Harbiylarning farzandlariga ajratilayotgan kvotalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi
10 iyul kuni Mudofaa vazirligi tomonidan Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a'zolari uchun yangi imtiyozlar” mavzusidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur anjumanda Mudofaa vazirining harbiy-vatanparvarlik, ma'naviy-axloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Azizbek Ikromov, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya xodimlari, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi yetakchi mutaxassislari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 14 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a'zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi”gi 3726-son qaroriga muvofiq harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun respublika oliy ta'lim muassasalari hamda oliy harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha imkoniyat yaratildi. Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonning mudofaa qudratini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgan, xizmatdagi harbiy va ilmiy faoliyatda ma'lum bir natijalarga erishgan va tegishli vazirliklar va idoralarning tavsiyanomalariga ega bo‘lgan xizmatdagi ofitserlar, shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlarning farzandlariga respublika oliy ta'lim muassasalariga davlat granti asosida qabul qilinishi uchun kvota ajratildi.
Bundan tashqari, oliy harbiy ta'lim muassasalariga kursantlarning umumiy qabul sonidan bakalavriyatga qabul qilishning besh foizli kvotasi ajratiladi (ikkinchi va undan keyingi oliy ta'limdan tashqari). Ajratilgan besh foizli kvota chegarasida harbiy xizmatchilarning farzandlarini qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi hamda joylar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan tet sinovlari natijasi bo‘yicha to‘plangan ballardan kelib chiqqanda holda, navbatdagi ketma-ketlik tartibiga muvofiq taqsimlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2018 yil 4 iyuldagi 2-son bayoniga ko‘ra, joriy yilda ushbu grant kvotasining miqdori 888 tani tashkil etadi. Undan 44 foizi (390 ta o‘rin) Mudofaa vazirligiga, 10 foizi (89 o‘rin) Ichki ishlar vazirligiga, 3 foizi (27 o‘rin) Favqulodda vaziyatlar vazirligiga, 30 foiz Davlat xavfsizlik xizmatiga (266 o‘rin),1 foizi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga (9 o‘rin), 10 foizi Milliy gvardiyaga (89 o‘rin), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xavfsizlik xizmatiga 2 foiz (18 o‘rin) kvota ajratilgan.
Anjumanda ushbu tavsiyanomalarni berishda hamda ularning oliy ta'lim muassasalari tomonidan qabul qilinishida yuzaga kelayotgan turli tushunmovchiliklar, nomzodlar tomonidan kvota masalasida ko‘plab berilayotgan savollar muhokama qilindi, ularni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni qo‘llashga kelishib olindi.
Tavsiyanomalar faqat bir marotaba beriladi — agarda birinchi yilda o‘qishga kira olmasa, undan yana ikki yil foydalanishi mumkin. Tavsiyanoma asosida o‘qishga kirgan talaba qandaydir sababga ko‘ra, o‘qishdan chetlatilsa, ikkinchi bor tavsiyanomadan foydalana olmaydi.
Mavzuga oid
17:54 / 31.08.2024
Markaziy harbiy okrugda zirhli va maxsus harbiy texnikalarni ta’mirlash yo‘lga qo‘yildi
21:42 / 20.08.2024
Rossiya Mudofaa vazirligi «Belgorod», «Bryansk» va «Kursk» qo‘shin guruhlarini tashkil etdi
18:57 / 29.07.2024
Harbiy xizmatchi, IIO va bojxona xodimlari farzandlari uchun kvotalar tasdiqlandi
14:19 / 04.06.2024