Sport | 21:42 / 23.07.2018
36094
19 daqiqa o‘qiladi

«Bas, yetar. Men buning uchun futbol o‘ynamayapman...» (Mesut O‘zilning bayonoti)

Bugun, 23 iyul kuni Germaniya terma jamoasi yarimhimoyachisi Mesut O‘zil ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida (InstagramTwitter) so‘nggi vaqtlarda o‘zining nasl-nasabi bilan bog‘liq holda ro‘y berayotgan mojarolarning batafsil tafsilotlarini e'lon qildi. «Arsenal» a'zosi o‘z bayonotida Germaniya termasidagi faoliyatini yakunlagani haqida ham gapirib o‘tgan. Quyida 3 qism va 4 sahifadan iborat bayonot matni to‘liq holda havola etiladi.

1/3. Prezident Erdo‘g‘an bilan uchrashuv

Foto: Reuters

O‘tgan bir necha hafta davomida oxirgi oylarda bo‘lib o‘tgan voqealar haqida o‘ylab olishim uchun imkon paydo bo‘ldi. 

Ko‘plab insonlar singari mening ham kelib chiqishim bir mamlakat bilan chegaralanib qolmagan. O‘zim Germaniyada voyaga yetgan bo‘lsam-da, oilamning tub ildizlari aynan Turkiyaga borib taqaladi. Menda ikki yurak bor – biri nemis, ikkinchisi turk yuragi. Bolaligimdan onam vatanim qayer ekanini unutmaslikka va uni hurmat qilishga o‘rgatgan. Men buni hozirgacha qadriyat sifatida saqlab qolganman.

May oyida Londonda, xayriya va ta'lim maqsadlarida tashkil etilgan tadbirda prezident Erdo‘g‘an bilan uchrashgandim. Biz ilk bor 2010 yili Berlinda, u va Angela Merkel birga Germaniya – Turkiya o‘yinini tomosha qilishganidan so‘ng ko‘rishgan edik. Shundan buyon dunyoning turli burchaklarida ko‘p marotaba yo‘llarimiz kesishdi.

Foto: Presidential Press Service/Pool via AP

Xabarim bor, u bilan birga tushgan suratimiz nemis OAVda katta rezonans keltirib chiqardi. Ba'zilar meni yolg‘onchilik ayblashlari mumkin, biroq suratdan hech qanday siyosiy maqsad ko‘zlangan emas.

Yuqorida aytganimdek, onam asl kelib chiqishimiz, vatanimiz va oilaviy an'analarimizni unutishimga yo‘l qo‘ymasdi. Mening prezident Erdog‘an bilan suratga tushishimning siyosat yoki saylovlarga hech qanday aloqasi yo‘q. Bu men uchun oilaviy vatanimiz bo‘lgan mamlakatning eng oliy idorasiga nisbatan hurmatni bildiradi. Men – futbolchiman, siyosatchi emas. Shunday ekan, bizning uchrashuvimiz ham hech qanday siyosiy ma'noga ega emas. Aslini olganda biz har safargiday faqat bir narsa – futbol haqida gaplashdik, chunki u ham yoshligida futbolchi bo‘lgan.

Germaniya matbuoti boshqacharoq mazmunda yoritgan bo‘lsa-da, haqiqat shuki, prezident bilan uchrashmaslik ajdodlarim oldida hurmatsizlik bo‘lgan bo‘lar edi. Bilaman, bu ajdodlarim bugun men erishgan marralardan faxrlangan bo‘lishardi. Prezidentning kimligi menga ahamiyatsiz, men uchun muhimi – bu insonning prezident ekanligi edi. Men biron bir mamlakat rahbariga hurmat bilan qarashim tabiiy hol. Ishonamanki, Erdo‘g‘anni Londonda qabul qilgan Angliya qirolichasi hamda mamlakat bosh vaziri Tereza Mey ham mening fikrimga qo‘shilishadi. Bu Turkiya prezidenti bo‘ladimi yoki Germaniya prezidentimi – mening xatti-harakatlarim o‘zgarmasdan qolgan bo‘lardi.

Buni tushunish qiyin bo‘lishi mumkinligini sezib turibman, chunki ko‘plab madaniyatlarda siyosiy yetakchini uning shaxsidan ayro holda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biroq bu vaziyatda hammasi boshqacha. Bu safargi yoki undan oldingi saylovlarda qanday natija bo‘lishidan qat'i nazar, men baribir shunday suratga tushgan bo‘lardim.

