Light | 16:01 / 07.06.2018
17572
15 daqiqa o‘qiladi

«Keling super odamga aylanamiz»

Mazkur maqolada jahondagi taniqli futurolog, fizik va “Fizikaning kelajagi”, “Ong kelajagi”, “Imkonsiz narsaning fizikasi” kabi kitoblar muallifi Mitio Kakuning Peterburgda bo‘lib o‘tgan xalqaro iqtisodiyot forumidagi ma'ruzasida keltirilgan fikrlar bayon etiladi. Unda yaqin kelajakda insoniyat qay darajada o‘zgarib ketishiga oid fikrlar aks etgan. Ushbu ma'ruzaning eng qiziqarli joylarini siz bilan o‘rtoqlashamiz.

Men turli kanallar BBC, Discovery va boshqalar uchun dunyoning 300 dan ortiq olimlaridan intervyu oldim. Birgalikda keyingi 20, 50 va 100 yillar mobaynida kelajak qanday bo‘lishi, ilm va texnologiyalarda nimalar o‘zgarishini kuzatishga intildik. Bugun aynan shular haqida gapirib beraman. Yangi o‘n yillikdagi eng muhim texnologiya – sun'iy aql. Bundan tashqari, molekulyar darajadagi, biotexnologiya va nanotexnologiyalardagi kashfiyotlar kelajagimizni sezilarli ravishda o‘zgartirib yuboradi.

Foto: Facebook/Dr. Michio Kaku

Sun'iy ong, robotlar va ularni qo‘llash usullari haqida

Hozirgi kunda jarrohlar “aqlli ko‘zoynaklar”dan operatsiyalarni o‘tkazish, ularga rentgen, MRT suratlari, bemorlar kasallik tarixini yuklashda foydalanishlari mumkin. Yaqin muddatlarda ular internet bilan deyarli muloqot qila oladilar.

Bu qanday qilib ishlashiga internetdan zaruriy ma'lumotlarni olib, aniq tibbiy maslahat bera oladigan “Robodoc” dasturi misol bo‘ladi. U nafaqat shifokorlar ishi, balki bemorlar mushkulini ham oson qiladi. Kelajakda bularning bari kerak bo‘lmay qoladi, siz sog‘lig‘ingizga oid masalalarni aqlli soat yoki ko‘zoynaklar bilan muhokama qilishingiz mumkin. Bu deyarli bepul bo‘ladi.

Inqilob nafaqat tibbiyotda, balki huquqshunoslikda ham sodir bo‘ladi. Misol uchun, siz Yevropaning katta shahrida yo‘lda ketayotib, YTHga tushib qoldingiz. Til, mahalliy qonunlarni bilmaysiz, sizga advokat kerak. Kelajakda qo‘l soati bilan suhbatlashib, “Global advokat” deb nomlangan maxsus saytdan istalgan tilda kerakli ma'lumotni olishingiz mumkin bo‘ladi. Bu resurs butun dunyodagi qonunchilik hujjatlariga kirish imkoniga ega bo‘lib, sizga maslahat bera oladi. Kompyuterlar va robotlarning bunday yordami hamma yerda amalga oshiriladi. Masalan, ular binolar qurish va universitetda dars berishda yordamga keladi.

Bugungi kunda biz stol kompyuterlari, smartfon, planshet va noutbuklardan foydalanamiz. Juda ko‘p turdagi qurilmalar nima uchun kerak? Umuman olganda, kelajakda ekran hajmi bilangina farq qiladigan xuddi shunday qurilma bo‘ladi. Kelajakda moslashuvda chiplardan foydalanamiz. Siz smartfoningizni istalgan tomonga burish, unda matn terib, yana joyiga burib qo‘yishingiz mumkin bo‘ladi. Nafaqat telefonlar, balki devor gulqog‘ozlari ham aqlli bo‘ladi. Ular eskirib qolsa, bugungi kunda nima qilasiz? Hechqisi yo‘q, achinib qo‘ya qolasiz. Kelajakda ular bilan muloqot qilasiz va sun'iy ong sababli u sizga foyda keltiradi. Masalan, tonggi soat 4 da ko‘krak qafasingizda og‘riq turdi. Siz nima bo‘layotganini tushunmayapsiz. Balki infarktni boshdan kechirgandirsiz, balki kecha pitssani ko‘proq yeb yuborgandirsiz. Nima qilish kerak? Tez yordamga qo‘ng‘iroq qilish kerakmi? Kelajakda devorga borib, “meni Robodoc bilan bog‘la” deyish mumkin bo‘ladi.

