14:58 / 23.07.2018
79695

O‘zbekiston termasiga taniqli xorijlik mutaxassis bosh murabbiy bo‘ladi - manba

Foto: AP

Yarim yildan ko‘proq vaqt davomida bosh murabbiysiz qolgan O‘zbekiston terma jamoasini boshqaradigan mutaxassis nomi ma'lum bo‘ldi. Tribuna.uz`ning o‘zbek futboli rahbariyatiga yaqin manbasiga asoslanib xabar berishicha, O‘FA argentinalik murabbiy Ektor Kuper bilan kelishuvga erishgan.

Tayinlov haqida kelasi hafta boshida rasman e'lon qilinishi kutilmoqda.

Ektor Kuper murabbiylik faoliyati davomida olti mamlakat klublarida, xususan, Italiya va Ispaniya chempionatlarida ishlagan bo‘lib, 2000-2001 yillarda ketma-ket ikki marta «Valensiya»ni UYeFA Chempionlar ligasining finaliga olib chiqqan.

62 yoshli murabbiy terma jamoalardagi faoliyatini 2008 yilda Gretsiya termasidan boshlab, bir yildan ortiqroq vaqt davomida gretsiyaliklarni 16 o‘yinga boshlab tushgan hamda 1ta g‘alaba, 4ta durang va 11ta mag‘lubiyat qayd etgan.

Kuper Misr terma jamoasini 2018 yilgi jahon chempionatiga olib chiqish orqali yana katta futbol sahnasiga qaytdi. Misrdagi 3 yillik faoliyati davomida argentinalik mutaxassis 38ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, ulardan 19tasini g‘alaba, 7tasini durang va 12tasini mag‘lubiyat bilan yakunlagan.

JCh-2018da Misr terma jamoasi Urugvay, Rossiya va Saudiya Arabistoni bilan bir guruhdan joy olib, har uchala o‘yinni ham boy bergan holda so‘nggi o‘rinni egallagandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘FA O‘zbekiston termasining sobiq ustozi Samvel Babayanni 2017 yilning 7 sentabr kuni iste'foga chiqargandi.

Yangi bosh murabbiy terma jamoani 2019 yil yanvar-fevral oylarida BAA maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga munosib tayyorlashi kerak. O‘zbekiston musobaqaning guruh bosqichida Yaponiya, Ummon va Turkmaniston termalariga qarshi kurash olib boradi.

Top