2/3. Matbuot va homiylar

Men jahondagi eng murakkab uch ligada to‘p surgan futbolchiman. Bundesliga, La Liga va Premer-ligada o‘ynayotgan vaqtim jamoadoshlarim va murabbiylar shtabidan doim ko‘mak olib turganimni omadim deb hisoblayman. Bundan tashqari, faoliyatim davomida matbuot bilan qanday munosabatda bo‘lish kerakligini ham o‘rgandim.

Ko‘plab odamlar mening o‘yinlarim haqida gapirishadi: goh olqishlashadi, goh tanqid qilishadi. Agar biror gazeta yoki mutaxassis mening o‘yinimda xatolik topsa, buni oddiy qabul qilaman – axir men mukammal futbolchi emasman. Bu meni o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashga ruhlantiradi. Biroq agar nemis matbuoti JChdagi muvaffaqiyatsizlik uchun ikki madaniyat vakili ekanim va oddiygina bir rasmni vaj qilib, butun jamoa nomidan faqat meni aybdor qilib ko‘rsatsa, yo‘q, buni qabul qila olmayman.

Ba'zi nemis gazetalari mening kelib chiqishim va prezident Erdo‘g‘an bilan birga tushgan suratimdan o‘zlarining o‘ng siyosiy maqsadlarini tashviqot qilishda foydalanishmoqda. Nega Rossiyadagi mag‘lubiyat uchun mening suratim va sarlavhalardagi nomimni aybdor qilishdi? Ular o‘yinimni tanqid qilishmadi, jamoaning o‘yinini ham tanqid qilishgani yo‘q. Ular faqat va faqat kelib chiqishimga ko‘ra turk ekanligim va tarbiyamga nisbatan hurmatimni tanqid qilishdi. Bu endi chegaradan chiqish bo‘ldi, gazetalar Germaniya xalqini menga qarshi qilib qo‘ymoqchi bo‘lishdi.

OAVning ikki xil prinsipni qo‘llayotgani ham hafsalamni pir qildi. Lotar Matteus (Germaniya terma jamoasining faxriy sardori) bir necha kun oldin jahonning boshqa bir yetakchisi bilan uchrashdi va matbuot uni aytarli tanqid qilgani yo‘q. Uning Germaniya terma jamoasidagi ahamiyatiga qaramay, OAV undan jamoatchilik oldida o‘z harakatlariga izoh berishni talab qilmadi va u hali ham hech qanday e'tirozsiz Germaniya termasining rasmiy vakili bo‘lib kelmoqda. Agar matbuot meni JChdagi tarkibdan ketishi kerak, deb hisoblagan bo‘lsa, u holda Matteus ham faxriy sardorlik unvonidan mahrum qilinishi kerak ekan-da? Kelib chiqishimga ko‘ra turk bo‘lganim uchungina shunchalik tanqid nishoniga aylandimmi?

Sherikchilik deganda men doim yaxshi damlarda ham, og‘ir vaziyatlarda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlashni tushunib kelganman. Yaqinda Gelzenkirxenga, o‘zim o‘qigan Berger-Feld maktabiga xayriya ishlaridagi ikki hamkorim bilan borishni rejalashtirgandim. Immigrantlarning farzandlari, kambag‘al oilalardan bo‘lgan bolalar va boshqa bolalar birgalikda futbol o‘ynab, hayotdagi ijtimoiy qoidalarni o‘rganadigan bu maktab loyihasini bir yildan buyon moliyalashtirib kelayotgan edim. Maktabga borishimizdan bir necha kun oldin, «hamkor» deb ataladigan tanishlarimdan biri ortiq bu ishda men bilan birga ishlashni istamasligini aytib, loyihani tark etdi. Ustiga ustak, maktab ma'muriyati bundan buyog‘iga mening u yerda bo‘lishimni istamasligini ma'lum qildi. Aytishlaricha, ular prezident Erdo‘g‘an bilan suratga tushganim, qolaversa, Gelzenkirxenda o‘ng qanot partiyasining ta'siri o‘sib borayotgani sabab «OAV tanqididan qo‘rqishgan»i uchun shunday qarorga kelishgan. Ro‘y-rost aytaman, bu men uchun og‘riqli zarba bo‘ldi. Yoshligimda ularning o‘quvchisi bo‘lgan bo‘lsam-da, meni istamasliklariga erishishdi, ularning vaqt sarflashlariga arzimas bo‘lishimga majburlashdi.