2020 yildayoq haydovchisiz mashinalardan foydalanishingiz mumkin. Mashinani qanday qilib boshqarish, hatto qayerda to‘xtash haqida ham qayg‘urmaysiz. Siz unga bor-yo‘g‘i “To‘xta” deysiz. Kelajakda ko‘pchilik mashina sotib olmaydi. Ular mashinalarni ijaraga olishadi. O‘ylashimcha, robototexnika hajmi jihatidan avtomobil sanoatini ham ortda qoldiradi, avtomobilingiz ham robotga aylanadi. Siz u bilan suhbatlashasiz, bahslashasiz, kun uchun rejalar tuzasiz. Yana bir jihati bor: vaqt o‘tishi bilan mashinalar uchishni o‘rganishadi.

Robotlar mehnat bozorini qanday o‘zgartiradi

Tabiiyki, bu o‘zgarishlarning bari mehnat bozoriga ta'sir ko‘rsatadi. Ba'zi kasblar yo‘qolib ketadi. Robotlar bir xil harakatlarni tez-tez amalga oshiradigan mutaxassislar o‘rnini bosa oladi. Broker, buxgalter, kassir kabi kasblarda hozirda maosh olayotgan odamlar boshqa ish izlashlariga to‘g‘ri keladi. Yuridik firmada kim kerak bo‘lmaydi? Advokatlarning ko‘p sonli ishni ko‘rib chiquvchi yordamchilari. Buni kompyuter ham bajara oladi. Advokat o‘rnini bosib bo‘lmaydi. Chunki u ilgaridek odamlar bilan muloqot qiladi: sudya, sudlanuvchilar. Robot buni yaxshiroq uddalay olmaydi.

Robot va sun'iy aqlda uchta cheklov bor. Birinchisi – odamlar bilan hamkorlik qilish. Muloqot, ishonchli munosabatlar bilan bog‘liq har qanday ish inson ishtirokini talab etadi. Ikkinchisi – turli model va namunalarni aniqlash. Masalan, robot oldida stol turibdi yoki stol tasvirini ko‘ryapti. U kvadrat yoki uchburchaklarni ko‘radi va uning stol ekani, predmetning mohiyatini anglamaydi. Shuning uchun robotlarga stol nima ekanini tushuntiradigan maxsus dastur kerak. Va nihoyat, uchinchisi –tafakkur. Robotda u yo‘q. Misol uchun, siz suv quruq emas, ho‘lligi, ona qizidan yosh jihatidan katta ekanini bilasiz. Bularning bari tafakkur bilan bog‘liq bo‘lib, u robotlarda yo‘q. Hatto besh yoshli bolakay ham bu masalalarda robotga qaraganda yaxshiroq fikrlaydi.

Bu mehnat bozori uchun nimani anglatadi? Robotlar haqida gap ketganida odamlar tomonidan bildiriladigan fikrlarni emas. Ko‘pchilik nima uchundir chiqindi yig‘uvchilar o‘z ishlaridan birinchi bo‘lib ayriladilar, degan fikrda. Yo‘q, bunday emas. Aslida robot chiqindini boshqa predmetlardan ajrata olmaydi. Axir u ham turlicha bo‘ladi. Uni yig‘adigan odam aniqlay oladi, biroq robot uchun bu juda murakkab ish. Bog‘bonlar ham ishsiz qolmaydi, chunki robotlar nima chiroyli va chiroyli emasligini tushunmaydi. Robotlar politsiyachilar o‘rnini bosa olmaydi, chunki har bir jinoyat o‘ziga xos bo‘lib, robotlar politsiyachilar o‘rnini bosish darajasida odamlarni tushuna olmaydi.

Foto: Facebook/Dr. Michio Kaku

Bu insoniyat kelajagida ikki sohadagi ish qolishini anglatadi: bir tomondan, ular robotlar bajara olmaydigan past malakaga ega ishlar, boshqa tomondan aqliy kapitalni ishlatish kerak bo‘lgan vazifalarni bajarishadi. Aqliy kapital nima? Bu mantiq, yetakchilik ko‘nikmalari, innovatsiyalar, ijodkorlik. Robotlarda bu ro‘yxatdagi hech bir qobiliyat mavjud emas. Toni Bler aytganidek, Angliya rok-n-roldan ko‘mir sanoatiga qaraganda ko‘proq foyda ko‘radi. Bu haqida o‘ylab ko‘ring. Chunki ko‘mir bu – tovar, uning narxi o‘zgaradi, tushib ketishi ham mumkin. Rok-n-roll esa intellektual kapital yordamida yaratilgan mahsulot, u doimiy barqarorlikka ega.

