Sport | 15:07 / 18.06.2018
23961
8 daqiqa o‘qiladi

Mundial tarixidan: Qiziqarli voqealar

Futbol bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati boshlanib, kunlik rejalarimizning bir qismiga aylanib bo‘ldi. Aynan shu kayfiyatda e'tiboringizga jahon chempionatlari tarixida ro‘y bergan qiziqarli voqealarni havola qilamiz.

JCh-1930. Nogiron bombardir

Futbol bo‘yicha ilk jahon chempionati 1930 yilda Urugvayda bo‘lib o‘tgan va ushbu mamlakat mustaqilligining yuz yilligiga bag‘ishlangandi. Barcha o‘yinlar Montevideodagi stadionda o‘tkazilgan. Argentina va Urugvay o‘rtasida kechgan finalda jamoalar har bo‘limda boshqa to‘plarda o‘ynashdi. Sababi, shunchaki, tomonlar kimning to‘pida o‘ynashni kelisha olmagan edi.

Foto: AP

Ilk mundialda g‘alabani Urugvay terma jamoasi nishonlagan. O‘yin 4:2 hisobida mezbonlar foydasiga tugagan va so‘nggi gol Ektor Kastro hisobiga yozilgan. U jahon chempionatlari tarixida jiddiy jismoniy nuqsoni bo‘lgan yagona futbolchi sanaladi. Kastroning tirsagidan uyog‘ida qo‘li yo‘q edi.

JCh-1970. Sport – «urush elchisi»

1969 yilda Salvador va Honduras kelasi yili bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida qatnashish huquqi uchun ikki uchrashuv o‘tkazishi kerak edi. Ilk o‘yin Hondurasga belgilandi. Bu o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan salvadorliklar javob o‘yiniga juda qattiq tayyorlanishdi. O‘yin ular uchun hayot va mamot masalasiga aylandi.

Bu safar Salvador raqibini 3:0 hisobida tor-mor etdi. Ammo o‘yindan keyingi tartibsizliklar natijasida honduraslik futbolchilar va muxlislar jabrlanishdi. Bunga javoban Hondurasda ham to‘polonlar bo‘ldi va u yerda istiqomat qiladigan salvadorliklarning uylarini buzish, kaltaklash boshlanib ketdi.

Foto: fotki.yandex.ru

Futbol o‘z yo‘lida, endi g‘olibni aniqlash uchun uchinchi o‘yin tashkil etilishi belgilandi. Xavfsizlikni ta'minlash maqsadida o‘yin Meksikaga ko‘chirildi. O‘yin Salvadorning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Aynan shu o‘yin tugagach, har ikki davlat o‘zaro diplomatik aloqalarni uzishdi.

Bu hammasi emas. 1969 yilning 14 iyulida Salvador armiyasi chegarani buzib o‘tdi va ba'zi bahsli xududlarga joylasha boshladi. Ertasiga Amerika davlatlari tashkiloti yig‘ilish o‘tkazib, tomonlardan harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qila boshladi. Iqtisodiy sanksiyalardan qo‘rqqan Salvador prezidenti Ernandes ziddiyatni to‘xtatishga rozi bo‘lgan bo‘lsa-da, bu ziddiyat allaqachon besh mingdan ortiq harbiylar va tinch aholini hayotdan olib ketib ulgurgandi. Oradan o‘n yil o‘tibgina, tomonlar tinchlik bitimini imzoladi.

JCh-1978. Maradona yig‘lagan kecha

«Bu hayotimdagi eng og‘ir mag‘lubiyat edi» – deb keyinchalik eslaydi argentinalik futbol afsonasi. JCh-1978 oldidan u endigina 17 yoshga kirgan, mamlakatda uning buyuk kelajagini ko‘ra boshlagandilar. Ammo murabbiy uni chempionatda qatnashadigan tarkibdan o‘chiradi. Maradona Sesar Luis Menottiga telefon qilib yalinganini, yig‘laganini hikoya qilgandi: «Men haligacha Menottini kechirmadim va kechirmayman ham. O‘sha kuni uyimizdagi muhit ta'ziya marosimiga o‘xshab qolgandi. Onam, otam, singillarim, hammalari yig‘lab o‘tirgandi. Ular menga eng zo‘r futbolchi ekanimni va hali yosh bo‘lganim uchun kelajakda yana beshta chempionatda o‘ynashim mumkinligini aytib, ovutardilar. Lekin baribir, o‘zlari yig‘layotgandilar. O‘sha kun hayotimdagi eng qayg‘uli kun bo‘lgan va men o‘z chempionatimni albatta yutishga niyat qilgandim. Butun vujudim bilan, bir kun kelib, hammaga ko‘rsatib qo‘yishim haqida o‘ylashni boshlagandim».

