Jahon | 23:53 / 29.05.2018
4737
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada chekuvchilar soni 1 yilda 1 millionga kamaydi

Foto: Flickr/vonderauvisuals

Fransiya sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga muvofiq, mamlakatda chekuvchilar soni bir yilda 1 millionga kamaygan. 

Tadqiqot natijalari shuningdek o‘smirlar va kam ta'minlanganlar orasida chekuvchilar soni qisqarganini ko‘rsatdi.

Bunga sabab sifatida "o‘rinbosarlar" (veyplar)ga o‘tish, neytral qadoq (qutini brendlamay), aksizning oshirilishi va milliy ko‘lamda o‘tgan "Bir oy chekishsiz" aksiyasi keltirilgan. 

Tadqiqotga ko‘ra, 2017 yilda aholining 26,9 foizi sigaret chekkani kuzatilgan, 2016 yilda esa bu ko‘rsatkich 29,4 foizni tashkil qilgan. Shu tariqa, Fransiyada chekuvchilar soni 13,2 milliondan 12,2 millionga kamaygan.

Vazir kam daromad oluvchi kishilarning chekishni tashlaganini alohida e'tirof etdi. 

Butun dunyo miqyosida har o‘n kishining bittasi chekish tufayli vafot etmoqda. Bu asosan Xitoy, Hindiston, AQSh va Rossiya aholisi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tadqiqotchilarning kuzatuvlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda chekish nisbatan kam ta'minlangan mamlakatlarga o‘tmoqda, rivojlangan davlatlarda esa chekishdan voz kechish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid