09:52 / 12.07.2018
14037

O‘zbekistonda ilk bor «Ipak Yo‘li» banki negizida «Islomiy bank xizmatlari darchasi» tashkil etish rejalashtirilmoqda

Hozirda «Ipak Yo‘li» banki Xususiy Sektorini Rivojlantirish bo‘yicha Islom Korporatsiyasi (Islom Taraqqiyot Banki guruhiga kiradi) bilan islom banki xizmatlarini keng miqyosda joriy etgan holda bank negizida «Islom bank xizmatlari darchasi»ni yaratish loyihasini ishlab chiqishda konsultativ xizmatlarni taqdim etish bo‘yicha faol muzokaralar olib borish bosqichida turibdi.

Ushbu muzokaralar doirasida, joriy yilning 11 iyul sanasida AIT «Ipak Yo‘li» banki Bosh ofisi binosida Nida Raza (XSRIK konsultatsiya xizmatlari Departementi Direktori) boshchiligidagi XSRIK delegatsiyasi va Boshqaruv Raisi Saydaxmedov Saidabror boshchiligidagi bank rahbariyati o‘rtasida yuqori darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokara ishtirokchilari O‘zbekistonda «Islomiy bank xizmatlari darchasi»ni tashkil etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha taklif va mulohazalarini bildirishdi.

XSRIK delegatsiyasi ishtirokchilari «Islomiy bank xizmatlari darchasi»ni tashkil etish loyihasini O‘zbekiston aholisiga ma'qul kelishini alohida ta'kidlab o‘tib, muhokamalar samarali o‘tganini aytib o‘tishdi.

Bundan oldin, 2018 yilning 1-5 aprel kunlari Tunisda bo‘lib o‘tgan ITB guruhining 43-Yillik Yig‘ilishi davomida O‘zbekiston delegatsiyasi ITB rahbariyati va uning tarkibiy bo‘linmalari bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama uchrashuvlar doirasida mamlakat tijorat banklari negizida «Islomiy bank xizmatlari darchasi»ni yaratish bo‘yicha dastlabki sinov loyihani amalga oshirish bo‘yicha ilk kelishuvlarga erishilgan edi.

Yuqoridagi ikki tomonlama muzokaralarni inobatga olgan holda, «Ipak Yo‘li» aksiyadorlik innovatsiya tijorat banki O‘zbekistondagi «Islomiy bank xizmatlari darchasi» asosida islomiy moliyalashtirish tamoyillariga ko‘ra, bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi ilk tijorat banki bo‘lishi rejalashtirmoqda.

«Islomiy bank xizmatlari darchasi» – bu umuman an'anaviy bank xizmatlarini ko‘rsatmaydigan islomiy bankdan farqli ravishda an'anaviy tijorat banki tarkibidagi islom tamoyillariga asoslangan holda bank xizmatlarini taklif etuvchi alohida tuzilmaviy birligidir. «Islomiy bank xizmatlari darchasi» America Express Bank, HSBC, ANZ Grindlays, BNP-Paribas, Chase Manhattan, UBS kabi va boshka ko‘plab birinchi darajali banklarda mavjud. Ular Shariat qoidalariga rioya qilgan holda an'anaviy bank mahsulotlariga to‘laqonli muqobil bo‘lmish bank xizmatlarining barcha turlarini taqdim etishlari mumkin.

«Ipak Yo‘li» banki O‘zbekistonda islomiy moliyalashtirish mexanizmlarini keng joriy etish bo‘yicha loyihada faol ishtirok etishga har doim katta qiziqish bildirib kelgan, xususan, u islom bankchiligi tamoyillari asosida kichik va xususiy biznes sub'yektlarini moliyalashtirishni ta'minlash bo‘yicha XSRIK bilan hamkorlikni boshlagan birinchi o‘zbek bankidir. 2006 yildan boshlab «Ipak yo‘li» banki tomonidan 3 ta moliyalashtirish liniyalari bo‘yicha jami 22 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ jalb qilingan. Ular doirasida 43 ta loyihalar moliyalashtirildi va 650 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. «Ipak Yo‘li» banki Islomiy moliyalash sohasida katta tajriba va bilimlarga ega. Bu esa bank O‘zbekistonda «Islomiy bank xizmatlari darchasi» loyihasini muvaffaqiyatli joriy qilishiga asos bo‘la oladi.

Qisqacha ma'lumot

XSRIK Islom Taraqqiyot Banki xususiy sektori bo‘linmasi hisoblanadi. XSRIKning asosiy maqsadi Korporatsiyaga a'zo davlatlarning iqtisodiy rivojlanishini xususiy sektorga moliyaviy yordam ko‘rsatish orqali qo‘llab-quvvatlashdir. Islom taraqqiyot bankining asosiy vazifasi musulmon dunyosi mamlakatlarida iqtisodiy va ijtimoy taraqqiyotni islom qoidalariga amal qilgan holda qo‘llab quvvatlashdir.

Top