Bulung‘urda keksa er-xotin 6 yildan buyon hammomda yashab kelmoqda
Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumani markazidagi Uvaysiy ko‘chasi 128-uyda istiqomat qiluvchi 75 yoshli Yo‘ldosh Normatov ayoli bilan mana olti yildirki hammomda yashab kelmoqda. Kun sayin sog‘lig‘iga putur yetib, tez-tez ayoli bilan shifoxonada muolaja olyapti, deb yozadi "Zarafshon" nashri.
Bu esa bugun tumanda hech kimni tashvishlantirmayapti. Aksincha, keksalarning shu ko‘yga tushishiga olti yil oldin tuman hokimligi va fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi ham "yordamlashib" yuborgan edi. Nuroniylarning taqdiri bir pul bo‘lsa, ba'zan sud qarori bilan ham ularni shu ahvolga tushirish mumkin ekan.
Hammasi 2010 yilda boshlangan. Aslida Yo‘ldosh otaning binoyiday hovlisi, yashash uchun yaxshigina sharoitga ega uyi ham bor edi. O‘sha yili ularning 126-uyda yashovchi qo‘shnisi Saidqul Jabborov 124-uyni ham sotib olgach, he yo‘q, be yo‘q umumiy ko‘cha ustini yopib, darvoza qurib oladi. Yo‘ldosh Normatov yashaydigan uyning derazasi ana shu ko‘chaga qaragan edi. Xuddi shu ko‘chadan otaxonning uyiga gaz tarmog‘i ham o‘tgandi. Hammasi mutlaqo o‘zboshimchalik bilan qurilgan darvozaxona ichida qolib ketadi. Qirq yil temiryo‘lda mashinist bo‘lib ishlab, nafaqaga chiqqan Y.Normatovning derazasi tagida endi har tunda qo‘shniga tegishli darvoza va garaj shovqini uyqu bermaydi. Er-xotinning shifoxonaga tushib qolgani qo‘shnining "to‘pig‘iga ham kelmadi".
Xullas, Yo‘ldosh ota majbur bo‘lib, tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati DUKga murojaat etadi. Shundan so‘ng tuman hokimligiga. Chunki quyosh tushmayotgan xona nam tortib, nurab, to‘kila boshladi. Ko‘chani egallab olgan qo‘shni esa ta'mirlashga ham qo‘ymaydi.
2010 yil 17 mart kuni kadastr xizmati xodimlari Samarqand mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari ishtirokida vaziyatni joyida o‘rganib, S.Jabborov tomonidan tor ko‘cha tarmog‘ida qurilgan darvozaxonani noqonuniy, deb topadi. Uni buzish to‘g‘risida ogohlantiriladi. Jabborov shunchaki buzishdan bosh tortadi. Kamiga hali tuman hokimligi, hali boshqa idoralardan madad so‘rab, turli eshikka bosh suqayotgan Yo‘ldosh otaga "Xohlagan joyingga bormaysanmi?", deya ustidan kuladi.
Kulganicha bor ekan, hokimlikning kuchi yetmadi va 2011 yil 28 fevralda Yo‘ldosh Normatovga Bulung‘ur tumani hokimi quyidagi mazmunda javob beradi: "Sizning murojaatingiz hokimlik mutaxassislari va tuman ko‘chmas mulk davlat kadastri xizmati xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilgan va ular tomonidan qo‘shningiz S.Jabborov o‘zboshimchalik bilan derazangiz oldidan darvozaxona qurib olgani aniqlanib, unga o‘z ixtiyori bilan noqonuniy qurilishni buzish to‘g‘risida bir necha marta ogohlantirish berilgan. Shunga qaramasdan, hozirgi kungacha qo‘shningiz ushbu darvozaxonani buzmasdan kelgan. Bunday holatda uning o‘zboshimchalik bilan qurgan noqonuniy darvozaxonasini o‘z hisobidan majburiy ravishda buzdirish va sizga yetkazilgan zararni undan undirish uchun qonunda belgilangan tartibda da'vo arizasi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudiga murojaat qilishingiz lozim bo‘ladi".
