O‘zbekiston | 17:01 / 21.06.2018
11796
12 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish talablari qanday? 

Foto: Depositphotos

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, xorijiy davlatlarda o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'lim olganlik to‘g‘risidagi, shuningdek, klinik ordinaturani o‘taganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish)ni tashkil etish hamda tegishli guvohnoma berish bevosita O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat inspeksiyasi deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat inspeksiyasi talabgorlardan xorijiy davlatlarda o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'lim olganlik to‘g‘risidagi, shuningdek, klinik ordinaturani o‘taganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini aniqlash) uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilib oladi, ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) jarayoni uchun barcha zarur hujjatlar mavjudligini aniqlaydi va materiallarni Ekspert komissiyasiga yuborishni tashkil etadi, Ekspert komissiyasi tomonidan nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) uchun taqdim etilgan ta'lim to‘g‘risidagi hujjatni ekspertizadan o‘tkazish natijasiga ko‘ra xulosa tayyorlanishini tashkil etadi hamda Ekspert komissiyasining xulosasi haqida talabgorga ma'lum qiladi, Ekspert komissiyasi tomonidan belgilangan maxsus sinovlarni tashkil etadi va o‘tkazadi.

Talabgorlar xorijiy davlatlarda kasb-hunar va oliy ta'lim, shuningdek klinik ordinatura bo‘yicha ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarini nostrifikatsiyalash uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki YaIDXPdan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.

O‘zi kelib murojaat etgan taqdirda Davlat xizmatlari markazi xodimi nostrifikatsiya talabgori nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa nostrifikatsiya talabgori mustaqil ravishda belgilangan Reglamentga muvofiq so‘rovnomani to‘ldiradi.

Xorijiy davlatlarda kasb-hunar va oliy ta'lim, shuningdek klinik ordinatura bo‘yicha ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) to‘g‘risidagi so‘rovnomada talabgorning elektron manzili ko‘rsatilgani uning murojaati bo‘yicha qabul qilingan qaror haqida axborot tizimi orqali elektron shaklda xabarnoma olishga bo‘lgan roziligi hisoblanadi.

So‘rovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va uning ilovasining asl nusxasi (o‘tilgan o‘quv kurslari va ularning hajmi, yakuniy baholar, amaliyot, kurs va bitiruv malaka ishlari ro‘yxati, o‘quv jarayonining boshqa bajarilgan talablari ko‘rsatilishi lozim);

xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va uning ilovasining O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tasdiqlangan tarjimasi;

hujjat egasining shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;

xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.

Ariza davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinganda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va uning ilovasining asli ariza qabul qilingandan keyin hujjat egasiga qaytariladi.

Talabgordan ushbu bandda ko‘rsatilmagan ma'lumotlarni va hujjatlarni taqdim etishni talab qilish qat'iyan taqiqlanadi.

Ishonchsiz yoki noto‘g‘ri ma'lumotlar taqdim etilganligi uchun talabgor qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.

Har qanday bosqichda ma'lumotlar qalbakilashtirilganligi ma'lum bo‘lsa, nostrifikatsiya jarayoni to‘xtatiladi, topshirilgan hujjatlar va yig‘im qaytarilmaydi.

Zarur ma'lumotlar rasmiylashtirilgandan va so‘rovnomaga kiritilgandan so‘ng talabgor uni o‘z elektron raqamli imzosi (keyingi o‘rinlarda ERI deb yuritiladi) bilan tasdiqlaydi.

Davlat xizmatlari markazi xodimi va YaIDXP talabgorni davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ERI majburiy tartibda bo‘lishi shart ekanligi to‘g‘risida oldindan xabardor qiladi.

Davlat xizmatlari markazlari talabgorlar ERIni joyning o‘zida olishlari uchun barcha zarur sharoitlarni ta'minlashga majburdir.

Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘imlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:

Davlat xizmatlari markazi orqali amalga oshirilganda yig‘imning 20 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining byudjyetdan tashqari jamg‘armasining shaxsiy hisob raqamiga o‘tkaziladi;

YaIDXP orqali amalga oshirilganda yig‘imning 10 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi;

qolgan mablag‘lar Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Davlat inspeksiyasi ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan o‘quv yurtining o‘sha davlatda tegishli ro‘yxatda (davlat ro‘yxatidan o‘tganligi, litsenziyasi mavjudligi, akkreditatsiyalanganligi) borligini tekshiradi, hujjatning ilovasida ko‘rsatilgan fanlar va maxsus kurslar O‘zbekiston Respublikasida ushbu yoki unga turdosh yo‘nalishdagi mutaxassisliklar bo‘yicha tasdiqlangan o‘quv dasturiga mos kelish-kelmasligini (umumkasbiy va mutaxassislik fanlari bo‘yicha) ekspert komissiyasi orqali aniqlashni tashkil etadi va eng ko‘pi bilan o‘n besh kun muddatda tegishli qarorini chiqaradi. Davlat inspeksiyasi lozim bo‘lgan hollarda tegishli o‘quv yurti, mahalliy va xorijiy tashkilotlardan aniqlashtiruvchi hujjatlarni so‘rab olishi mumkin.