Bu ham yetmagandek, yana bir sherigim mendan voz kechdi. Germaniya futbol assotsiatsiyasining homiylari Jahon chempionati uchun reklama roligida suratga tushishimni so‘rashgandi. Lekin prezident Erdo‘g‘an bilan tushgan suratim tufayli, reklama kampaniyasidan meni chiqarib tashlashdi, rejalashtirilgan barcha tadbirlarni bekor qilishdi. Men bilan ekranga chiqish ular uchun foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradigan bo‘lib qolgandi va ular buni «inqiroz vaziyatlaridagi menejment» deb atashdi. Bu kinoya bo‘lib eshitiladi, chunki Germaniya vazirligi ularning mahsulotlarida foydalanuvchilarga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan noqonuniy va ro‘yxatdan o‘tmagan dasturiy ishlanmalar borligini e'lon qilgandi. Yuz minglab mahsulotlari ortga qaytarib olinyapti. GFA mening harakatlarimni tanqid qilib, o‘zimni oqlashimni talab qilayotgan bir paytda o‘z homiysidan jamoatchilikka rasmiy tushuntirish berishni so‘ramayapti. Nega? Nahotki foydalanuvchilarga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan dasturiy ishlanmalar oilamning tarixiy yurti bo‘lgan mamlakat prezidenti bilan olingan birgina suratdan ham yomonroq bo‘lsa? Bunga GFA qanday izoh beradi?

Yuqorida ta'kidlaganimdek, «hamkorlar» barcha vaziyatlarda siz bilan birga bo‘lishi kerak. Bu vaqt ichida Adidas, Beats va BigShoe kabi kompaniyalar juda sadoqatli va ajoyib hamkorlar bo‘lishdi. Ular nemis gazetalari va umuman OAV o‘ylab topgan bema'nilikdan yuqoriroq tura olishdi. Biz birgalikdagi loyihalarimizni professional tarzda amalga oshiryapmiz va men bu loyihalarning bir qismi ekanimdan juda xursandman. Jahon chempionati vaqtida men BigShoe bilan ishlab, Rossiyada 23 nafar yosh bolaning hayotini o‘zgartiradigan jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishga ko‘maklashdim. Avval Braziliya va Afrikada ham shunday xayriya tadbirini o‘tkazgandim. Bular men uchun futbolchi sifatida amalga oshirayotgan eng yaxshi ishlarimdir, lekin gazetalar bunday narsalarni yoritish uchun o‘z sahifasidan joy topa olmaydi. Ular uchun menga nisbatan hushtakbozlik qilishgani yoki prezident bilan suratga tushganim, dunyo bo‘ylab bolalarning operatsiya qilinishiga yordam berayotganimdan ko‘ra muhimroq. Bunday bolalar haqida ommaga axborot berish va ularga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish imkoniyati ularda ham bor, lekin gazetalar bunday qilmaslikni tanlashadi.

3/3. Germaniya futbol assotsiatsiyasi

GFA, xususan uning prezidenti Raynhard Grindel tomonidan menga nisbatan bo‘layotgan noto‘g‘ri munosabat oxirgi oylar ichida meni eng qattiq xafa qilgan holat bo‘ldi. Prezident Erdo‘g‘an bilan suratga tushganimdan so‘ng Yoaxim Lyov mendan ta'tilimni qisqartirib, Berlinga kelishimni va barcha gap-so‘zlarni to‘xtatish uchun qo‘shma bayonot bilan chiqishimni so‘radi. Grindelga asl kelib chiqishim haqida gapirib, suratni tushuntirmoqchi bo‘lganimda, u faqat o‘z siyosiy qarashlari haqida o‘ylab, mening fikrimni sariq chaqaga olgani yo‘q. Bu masalada o‘zini yuqori deb hisoblayvergach, biz eng yaxshisi – futbolga, oldindagi Jahon chempionatiga diqqat qaratish, degan to‘xtamga keldik. Shuning uchun ham GFAning JChga tayyorgarlik vaqtidagi matbuot anjumanlarida qatnashmagandim. Chunki bilardimki, futbolni emas, siyosatni muhokama qiladigan jurnalistlar meni ko‘rishlari hamonoq tashlanib qolishardi. Saudiya Arabistoniga qarshi Leverkuzendagi o‘yindan oldin Oliver Birhoff televideniyedagi intervyusida bu masalani to‘la yopganidan keyin ham bu hol davom etdi.

