Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Islomda qanday sifatlar eng yaxshi hisoblanadi?
Mo‘min-musulmon bo‘lish ulug‘ qismat. Yaxshi mo‘min-musulmon bo‘lish esa eng oliy baxt. Bunday mukofotga erishish uchun nima qilish kerak? Payg‘ambarimiz (s.a.v) bu haqda o‘z ummatiga zarur ko‘rsatma va nasihatlarini berib ketganlar.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Bir qancha odamlar Allohning Rasulidan (s.a.v) so‘radilar: «Kimning Islomi eng yaxshidir? (ya'ni, kim juda yaxshi musulmon hisoblanadi?)». Ular javoban: «U qo‘li va tili bilan boshqa musulmonlarga zarar yetkazmaydigan odam», dedilar.
Sharh: Bundan ko‘rinib turibdi-ki, musulmonlarning orasidan eng yaxshisi birovga jismoniy zarar yetkazmaydigan, tili bilan, ya'ni tuhmat, g‘iybat, chaqimchilik qilib birovning qalbini og‘ritmaydiganlaridir.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Bir odam Payg‘ambarimizdan (s.a.v) so‘radi: «Islomda qanday amallar (yoki sifatlar) yaxshi hisoblanadi?» Payg‘ambarimiz (s.a.v): «Miskin (kambag‘al) odamlarni ovqatlantirish, va tanigan-tanimagan odamlarga salom berishdir», dedilar.
Sharh: Payg‘ambarimiz (s.a.v) Islomdagi yaxshi amallar haqida saboq berar ekanlar, kambag‘al odamga taom olib berishni aytdilar. Haqiqatan ham hatto taom olib yeyishga imkoni bo‘lmagan kishilarga bunday ko‘mak ko‘rsatilishi juda katta yaxshilik qilishdir. Chunki bir insonning qorni to‘yadi, ko‘ngli ko‘tariladi. Ikkinchi amal sifatida Rasuli akram (s.a.v) odamlarga salom berishni aytdilar. Ayrimlar faqat tanigan kishilargagina salom beradi yoki gaplarini salomsiz boshlashadi. Bu musulmonning sifati emasligi ayon bo‘lmoqda.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh (s.a.v): «Sizlardan hech biringiz o‘zi uchun yoqtirgan narsani (musulmon) birodariga ravo ko‘rmagunicha iymonga ega bo‘lmaydi», dedilar.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Bir kuni men bir ayol bilan o‘tirgan paytimda Payg‘ambarimiz (s.a.v) keldilar va so‘radilar: «Bu ayol kim?». Men javoban: «Bu falonchi (haddan) tashqari ko‘p ibodat qiladigan ayol», dedim. Ular bu narsani ma'qullamagan holda: «Qurbingiz va kuchingiz yetadigan holatda yaxshi amallarni qiling, chunki Alloh (odamlarni mukofotlashda) charchamaydi, lekin sizlar, albatta, charchab qolasizlar. Va Alloh nazdida eng yaxshi amal bu muntazam ravishda qilinadigan amaldir», dedilar.
Sharh: Musulmon kishi bir yaxshi amalni o‘z hayotiga tatbiq etsa, uni muntazam va mukammal davom ettirishi uchun qurbi va kuchi yetgancha bajarishi kerak. Me'yordan ortiq qilingan amal charchoqqa, charchoq esa amalni to‘xtab qolishiga sabab bo‘ladi. Yuqoridagi voqeada Payg‘ambarimiz (s.a.v) ana shunday nasihat bermoqdalar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar: «Agar qay biringiz o‘z diniga mukammal amal qilsa, uning yaxshi amallari o‘ntadan to yetti yuz marotabagacha ko‘paytirib mukofotlanadi, va har bir yomon (gunoh) amal esa shundayligicha yozib qo‘yiladi».
Sharh: Dinga amal qilish mukammal, shariat ko‘rsatganidek, qalban qilinadigan bo‘lsa, Alloh taolo buning mukofoti tariqasida bandasining bir yaxshi amaliga o‘ntadan yetti yuz marotabagacha savob yozadi. Agar o‘sha banda bir gunoh ish qilib qo‘ysa, o‘sha gunohning o‘zi yoziladi, kamaytirilmaydi ham, ko‘paytirilmaydi ham.
Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.
Mavzuga oid
22:39 / 11.06.2019
Kim bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh uning ham ayblarini yashiradi
18:51 / 10.06.2019
Musulmon o‘z birodariga zulm qilmaydi, uni xorlamaydi va yolg‘on so‘zlamaydi
19:11 / 08.06.2019
“Kun hadisi”: “Qaysi biringiz bir yomonlikni ko‘rsa, uni qo‘li bilan tuzatsin...”
18:54 / 06.06.2019