil libosga aylantirilmoqda. Bu safargi taassurotlarimiz ham ijobiy. Keyingi safar yana yangi do‘stlarimizni olib kelamiz". 

Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, turizm sohasi kun sayin vatanimizda rivojlanib bormoqda. Yutuqlarimiz talaygina. Lekin yutuqlar doim o‘zimiz bilan birga qoladi. Shu bilan birga muntazam ravishda yuqoridagi kamchiliklarni maksimal darajada kamaytirib borishimiz kerak. Axir umumiy maqsadimiz O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish emasmi?!

Zafarbek Solijonov

Mavzuga oid