O‘tgan vaqt davomida men, shuningdek, Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan ham uchrashdim. Grindeldan farqli ravishda, prezident Shtaynmayyer professional edi. U oilam, kelib chiqishim va qarorlarim to‘g‘risida aytganlarimni diqqat bilan eshitdi. Uchrashuv faqat men, Ilkay va prezident Shtaynmayyer o‘rtamizda bo‘lib o‘tgandi. Grindel bu uchrashuvga chaqirilmay, o‘z siyosiy fikrlarini o‘tkaza olmaganidan xafa bo‘lgani ham esimda. Bu masalada olg‘a siljishga va diqqatni futbolga qaratishga doir qo‘shma bayonot bilan chiqishimizni aytgan Prezident Shtaynmayyerning fikriga qo‘shildim. Biroq Grindel birinchi bayonot uning idorasidan yangramasligini bilib hafsalasi pir bo‘ldi. Shtaynmayyerning matbuot xizmati bu masalani o‘z zimmasiga olgani unga yoqmagandi.

JCh tugaganidan buyon Grindel musobaqa boshlanmasidan oldin qabul qilgan qarorlari yuzasidan bosimga duch kelmoqda. Bu – haqli va o‘rinli tanqidlar. Yaqinda u bir chiqishida men yana bir marta o‘z harakatlarim yuzasidan tushuntirish berishim kerakligini aytib, termaning Rossiyadagi yomon natijalari uchun meni aybdor qildi. Vaholanki Berlinda u menga bu mashmasha tugaganini aytgandi. Hozir bu gaplarni Grindelga qarata aytayotganim yo‘q, shularni aytishni istaganim uchun gapiryapman. Men ortiq uning uquvsizligidan, o‘z ishini eplay olmasligidan jabr tortishni istamayman.

Bilaman, o‘sha surat paydo bo‘lgandan buyon u terma jamoadan ketishimni istab qolgan, bu haqdagi fikrini o‘ylab o‘tirmay, hech kim bilan maslahatlashmay Twitter`da e'lon qilgandi. Yoaxim Lyov va Oliver Birhoff mening tarafimni olib, termaga qaytarishgandi.

G‘alaba qozonganimizda Grindel va uning tarafdorlari ko‘ziga nemis bo‘lib ko‘rinaman, yutqazganimizda esa ularning nazdida immigrantga aylanaman. Germaniyada soliqlarni to‘layotganimga, nemis maktablaridagi sharoitlarni yaxshilashga urinayotganimga va 2014 yilda Jahon chempionatida g‘olib chiqqanimga qaramay, baribir nemis jamiyatida qabul qilinmayotganim buning sababi bo‘lsa kerak. Bu yerda menga hamon «boshqacha» qarashadi. Germaniya jamiyatiga muvaffaqiyatli moslashib ketganim uchun 2010 yili «Bembi» mukofoti bilan taqdirlashgan edi. 2014 yili Germaniya Federal Respublikasining «Kumush dafna yaprog‘i» sovrinini olgandim. 2015 yilda esa «Nemis futbolining elchisi» bo‘lgandim. Lekin shunda ham men germaniyalik emasmanmi? Germaniya jamiyatining to‘laqonli a'zosi bo‘lish uchun men mos kelmaydigan biron mezon qoldimi o‘zi? Do‘stlarim Lukas Podolski va Miroslav Klozeni hech qachon polshalik nemis sifatida ko‘rishmaydi, unda nega faqat menga turkiyalik nemis deb qarashadi? Balki gap Turkiyadadir? Balki musulmon bo‘lganim bunga sababmikan? Menimcha, bu yerda muhim masala bor. Nemis-turk sifatida qarashlari bilan bir necha yurt ildizlariga ega oiladan chiqqan insonlarni ayirib qo‘yishmoqda. Men Germaniyada tug‘ilib o‘sdim, shu yurtda ta'lim oldim, shunday ekan nega odamlar meni nemis sifatida qabul qila olishmaydi?

