O‘zbekiston | 00:03 / 11.05.2018
42629
4 daqiqa o‘qiladi

"Tashkent City" markazidagi qabrlar taqdiri haqida ma'lum qilindi

Poytaxtning Shayxontohur tumanida "Hokimning bir ish kuni" loyihasi doirasida “Tashkent City”, “Samarqand darvoza”, “Suzuk ota” obektlari O‘zA muxbiri tomonidan ko‘zdan kechirildi. Toshkent zamonaviy ko‘rinishga keltirilib, uning tarixiy ko‘chalari, obidalari buzilib ketayotgani haqida tuman rahbari bilan suhbat qurildi.

Foto: uza.uz

“Tarixiy obektlar buzilmaydi, misol uchun eng zamonaviy loyihalardan bo‘lgan “Tashkent City”ning qoq markazida xalq orasida “Eshonzodalar sag‘anasi” nomi bilan mashhur bo‘lgan qabrlar bor. Ana shu joy ham saqlanib qolinadi. Toshkent yirik megapolisga aylanib borayotgan bo‘lsa-da, shaharning tarixiy namunalari saqlanib qoladi”, - dedi Bahodir G‘oyibnazarov va kunlik izchil ish rejasidan chekinib, muxbirni ana shu sag‘ana sari yetakladi.

Foto: uza.uz

Shisha oynali zamonaviy ko‘rkam binolar qatorida ikki g‘ishtin sag‘ana Toshkentning kechagi kunini, buyuk ajdodlarini eslatib turadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, sag‘analarning biri Xoji Ahmad ibn Mir Ali Shoshiy Qoratoshiy qabri hisoblanadi. U xalq orasida “Qora salla Eshon” taxallusi bilan mashhur bo‘lgan. Hozirda “Tashkent City” yaqinidagi mahalla va ko‘cha nomi ham aynan uning nomi bilan “Qoratosh” deb ataladi.

Foto: uza.uz

Manbada ta'kidlanishicha, “Eshonzodalar sag‘anasi”da 60 nafarga yaqin shaxs dafn qilingan. Ushbu hudud 33 sotixga yaqin bo‘lib, unda “Sugul” masjidi va hammom bo‘lgan. Afsuski, masjid va hammom 1986 yilda buzib tashlangan. Keyinchalik Toshkent shahri hokimining 2007 yil 2 avgustdagi qaroriga ko‘ra, “Sugul” masjidi va Eshonzodalar 4 ta sag‘anasi nomi bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyati Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish davlat inspeksiyasiga o‘tkazilgan. Mutasaddilar “Olmazor” ko‘chasi buzilishidan oldin “Eshonzodalar sag‘anasini” saqlab qolish, madaniy yodgorlik sifatida atrofini o‘rab, tartibga keltirish rejasini ishlab chiqishgan. Hozirda sag‘analarga zarar yetmasligi uchun bu joy temir to‘siqlar bilan o‘ralib, atrofida “Tashkent City” qurilishi davom etmoqda.

Foto: uza.uz

Poytaxtning yirik megapolisga aylantirilishi zamon talabi, biroq kechagi kunimizni ham yoddan chiqarmaslik va o‘tgan ajdodlarga hurmatni saqlab qolish kerak. Bizning kelajak avlod oldidagi burchimiz nafaqat yangi texno-megapolislar qurib berish, balki buyuk avliyo va ulamolar yodgorligini gard yuqtirmay yetkazib berishdan ham iboratdir. 

Mavzuga oid