O‘zbekiston | 20:57 / 01.06.2018
5616
3 daqiqa o‘qiladi

Navbat kinosanoatga: Milliy kinosanoatni takomillashtirishga doir qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinoindustriyani takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi tayyorlandi. Prezident matbuot xizmatida shu haqida xabar berildi. 

Loyihada kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish, kino mahsulotini ishlab chiqarish davomida  kinokompaniyalarni tanlashda shaffoflikni ta'minlash, malakali kadrlarni tayyorlash, milliy kinoni dunyo kino maydoniga integratsiya qilish va boshqa muhim masalalar o‘z aksini topgan.

Qaror loyihasida "O‘zbekfilm" AJ aksiyadorlarining qonunda belgilangan tartibda chiqarilishini hisobga olib, "O‘zbekfilm" davlat unitar korxonasiga aylantirish, "Respublika kinoprokat markazi" davlat unitar korxonasining filiallarini tashkillashtirish, "O‘zbekiston kino arboblari ijodiy ittifoqi" davlat muassasasining qaytadan tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan.

Hujjatga muvofiq, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab "O‘zbekkino" badiiy kengashi mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi islohotlar va vaziyat, shuningdek aholining real talabidan kelib chiqib, kinomahsulotlarning yillik rejasini ishlab chiqadi. 

Shuningdek 2018 yilning 1 iyulidan e'tiboran mamlakat kinoteatrlarida mahalliy badiiy filmlar namoyishi hajmlarini kvotalash tizimi kiritiladi. 

Qaror loyihasida 2018-2019 o‘quv yilidan San'at va madaniyat institutida "Kinodramaturg" va "Kinorejisser" ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha "Kino san'ati" fakulteti tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, "O‘zbekkino" qoshida kinosanoat sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi ishga tushirilishi qayd etilgan.

Qaror loyihasi keng jamoatchilik muhokamasi uchun “Qonun hujjatlarining ta'sirini baholash tizimi” portaliga joylashtirilgan. Loyiha bilan batafsil tanishish va unga izohlar qoldirish uchun regulation.gov.uz/uz/documents/index'ga o‘tish tavsiya etiladi. 

Mavzuga oid