Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston bo‘ylab “Targ‘ibot avtokarvoni” ko‘rgazmali tadbiri o‘tkazildi
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbekiston bo‘ylab “Targ‘ibot avtokarvoni” tashkil etildi.
Jumladan, Qashqadaryo viloyati IIB YHXB tomonidan viloyatning Qarshi va Shahrisabz shaharlarida o‘tkazilgan ana shunday tadbirlar ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Xususan, Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan “Targ‘ibot avtokarvoni” ko‘rgazmali vositalar va turli shiorlar bitilgan yozuvlar bilan shaharning markaziy ko‘chalarini aylandi, bolalar gavjum joylarda bo‘ldi. Shahrisabz shahri IIB YHXB boshlig‘i, leteynant Sanjar Umarov tomonidan bolalar va o‘smirlarga yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari bo‘yicha tushuntirish berildi, ularga yo‘lda piyodalarning harakatlanish qoidalari ko‘rsatib o‘tilgan yo‘riqnomalar taqdim etildi.
- “Targ‘ibot avtokarvoni”miz “Yuzda yurma-yuzga kir” shiori ostida harakatlandi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad piyodalar, ayniqsa, bolalar va o‘smirlar tomonidan sodir etilayotgan qoidabuzarliklar, ular ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat xavfsizligini ta'minlash masalalariga keng jamoatchilikni jalb etishdir, - dedi S.Umarov.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati IIB YHXB tomonidan ham viloyat miqyosida “Targ‘ibot avtokarvoni” tashkil etildi. Istirohat bog‘lari, bayram tadbirlari o‘tkazilayotgan maskanlarda bayram munosabati bilan tashrif buyurgan bolalarga yo‘l transport hodisalarining og‘ir oqibatlari ko‘rgazmali vositalar orqali tushuntirib o‘tildi. O‘tkazilgan tadbirda bolalarga yo‘l harakati qoidalari qiziqarli tarzda tushuntirilib, turli savol-javoblar qilindi. Unda ishtirok etgan bolalarga bayram sovg‘alari tarqatildi.
Xuddi ana shunday «Targ‘ibot avtokarvoni» Samarqand viloyatida ham o‘tkazildi. Ma'lumotlarga ko‘ra, viloyatda olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida bolalar ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining soni avvalgi yilning shu davriga nisbatan 10 taga kamayishiga erishilgan. Samarqand viloyati IIB YHXB matbuot guruhining ma'lum qilishicha, viloyatda o‘tgan «Targ‘ibot avtokarvoni»da nafaqat yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari, balki xalq ta'limi, sog‘liqni saqlash kabi qator tashkilot va idoralarning mutaxassislari ham ishtirok etishgan.