Jahon | 00:00 / 30.05.2018
13638
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyevda rossiyalik muxolif jurnalist otib ketildi

Foto: Novaya Gazeta

Taniqli rossiyalik jurnalist va yozuvchi Arkadiy Babchenko Kiyevdagi uyida otib ketildi. «Gromadske» nashri jurnalisti Irina Romaliyskayaning ma'lumot berishicha, qotil unga orqa tomondan turib o‘q uzgan.

Ushbu ma'lumot, Ukraina IIV rahbari maslahatchisi, deputat Anton Gerashchenko tomonidan ham tasdiqlandi. 

Kiyev Milliy politsiyasi matbuot xizmati rahbari Oksana Blishchik ismini aytmagan holda 1977 yilda tug‘ilgan, telekanal boshlovchisi bo‘lgan jurnalist o‘limi haqida xabar bergan. Blishchikning qo‘shimcha qilishicha, politsiyaga tez tibbiy yordam mashinasida ko‘p qon yo‘qotish oqibatida jon bergan marhum yonidagi ayol qo‘ng‘iroq qilgan. Qotillik Nikolsko-Slobodskoy ko‘chasida sodir etilgan.

Bundan oldinroq jurnalist Ayder Mujdabayev ham hamkasbi Kiyevdagi shifoxonaga og‘ir ahvolda olib ketilgani to‘g‘risida xabar bergandi.

«Arkadiy Babchenkoni, uyida, ortdan turib otib ketishdi. Shifoxonaga olib ketishgan. Yo‘ldaman», — deya yozgan Mujdabayev feysbukdagi sahifasida.

Chechen urushi vaqtida armiyada xizmat qilgan Arkadiy Babchenko harbiy jurnalist va yozuvchi sifatida tanilgandi. U bir necha yil mobaynida «Novaya gazeta» bilan harbiy korrespondent sifatida hamkorlik qilgan,  Art of War jurnali muallifi hisoblanadi.

O‘zini Rossiya hukumatiga muxolif sifatida e'lon qilgan jurnalist 2017 yilda Ukrainaga ko‘chib o‘tgandi. U «Jurnalistika bez posrednikov» loyihasi asoschisi hisoblanadi.

Mavzuga oid