14:45 / 24.05.2018
31003

Saloh YeChL finali tufayli ro‘zasini qoldirmoqchi emas

Ramazon - bu amallar oyi: ro‘za, ibodat, chekish va g‘iybatdan saqlanish, gunohlar va g‘azabdan tiyilish. Shuningdek, bu oy timsollarga ham boydir. Joriy yilda misrlik futbolchi Muhammad Saloh bu oyda yulduz kabi porlab, uning haqiqiy timsollaridan biriga aylansa ajab emas.

Foto: Reuters/Carl Recine

Saloh o‘tgan yili «Liverpul»ga kelib qo‘shilganidan so‘ng, ingliz futbolida yorqin iz qoldirdi. Avvalroq, «Chelsi»da o‘tkazgan nursiz mavsumidan so‘ng, kamdan-kam odam uning Angliyada muvaffaqiyat qozonishiga ishongan edi.

Biroq, u bir mavsumda urilgan gollar soni bo‘yicha APL rekordini yangiladi. Shuningdek, afrikalik futbolchilar orasida APL to‘purari bo‘lib oldi. Bundan tashqari, «Liverpul» futbolchisi tomonidan bir mavsumda urilgan gollar soni bo‘yicha 1984 yildan beri eng yaxshi natijani qayd etdi. 

Foto: AFP

Muhammad Salohning mehnati munosib taqdirlanib, bir necha shaxsiy sovrinlarga loyiq ko‘rildi. Jumladan, Professional futbolchilar uyushmasi tomonidan yilning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. Undan oldin, afrikaliklar orasida bunday e'tirofga 2016 yilda Riyoz Mahrez sazovor bo‘lgan edi.

Muhammad Salohning ajoyib mavsumni o‘tkazishi uni zamonamizning eng katta futbol yulduzlari Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu bilan taqqoslanishiga olib keldi.

Foto: Reuters/Amr Abdallah Dalsh

Misrlik yoshlar piramidalar oldida tasvirlangan Muhammad Saloh portreti oldidan o‘tib borishmoqda. Arab yozuvlari: «Siz giyohvand moddalardan kuchlisiz» - degan ma'noni anglatadi.

Futboldagi mashhurlikdan tashqari, Saloh Islom qadriyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan shaxs sifatida ham namoyon bo‘ldi. G‘arbda aksilislomiy bahslar avj olayotgan bir paytda, Saloh o‘z hissiyotlarini maydonda ochiqchasiga namoyish qilmoqda, har bir golidan so‘ng qo‘llarini osmonga ko‘tarib, duo va xuddi namozdagi kabi sajda qilmoqda.

Misrda Saloh allaqachon milliy qahramonga aylangan. Aynan uning hal qiluvchi goli terma jamoaga JCh-2018 yo‘llanmasini taqdim qilgandi. Endi misrliklar so‘nggi 28 yilda ilk marotaba mundial havosidan nafas olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. 

Foto: Reuters/Amr Abdallah Dalsh

Misrlik bolakay Qohirada Muhammad Saloh tasviri tushirilgan an'anaviy fonarni o‘pmoqda.

Ayni paytda Misr bozorida Salohning qiyofasi tushirilgan tovarlarning bozori chaqqon bo‘lib ketgan. Mahalliy ishbilarmonlar uning mashhurligidan foydalanib, katta daromad olib qolishga intilmoqda.

Foto: Reuters/Amr Abdallah Dalsh

Muhammad Saloh tasviri tushirilgan nakleykalar. Arabcha yozuv: «Ramazon Saloh bilan shirin» - degan ma'noni anglatadi.

Ammo Ramazon oyida Salohni yana bir jiddiy sinov kutmoqda - «Liverpul» Chempionlar Ligasi finalida «Real» bilan bellashadi. Ma'lumki, futbolchi Islom arkonlariga qat'iy amal qiluvchi musulmon hisoblanadi. Kiyevda o‘tkaziladigan final Ramazon oyining o‘ninchi kuniga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, Misr terma jamoasi ham yaqin orada jahon chempionati o‘yinlariga tayyorgarlikni boshlab yuborishi kerak.

Avvalroq, Misr oliy muftiysi Shavqiy Allam Saloh va uning jamoadoshlariga JCh-2018 o‘yinlariga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish uchun ro‘zani kechiktirishga ruxsat bergan, ammo bu haqda har kimning o‘zi bir qarorga kelishi kerakligini aytgan edi.

Foto: Getty Images

«Liverpul»ning senegallik hujumchisi Sadio Mane va germaniyalik yarimhimoyachisi Emre Jan ham Islom arkonlariga amal qiladi.

2014 yilda Saloh ro‘za «Chelsi» mavsumoldi mashg‘ulotlariga xalal berganini tan olgan edi. 

«Ramazon men uchun qiyin o‘tdi. Chunki, har kuni ikkita mashg‘ulot o‘tkazdik, havo esa issiq edi. Men nazorat bahslarida ham o‘ynadim. Iftorlik vaqtigacha juda chanqar edim. Odatda bunga o‘rganib qolganman, ammo bu safar juda qiynaldim», degan edi Saloh.

«Liverpul» bosh murabbiyi Yurgen Klopp Channel 4 News kanaliga bergan intervyusida Saloh, Mane va Jan professional futbolchi bo‘lgan holda, o‘z diniga amal qilayotganini aytdi.

«Saloh - musulmon. U musulmonlar bajaradigan barcha amallarni qilmoqda. O‘yindan oldin tahorat oladi va shunga o‘xshash ishlarni qiladi. Biz uning tayyor bo‘lishi uchun kiyinish xonasida bir yoki ikki daqiqa kutib turamiz. Sadio va Emre bilan ham shunday», deydi Klopp.

Klopp bugungi kunda, mojarolarga va aksilislomiy fanatizmga to‘la dunyoda Saloh juda ham zo‘r timsolga aylanganini tan oladi.

Foto: Getty Images

«Bu fantastika. Bu aynan hozirgi kunda bizga kerak bo‘lgan narsa. Biz quvonch, muhabbat, do‘stlikka to‘lib toshgan bu yosh insonni ko‘ryapmiz, bu bilan yer kurrasida nimalar yuz berayotganini anglashga harakat qilmoqdamiz. Saloh - arab dunyosi va Misr uchun ajoyib elchidir», dedi Klopp. 

Misrning «Al-Masriy al-yavm» nashri xabariga ko‘ra, Muhammad Saloh faoliyatidagi eng muhim davr yaqinlashayotganiga qaramay, Ramazon ro‘zasini tanlagan. Hatto u Chempionlar ligasi finali kuni ham ro‘zasini buzmaydi. 

Ma'lumki, kelib chiqishi somalilik bo‘lgan, britaniyalik yengil atletikachi Muhammad Faroh London-2012 Olimpiadasida oltin medallarni qo‘lga kiritish uchun ro‘za tutmagan edi. Ammo, Salohning aytishicha, u «Real»ga qarshi bo‘ladigan o‘yin kuni ham ro‘zador bo‘ladi. 26 may kuni Kiyevda iftorlik vaqti final o‘yini boshlanishiga taxminan 1 soat qolganda kiradi.

Top