O‘zbekiston | 15:00 / 10.07.2018
10807
3 daqiqa o‘qiladi

LonelyPlanet reytingi: O‘zbekiston Osiyoning eng sayohatbop o‘lkalari safida

Foto: National Geographic

Sayohat yo‘nalishida jahonga mashhur va eng nufuzli nashrlardan biri hisoblangan LonelyPlanet o‘zining navbatdagi "Osiyoning eng sayohatbop o‘lkalari" reytingini taqdim etdi. Unda O‘zbekiston Janubiy Koreya (Pusan)dan keyin sharafli ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher Shayxov shu haqida ma'lum qildi.

Ta'kidlash joizki, LonelyPlanet reytingida O‘zbekiston Vetnam, Hindiston, Yaponiya, Tailand, Nepal, Shri-Lanka, Xitoy va Indoneziya kabi taniqli yo‘nalishlarni ortda qoldirgan.

Nashr O‘zbekistonda turizm sharoitlarini yaxshilash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholaydi.

LonelyPlanet'da ta'kidlanishicha, O‘zbekiston o‘zining ajabtovur mozaikali masjidlari va Buyuk Ipak yo‘li afsonasi bilan sayyohlar tasavvuriga kuchli ta'sir ko‘rsatgan.

"2017 yil oxiriga kelib mamlakat o‘zining turizm sohasini rivojlantirib, vizasiz rejim va elektron viza tizimlarini yo‘lga qo‘yib, yangi havo yo‘nalishlari haqida e'lon qilib, temir yo‘l tarmog‘ida ajoyib tezyurar poyezdlarini ishga tushirib, ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi, bu esa uning betakror me'morchilik namunalari va qadimiy shaharlarini borib ko‘rish uchun qulaylik yaratadi. O‘zbekiston o‘zining mehmondo‘stligi bilan mashhur, boz ustiga mamlakatda ijobiy islohotlar olib borilmoqda", - deyiladi maqolada.

Foto: Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi

Shuni alohida qayd etish lozimki, so‘nggi vaqtlarda LonelyPlanet'da O‘zbekistonda turizm rivojiga doir qator maqolalar chop etildi.

Ma'lumot uchun: Lonely Planet sayyohlarga mo‘ljallangan ilk va eng nufuzli nashrlardan biri hisoblanadi. So‘nggi vaqtlarda u shuningdek mashhur turistik onlayn-portal sifatida ham xizmat ko‘rsatmoqda. Nashrga 1972 yilda asos solingan, 300 nafarga yaqin muallif faoliyat yuritadi.  Lonely Planet  shtab-kvartirasi Avstraliyada joylashgan.

Mavzuga oid