Grindel kabi fikrlaydiganlar hamma yerda topiladi. Bernd Holjauer (germaniyalik siyosatchi) prezident Erdo‘g‘an bilan tushgan suratim va kelib chiqishimga ko‘ra turk bo‘lganim uchun meni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qildi. Verner Stir (nemis teatrning rahbari) esa Turkiyada ko‘plab immigrantlar yashaydigan Anado‘liga «daf bo‘lishim»ni aytdi. Yuqorida aytib o‘tganimdek, mening oilaviy kelib chiqishim sabab tanqid va haqorat qilishlari chegaradan chiqib ketmoqda. Diskriminatsiyani siyosiy tashviqot yo‘lida qurol qilib olgan nobop kimsalar esa bu qilmishlari uchun darhol iste'foga chiqarilishlari kerak. Bu kabi shaxslar mening prezident Erdo‘g‘an bilan tushgan suratimdan o‘zlaridagi oldin yashirib kelgan irqchilik kayfiyatini ifodalash imkoniyati sifatida foydalanishmoqda, bu esa jamiyat uchun xavf tug‘diradi. Bundaylar Shvetsiya bilan bahsdan keyin menga haqoratlar yog‘dirgan fanatdan farq qilmaydi. Men bu yerda o‘zim va oilam manziliga yo‘llangan g‘azabga to‘la maktublar, tahdidli qo‘ng‘iroqlar va ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar haqida batafsil aytib o‘tirmoqchi emasman. Ularning barchasi o‘tmishda qolib ketgan, yangi madaniyatlarga toqat qila olmaydigan va men faxrlanmaydigan Germaniyani o‘zida aks ettiradi. Ochiq jamiyat qurishni yoqlaydigan nemislar mening fikrimga qo‘shilishlariga ishonchim komil.

Raynhard Grindel
Foto: AFP/SID/PATRIK STOLLARZ

Sizdan esa, Raynhard Grindel, hafsalam pir bo‘ldi, lekin harakatlaringizdan hayron bo‘lganim yo‘q. 2004 yili siz Germaniya parlamenti a'zosi bo‘lgan vaqtingizda, ikki millat vakili bo‘lish va poraxo‘rlik uchun belgilanadigan jazolar to‘g‘risidagi qonun loyihalariga qarshi ovoz berib, «Ko‘p madaniyatlilik aslida afsona, bir umrlik yolg‘on», deya ta'kidlagandingiz. O‘shanda islom madaniyati Germaniyaning ko‘plab shaharlarida juda chuqur ildiz otganini tanqid ham qilgandingiz. Sizning bu qilmishlaringizni kechirib ham, unutib ham bo‘lmaydi.

GFA va boshqa ko‘plab shaxslar tomonidan menga bo‘layotgan munosabat sabab men ortiq Germaniya milliy terma jamoasi libosini kiygim kelmay qoldi. Men terma jamoada o‘zimni keraksizdek his qilyapman. 2009 yildagi debyutimdan beri erishganlarim unutib yuborilgandek tuyulmoqda. Irqiy diskriminatsion dunyoqarashga ega shaxslarga, ikki yurtga taalluqli oilalardan chiqqan futbolchilarga ega dunyodagi eng katta futbol federatsiyasida ishlashga ruxsat berilmasligi kerak. Bunday odamlar o‘z qo‘l ostidagi futbolchilarning manfaatlarini himoya qilishga shunchaki ojizdirlar.

Og‘riq yurak bilan so‘nggi voqea-hodisalar haqida uzoq o‘ylagach, shunday qarorga keldim: bu irqchilik va hurmatsizlik tuyg‘usini sezib turar ekanman, Germaniya terma jamoasi uchun xalqaro maydonda ortiq to‘p surmayman. Germaniya termasi libosini kiyish menga faxr va ishtiyoq baxsh etardi, lekin endi unday emas. Bu qarorni qabul qilishim nihoyatda og‘ir bo‘ldi, chunki men har doim jamoadoshlarim, murabbiylar shtabi va Germaniyadagi yaxshi insonlar uchun borimni berib o‘ynagandim. Biroq GFAning oliy maqomli rasmiylari menga bunday muomalada bo‘lishlari, nasl-nasabim turk ekaniga hurmatsizlik bilan qarashlari va meni xudbinlarcha siyosiy tashviqot vositasiga aylantirib olishganlari... Bas, yetar. Men buning uchun futbol o‘ynamayman. Endi bunga jim qarab tura olmayman. Irqchilik hech qachon va aslo qabul qilinmasligi kerak.

Mesut O‘zil

Mavzuga oid