Virtual va qo‘shimcha reallik haqida

Biz nafaqat odatiy, balki virtual va qo‘shimcha reallikda yashashimiz mumkin. Siz suhbatdoshingiznigina emas, u to‘g‘risidagi barcha ma'lumotlarni ko‘ra olasiz. Ilm-fan, injyenerlik loyihalari, dizayn – bularning bari u yoki bu tomondan virtual va qo‘shimcha reallik bilan bog‘langan bo‘ladi. Masalan, siz sayyoh sifatida Rimga keldingiz. Rim imperiyasidan ko‘p narsa qolmagan, biroq o‘z ko‘zoynaklaringizni taqib, Rim imperiyasining butun tarixini ko‘ra olasiz.

Hozirda virtual va qo‘shimcha reallikdan foydalanishda bitta muammo mavjud. Bu ko‘z ko‘rishi va aql o‘zlashtirishi mumkin bo‘lgan narsalar orasidagi nomutanosiblik. Biroq ko‘zoynaklarga emas, ko‘z uchun kontakt linzalarga kerakli chip o‘rnatilsa, vaziyat o‘zgaradi. Bir so‘z bilan aytganda, kontakt linzaga qondagi qand moddasini o‘lchaydigan chipni hozir ham o‘rnata olamiz. Kelajakda esa shunga o‘xshash kontakt linzadan foydalanib, internetga kira olasiz. Undan foydalanishni boshlash uchun ko‘zingizni ochib-yumishingizning o‘zi kifoya.

Bunday linzalarni kim birinchi bo‘lib sotib olishni boshlashini bilasizmi? Imtihonlarga tayyorlanadigan talabalar. Ular ko‘zlarini pirpiratib, imtihon oluvchining savollariga javoblarni ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Bu ta'limdagi yondashuvni butunlay o‘zgartirish kerakligini anglatadi. Biz ma'lumotni yodlashga kuch bera olmaymiz. Endilikda talabalardan kimyoviy elementlar davriy jadvalini yodlab olishni so‘ramaymiz. Uni ko‘rish uchun ko‘zni pirpiratish kifoya. Demak, ta'lim - konsepsiya, tamoyil va obrazlar atrofida jamlangan bo‘ladi. Oddiy fakt va raqamlarni eslab qolish kerak bo‘lmaydi. Sizda istalgan vaqtda va joyda har qanday ma'lumotni olish imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Qo‘shimcha reallik va nutqni anglash texnologiyalari sabab muloqot ham o‘zgaradi. Tilni bilmay turib ham xorijliklar bilan gaplasha olasiz. Suhbatdoshingizning yonida ona tilingizga tarjima qilingan titr (matn)ni ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi.

Mahsulot va xizmat aslida qancha turishini bilmaganimiz sabab ko‘pincha bizni aldashadi. Demak, ideal kapitalizm davriga yaqinlashayapmiz. Oldimizda qanday mahsulot turgani, narxi, uni sotmoqchi bo‘lganlar ustiga qancha qo‘shayotganini aniq tushuna olamiz. Do‘konga kirib, o‘rnatilgan chipga ega maxsus kontakt linzalar yordamida mahsulotlar to‘g‘risidagi barcha ma'lumotlarga ega bo‘lamiz, ularni taqqoslab, o‘zimizga mos keladiganini tanlaymiz. Biroq mahsulotlarni sotadigan kompaniyalar ham biz haqimizdagi barcha narsalarni bilishadi.

Insonning tibbiyot va uzoq umr ko‘rishdagi raqamlashishi

Raqamlashtirish tibbiyotni qanday o‘zgartirishi mumkinligini ko‘ramiz. Bugun tabletka (xapdori) ichiga chip, kamera va magnit sola olamiz. Magnit bu dorini oshqozon va ichaklarga olib boradi, kamera esa suratga oladi. Shu sabab robot operatsiya qila oladi.

