Jamiyat | 20:04 / 12.05.2018
45234
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent markazida to‘xtatilgan qurilish nega yana boshlandi?

Bunyodkorlik, bir yerni obod qilish o‘zbek millatining asosiy xususiyatlaridan biri sanaladi. Asrlar osha bu xususiyat millatning ajralmas turmush tarziga aylanib ulgurgan – u boy bo‘lsin yoki faqir, imkon qadar bunyodkorlik borasida o‘z ishini qiladi. Imorat ko‘taradi, to‘yxona quradi, bir mahallani obod qiladi. Ammo mana shu ishlarning bari xalq rizoligi bilan amalga oshsa, nur ustiga a'lo nur bo‘lgan bo‘lar edi. Ammo ayrim holatlarda...

Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Markaz 4/12-uy aholisi KUN.UZ saytiga noqonuniy qurilish borasida murojaat yo‘lladi. Aytish kerakki, mazkur murojaat tahririyat uchun tanish. Bir yil avval ayni shu manzildan maxsus lavha tayyorlangan edi. Shundan so‘ng qurilish to‘xtatilib, qonun doirasida komissiyalar ko‘rib chiqqandi.

Kuni kecha qurilish ishlari yana boshlanganini ma'lum qilishdi va mazkur muammo yuzasidan murojaat yo‘llashdi. Ma'lumot o‘rnida aytish lozimki, bu yerga 8 qavatli tibbiyot diagnostikasi mavjud turar joy loyihasi tayyorlangan. KUN.UZ tahririyati voqea joyiga bordi. Yana o‘sha manzara. Bir guruh ichki ishlar xodimlari nazoratida hududda qurilish ishlari boshlangan. Biz, dastavval, aholi bilan suhbatlashdik. 

- Biz mazkur qurilish to‘xtalishi yuzasidan chiqarilgan qarorni bekor qilish haqda sudga da'vo arizasi bilan chiqqan edik. Bu murojaat sud tomonidan ko‘rib chiqildi va qurilish ishlarini to‘xtatish bo‘yicha qaror chiqarib berildi. Ammo Bektemir tumani ma'muriy sudi Toshkent shahri sobiq hokimining mazkur qurilishni to‘xtatish bo‘yicha chiqarilgan qarorini bekor qilish bo‘yicha qurilish kompaniyasi murojaatini qanoatlantirgan. Hatto biz apellyatsiyaga berganimizdan keyin kelgan kelgan sayyor sud ham joyni o‘rganib, Bektemir tuman sudining qarorini to‘g‘ri, deb topdi. Natijada, mana, ko‘rib turganingizdek, bu yerda yana qurilish ishlari boshlanib ketdi.

Foto: Kun.uz

Ma'lum bo‘lishicha, aholi mazkur qurilish ishlaridan norozi bo‘lgach, Toshkent shahar hokimining o‘z qarorini bekor qilgan edi. Biroq sud shahar hokimi o‘z qarorining bekor qilinishini noto‘g‘ri, deb topdi va avvalgi qarorni kuchda qoldirish haqida qaror chiqargan. Shundan so‘ng tadbirkor qurilish ishlarini yana davom ettirishga kirishgan. Biz qurilish egasi nomidan ish yurituvchilar bilan suhbatda hujjatlarni so‘radik. Ular barcha kerakli hujjatlarni taqdim etishdi. Ammo jamoatchilik roziligi va ToshkentBoshPlanLITI davlat unitar korxonasi mutaxassislarining qurilish loyihasi bo‘yicha xulosasi taqdim etilmadi.

Foto: Kun.uz

Jurnalistik surishtiruvimiz natijasida mazkur qurilish loyihasiga berilgan ToshkentBoshPlanLITI xulosasini oldik. Unga ko‘ra, qurilish ishlarida shaharsozlik normalari va qoidalari bo‘yicha qator xatoliklar mavjud.

Foto: Kun.uz

Xususan, qurilayotgan bino balandligi 4 qavatdan oshmasligi kerakligi, shuningdek, diagnostika markaziga ega ko‘p qavatli turar-joy qurilishi ilova qilingan sxema institutiga muvofiq, ya'ni to‘qqiz qavatli 12-uyga yon tomonlama, 5-maktab va 427-MTM o‘rtasidagi yo‘lakcha saqlangan holda qurilishi kerakligi qat'iy ta'kidlangan. Ammo ko‘rib turganingizdek, bu yerda 8 qavatli bino, boz ustiga yon tomonlama emas, umumta'lim maktabi va 12-sonli uyning naq o‘rtasiga qurilmoqda. Buni qazilgan maxsus o‘ralardan ham bilish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, ToshkentBoshPlanLITI'ning xulosasi hujjatlar papkasida qolib ketmoqda.

Aholi mazkur qurilish bo‘yicha ko‘plab vakolatli organlariga hamda Toshkent shahrining yangi xokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga murojaat qilishgani va muammoga ijobiy yechim topib berishiga umid bildirishmoqda.

Xulosa o‘rnida: ayni mavzudagi muammolar poytaxtimizda kunora uchramoqda. To‘g‘ri, tadbirkorga katta yo‘l ochib berish, ularni qo‘llab-quvvatlash zarur. Biroq bu tadbirkorning mavjud qoidalarni aylanib o‘tishiga huquq beradi, degani emas. Qolaversa, prezident xalq roziligi haqida har nutqida qayta-qayta ta'kidlayotgan bir paytda jamoatchilik fikriga quloq solish kerak emasmi?! Xalq, adolat bilan ish ko‘rilsa, hech qachon bunyodkorlik ishlariga monelik qilmaydi. Tadbirkorlar buni unutmasalar bo‘lgani.

Mavzuga oid