Davlat inspeksiyasi xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish)ni tashkil etish sohasida quyidagi vakolatlarga ega:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarning vakillaridan iborat tarkibda tegishli ta'lim yo‘nalish (mutaxassislik)lari bo‘yicha xorijiy mamlakatlarda berilgan ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini aniqlash) bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazuvchi ekspert komissiyasini (keyingi o‘rinlarda Ekspert komissiyasi deb ataladi) shakllantirish va uning ishini tashkil etish;

talabgorlardan xorijiy mamlakatlarda berilgan ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini aniqlash) uchun zarur bo‘lgan ta'lim to‘g‘risidagi va boshqa hujjatlarni qabul qilib olish;

ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) jarayoni uchun barcha zarur hujjatlar mavjudligini aniqlash va materiallarni Ekspert komissiyasiga yuborishni tashkil etish;

Ekspert komissiyasi tomonidan nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) uchun taqdim etilgan ta'lim to‘g‘risidagi hujjatni ekspertizadan o‘tkazish natijasiga ko‘ra xulosa tayyorlanishini tashkil etish;

Ekspert komissiyasining xulosasi haqida talabgorga ma'lum qilish;

Ekspert komissiyalari tomonidan belgilangan maxsus sinovlarni tashkil etish va o‘tkazish;

xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar tan olinganda va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) amalga oshirilganda talabgorga davlat namunasidagi guvohnomalar rasmiylashtirilishini tashkil etish.

Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish jarayoni xalqaro bitimlar va tavsiyalar, O‘zbekiston Respublikasi uzluksiz ta'lim tizimining davlat ta'lim standartlari, me'yoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.

Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olish talablari:

ta'lim to‘g‘risidagi hujjatni bergan ta'lim muassasasi o‘zi joylashgan davlatning vakolatli organlari tomonidan tan olingan bo‘lishi;

ta'lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan davlatda tan olingan bo‘lishi;

ta'lim to‘g‘risidagi hujjatning tan olinishi O‘zbekiston Respublikasi bilan davlatlararo bitimlarda ko‘zda tutilgan (mazkur Nizomning 8-bandida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno) bo‘lishi zarur.

Mazkur bandda belgilangan talablarga mos kelmaslik xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni tan olmaslikka asos bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasida xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) amaliyoti joriy qilingan 2000 yilgacha o‘qishga kirgan va tamomlagan talabgorlarning hujjatlarini tan olishda yuqoridagi talablar qo‘llanilmaydi.

Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalashda ushbu davlatlarning ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlari tan olingandan keyin ularning O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan davlat ta'lim standartlariga mosligi aniqlanadi va hujjat egasi tayyorgarligi darajasini muvofiqligi (ekvivalentligi) belgilanadi.

Ekvivalentlikni qayd etish jarayoni maxsus ekspertiza orqali o‘tkaziladi.

Maxsus ekspertiza quyidagilarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi:

o‘quv rejalari va dasturlarining mazmuni hamda muvofiqligi;

o‘quv jarayoni komponentlarining (fanlar (modullar), shuningdek, amaliyot (stajirovka), yakuniy malaka attestatsiyasi, bitiruv malaka ishi yoki magistrlik dissertatsiyasi (agar bunday komponentlar xorijiy ta'lim muassasasi tomonidan nazarda tutilgan bo‘lsa) mazmuni, bajarilgan talablari va bunday talablarning nostrifikatsiya talabgori tomonidan bajarilishi.

Olingan bilimlar va tajriba yakuniy tayyorgarlik nuqtai nazaridan o‘quv rejalari va ta'lim uslubiyatida bo‘lishi mumkin bo‘lgan farqlarni e'tirof etgan holda baholanadi.

Xorijiy davlatda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) jarayonida amalga oshiriladigan maxsus ekspertiza uchun ekspert mutaxassisga bitta hujjat uchun 2 (ikki) soat miqdorida mehnatga soatbay haq to‘lash miqdorlariga muvofiq haq to‘lanadi.

Ekvivalentlik to‘g‘risidagi xulosa quyidagilar asosida qabul qilinadi:

ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish to‘g‘risidagi ijobiy xulosa;

O‘zbekiston Respublikasi va ta'lim to‘g‘risidagi hujjat berilgan mamlakatdagi ta'lim tuzilmasiga qo‘yilgan umumiy talablarning mosligi;

ta'lim mazmunining mosligi to‘g‘risidagi ekspertizaning ijobiy xulosasi.

Ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarning ekvivalentligi haqidagi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan xalqaro va davlatlararo bitimlar va shartnomalar mavjud hollarda ekvivalentlik to‘g‘risidagi xulosa mazkur xalqaro bitimlar va shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

Mavzuga oid