Kelajakda kompyuterlar tanangizga o‘rnatilib, real vaqt rejimida qon tahlilini o‘tkaza oladi.

Tanangizda hozirning o‘zidayoq saraton rivojlanishi mumkin. Biroq 10 yoki 20 yil davomida siz buni bilmaysiz. O‘simta paydo bo‘lishi uchun 10 mingta saraton hujayrasi kerak. Endilikda esa siz qonda milliard hujayradan bittagina saraton hujayrasini topishingiz mumkin bo‘ladi. Mazkur texnologiyadan shu yilning o‘zidayoq foydalanish imkoni bor. U suyuq biopsiya deb nomlanadi. Kelajakda bor-yo‘g‘i hojatxonaga borasiz, aqlli unitaz sizning ajratmalaringizda o‘simta paydo bo‘lishidan ancha avval saraton hujayralarini topadi. Shu sabab “o‘simta” so‘zi tilimizdan yo‘qolib ketishi mumkin.

Kelajakda odam tanasini raqamlashtirish uchun irsiyatdan foydalana olamiz. Universitetlardan birida quloq hujayralaridan quloq o‘stirishga erishildi. Plastik erib ketgan va odamning o‘z to‘qimalaridan qilingan quloq paydo bo‘ldi. Bu muhim, chunki organizm o‘z hujayrasidan bo‘lmagan narsani “qabul qilmaydi”. Juda yaqin kelajakda teri, suyak, burun, quloq, qon tomirlari va h.k, keyinchalik esa murakkab organlarni almashtira olamiz.

Foto: Facebook/Dr. Michio Kaku

Qarish jarayonini tushuna boshlaymiz. Bir necha yil avval bu biz uchun sir edi. Hujayralar nima uchun qarishi va o‘lishini tushunmasdik. Endi esa qarish – irsiy xatolarning yig‘ilish jarayoni ekanini tushunamiz. Ushbu genlarni to‘g‘rilash va abadiy yashash texnologiyalaridan foydalanamiz. Demak, teri hujayralariga biologik soatlar o‘rnatilgan. Agar Petri idishiga teri hujayralari solib qo‘yilsa, u 60 marta bo‘linadi, keyin esa o‘ladi. Bu odam o‘lishining bir sababi. Bizda o‘rnatilgan soatlar mavjud bo‘lib, ularni to‘xtata olmaymiz. Telomeraza fermenti mavjud. Uni kashf etgan odamlar tibbiyot yo‘nalishida Nobel mukofotini qo‘lga kiritishgan. Bu ferment biologik soatlarni to‘xtatadi. Siz Petri idishiga teri hujayralarini solib qo‘ya olasiz va ular umrboqiy bo‘ladi, bo‘linishda cheksiz davom etadi. Biroq boshqa omillar ham bor. Aks holda biz ertagayoq abadiy hayot kechirardik. Gap shundaki, bu ferment saraton hujayralari umrini ham abadiylashtiradi. Nima uchun saraton sizni o‘ldiradi? Chunki saraton hujayralari o‘lmaydi, ular cheksiz ravishda ko‘payadi va o‘simtani shakllantiradi. Agar ehtiyot bo‘linmasa, telomeraza oddiy hujayrani ham saraton hujayrasiga aylantiradi.

Aql, breynnet va odamning raqamli nusxalari haqida

Keling, inson aqlini raqamlashtirish haqida gaplashamiz. “Connectome Project” deb nomlangan loyiha mavjud. Yevropa va AQSh uni moliyalashtirishga milliard dollar sarflashgan. U buyuk loyiha bo‘lish arafasida. Uning maqsadi – miyaning kartasini yaratish. Bugungi kunda ham MRT suratlaridan foydalanib, miyadagi qon aylanishini o‘rganib, biz uning qurilishidagi ko‘plab nazariyalarni tasdiqlashimiz yoki rad etishimiz mumkin. Misol uchun, inson miyasi haqidagi ba'zi fikrlar to‘g‘ri ekanini aniqladik. Har bir ota-ona o‘smirlar miyasida o‘zgarish borligiga aminlar. Bu to‘g‘ri ekan. Ularning old qobig‘i rivojlanmagan. Ularda qaror qabul qilish, tavakkalchilik bilan bog‘liq qism rivojlanmagan. Shuning uchun ham ular avariyalarga tushib qolishadi, turli ahmoqgarchiliklarga yo‘l qo‘yadilar.

Mavzuga oid