Foto: AP

Argentina Maradonasiz ham jahon chempioni bo‘ldi, Maradona esa, oradan sakkiz yil o‘tib niyatiga yetdi.

JCh-1982. Maydonda shayx

1982 yilgi jahon chempionati uchrashuvlaridan birida qiziq voqea sodir bo‘ldi. Fransiya va Kuvayt o‘rtasida kechayotgan o‘yin davomida, yevropaliklarning to‘rtinchi golidan so‘ng, maydonga shaxsiy tansoqchilari bilan birgalikda shayx Faxid al Ahmad as Sabah tushib keldi.

U hakamdan urilgan golni hisoblamaslikni so‘raydi, chunki uning fikricha, bu gol qoidaga xilof ravishda urilgan ekan. Gap shundaki, goldan sal oldin tribunadan hushtak ovozi eshitiladi va buni hakam hushtagi deb o‘ylab, kuvaytlik futbolchilar to‘xtab qoladi. Alen Jiress esa, osonlik bilan raqib darvozasini ishg‘ol qiladi.  

Bir qancha tortishuvlardan so‘ng shayx jamoasini maydondan olib chiqib ketadi Natijada, hakam Miroslav Stupar golni bekor qilib, futbolchilarni maydonga qaytarishga muvaffaq bo‘ladi. O‘yin davom etdi  va baribir yakunda arablar 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchrashdi. 

Foto: AP

Ammo Miroslav Stupar bu qarori uchun keyinchalik butunlay xalqaro futbol o‘yinlarini boshqarishdan chetlatildi.

JCh-1970. Asr o‘yini

Asr o‘yini sifatida aksariyat ekspertlar 1970 yilgi mundial yarim finalidagi Italiya va Germaniya to‘qnashuvini tan oladilar.

Nemislar so‘nggi daqiqadagina Italiyaning goliga javob berib, o‘yinni qo‘shimcha vaqtga o‘tkazishning uddasidan chiqqan edilar. Qo‘shimcha 30 daqiqa esa, haqiqiy dramatik ssenariyda kechdi va tomonlar navbati bilan hisobda oldinga chiqib ola boshladilar. Italiya 4:3 hisobida g‘alaba qozondi, ammo bu o‘yin ularni shu darajada holdan toydirgan ediki, finalda Braziliyaga qarshilik qilishga umuman kuch qolmadi – 1:4

JCh-1994. O‘ziga ishongan bolgar

JCh-94 arafasida, turnirni yorituvchi telekanallardan biri TV-shou uyushtiradi. Ko‘rsatuvga Braziliya terma jamoasi yetakchisi Romario, italiyalik yulduz Roberto Badjo, Gollandiyaning umidli futbolchisi Denis Berkamp va Xristoni taklif qilishadi (qarangki, aynan shu futbolchilar o‘sha JCh qahramonlari bo‘lishgan) va har bir yulduzga terma jamoalar imkoniyatlari haqida savollar so‘raladi.

Romario o‘z terma jamoasining kuchli tarkib hosil qilgani va chempionlikka asosiy da'vogar ekanligi haqida to‘lqinlanib gapiradi, Berkamp ham bo‘lajak JChdan ko‘p narsa kutayotganligini yashirmaydi. Roberto Badjo terma jamosining imkon qadar tayyorgarlik ko‘rganini va raqiblarning ham o‘ta kuchli ekanligini extiyotkorlik bilan e'tirof etadi. Shunda so‘z qahramonimizga beriladi. Xristo kutilmaganda, yulduzlarni bir muddatga turishlarini va stol atrofida bir marta aylanishlarini iltimos qiladi. Hayron bo‘lgan futbolchilar erkatoy sheriklarining aytganini qilishadi. Shunda Xristo Stoichkov teleekranga qarata:

- Ko‘rdinglarmi? Maydonda ham faqat mening aytganim bo‘ladi, - deb, barchaning olqishiga sazovor bo‘lgandi.   

O‘sha turnirda Stoichkov rostan ham o‘z jamoasini yelkasida ko‘tarib, yarim finalgacha yetaklab borishning uddasidan chiqqandi. Finalda esa, o‘sha ko‘rsatuv ishtirokchilari Romario va Badjo o‘zaro to‘qnash kelgan.

Internet materiallari asosida tayyorlandi