Eronda 2 tonna oltin to‘plagan erkak qo‘lga olindi
Eron politsiyasi 2 tonna oltin to‘plagan “tangalar sultoni”ni qo‘lga oldi. Bu haqda Tehron politsiyasi boshlig‘i Husayn Rahimiyga iqtibos keltirgan holda IRIB teleradiokompaniyasi ma'lum qildi.
“O‘tgan yil davomida 2 tonna oltin to‘plab, uni sotish orqali katta daromad olgan “tangalar sultoni” ushlandi”, deb aytgan politsiya boshlig‘i.
Rahimiyning ma'lum qilishicha, qo‘lga olingan erkak mamlakat iqtisodiyotiga putur yetkazuvchi oltin tangalar noqonuniy bozorini tashkil etgan. U oltin sotib olishda yordamchilardan foydalangan. Politsiya yana 2 kishini hibsga olgan. Ular ushlanganda yonlaridan 20 kg oltin topilgan.
Rahimiy qo‘lga olingan kimsaning ismini oshkor qilmagan, faqatgina u 58 yoshda ekani va mahalliy OAV uni “tangalar sultoni” deb atashini ma'lum qilgan.
Eronda milliy valyuta rial oxirgi oylarda qadrsizlangani sababli, oltin tangalarga talab ortgan. Mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz tufayli tartibsizliklar yuz berib turibdi.
O‘tgan hafta namoyishlar sababli Tehronning eng katta bozori – Katta bozor va ikkita yirik savdo markazi yopib qo‘yilgan. Savdo nuqtalari egalari parlament oldida milliy valyutaning qadrsizlanishi va inflyatsiya darajasi oshishiga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazishgan. Mamlakat janubida esa ichimlik suvi tanqisligiga qarshi namoyishlar o‘tgan.
Mavzuga oid
12:01
«Minimal jazo». Eron oliy rahbari Isroil bo‘ylab raketa zarbasini izohladi
21:46 / 05.10.2024
Tramp Isroil Eronning yadroviy obektlariga zarba berishi kerakligini aytdi
21:17 / 05.10.2024
Isroil armiyasi Eronga «jiddiy va salmoqli» javob tayyorlayotganini ma’lum qildi
19:36 / 04.10.2024