O‘zbekiston | 19:29 / 08.05.2018
8305
3 daqiqa o‘qiladi

Tabiat bog‘i to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi

Foto: novotours.uz

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 4 maydagi qarori bilan Tabiat bog‘i to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram-kanalida xabar berilgan.

Hujjatda belgilanishicha, alohida ekologik, madaniy va estetik ahamiyatga ega bo‘lgan tabiiy obektlar va komplekslarni tabiatni muhofaza qilish, rekreatsiya, ilmiy va madaniy maqsadlarda saqlab qolish hamda ulardan foydalanish uchun mo‘ljallangan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tabiat bog‘i hisoblanadi.

Tabiat bog‘i alohida ekologik, madaniy va estetik ahamiyatga ega bo‘lgan tabiat obektlari va komplekslarini saqlash va ulardan foydalanish maqsadida tashkil etiladi.

Tabiat bog‘ining hududi bog‘ga foydalanishga beriladigan yer uchastkalarida, shuningdek, uning chegarasi doirasidagi boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli yer uchastkalarida joylashadi.

Tabiat bog‘ining tartibga solinadigan dam olish zonasida sayyohlik yo‘lakchalari, noqulay ob-havo paytida yengil turdagi pana joylar, kuzatuv punktlari, tashrif buyuruvchilar uchun yoqilg‘i zaxirasiga ega bo‘lgan gulxan yoqish joylari, sanitariya obektlarini barpo etish orqali fuqarolarning qisqa muddatli dam olishi ta'minlanadi.

Davomli dam olish zonasida kempinglar, mehmonxonalar, kichik mehmonxonalar, sayyohlik bazalari, sanatoriylar, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari, dam olish maskanlari, avtoturargohlar, savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish korxonalari, shuningdek, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tabiat bog‘i zimmasiga yuklangan vazifalar bilan bog‘liq xo‘jalik turidagi boshqa obektlar joylashadi.

Tabiat bog‘i tashkil etilayotganda quyidagi zonalarga bo‘linadi:

• qo‘riqxona zonasi;
• rekreatsiya zonasi;
• xo‘jalik maqsadida va boshqa tarzda foydalanish zonasiga bo‘linadi.

Tabiat bog‘i o‘z ramziy belgilari – bayrog‘i, vimpeli, emblemasi va boshqalarga ega bo‘lib, yuridik shaxs hisoblanadi.

Mavzuga oid