Fuqaroning dardini his qilmagan tashkilot uchun undan qutulishning eng oson yo‘li "sudga boring" deyishdir. Sudda esa bundan battar o‘yinlar borligini bechora fuqaro qayerdan bilsin. Xullas, Yo‘ldosh Normatov fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritadi. Dastlab sud Y.Normatov foydasiga qaror chiqaradi (sudya B.Xidirov imzosi bilan). Tuman kadastr xizmati xodimlari dalolatnomasi, Yer Kodeksining 91-moddasi, Fuqarolik Kodeksining 212-moddasi talablariga ko‘ra, sud qonun asosida javobgar tomonidan unga ajratilmagan yer maydonida tegishli ruxsatnoma olmasdan arxitektura va qurilish normalariga zid ravishda, o‘zboshimchalik bilan darvozaxona qurib, egallab olgani uchun darvozaxonaning javobgar hisobidan buzdirilishi to‘g‘risida qaror chiqaradi. Muammo shundaki, bu qaror qarorligicha qolib ketaveradi. Hatto ijro varaqasining Bulung‘urga yetib kelishi uchun ham salkam uch oy o‘tib ketadi. Ijro baribir bajarilmaydi. Bu ham yetmagandek, 2012 yil 2 martda FIB Jomboy tumanlararo sudi (yana B.Xidirov imzosi bilan) 2011 yil 7 oktabrdagi o‘z qarori ijrosi harakatlarini to‘xtatib qo‘yadi.
Yashash kerak, keksaygan chog‘ida majbur bo‘lib Yo‘ldosh bobo yana FIB Jomboy tumanlararo sudiga murojaat qiladi. Sud ishni qayta ko‘rib, 2012 yil 11 aprelda da'vogarning talabini qondirish to‘g‘risida qaror chiqarib, sud ijrochilariga ijro varaqasi yuboradi. Biroq bu safar javobgar Jabborov turmush o‘rtog‘i va o‘zining ikkinchi guruh nogironi ekani sababli ochiq havoda o‘tirish, hovliga kirish-chiqishda qulaylik bo‘lish uchun boshi berk ko‘chadan darvozaxona qurib olganini pesh qilib sud qaroriga protest kiritadi.
Kamiga noqonuniy qurilmaga nisbatan egalik huquqi uchun ham murojaat qiladi. Eng alam qiladigani shundaki, shuncha vaqt bu darvozaxonaning noqonuniy ekanini rasman ta'kidlab kelgani holda sudya B.Xidirov bu ishni rad etmadi. Ya'ni, 2012 yilning 8 mayida ko‘rilgan sud majlisida Bulung‘ur tuman hokimligi zimmasiga 126-uyning kirish qismidagi umumiy foydalanishdagi 8,0x3,5 kvadrat metr boshi berk ko‘chani arizachi Saidqul Jabborov nomiga egalik huquqini o‘rnatish to‘g‘risida majburiyat yuklab, qaror chiqarib yuboradi. Suddan buni kutmagan Yo‘ldosh bobo va uning ayoli endi kimdan najot kutishni ham bilmay qoladi.
Odamlarning maslahati bilan Y.Normatov FIB viloyat sudiga murojaat qiladi va 2012 yil 12 iyulda o‘tkazgan sud majlisida FIB Jomboy tumanlararo sudining 2012 yil 11 apreldagi (unda darvozaxonani buzdirish to‘g‘risida xulosaga kelingan) qarorini o‘zgarishsiz qoldirishni ma'qul ko‘radi. Masalaga viloyat aralashgach, FIB Jomboy tumanlararo sudi raisi B.Xidirov bir masala bo‘yicha uchinchi marta fikrini o‘zgartiradi va navbatdagi sud majlisida hal qiluv qarori ijro harakatlarini tiklab yuboradi. Va ajrimni ijro qilish uchun 16 iyul kuni Bulung‘ur tumani sud ijrochilar bo‘limi katta ijrochisiga xat jo‘natadi.
Afsuski, oraga nimadir aralashsa, sud uchun qarorni o‘zgartirish hech narsa emas ekan. O‘sha nimadirning nima ekanini Yo‘ldosh ota tushunolmay halak. Fakt shuki, 3 avgust kuni FIB viloyat sudi sud ijrochilari Bulung‘ur tuman bo‘limiga quyidagicha noma yuboradi:
"O‘zbekiston Respublikasi FPKning 351-moddasi tartibida fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudi tomonidan 2012 yil 11 aprelda ko‘rilgan da'vogar Y.Normatovning javobgar S.Jabborovga nisbatan darvozaxonani buzdirish haqidagi fuqarolik ishini zudlik bilan viloyat sudiga yuborishingizni so‘rayman.
FPKning 352-moddasi tartibida da'vogar Y.Normatovning javobgar S.Jabborovga nisbatan darvozaxonani buzdirish haqidagi fuqarolik ishi yuzasidan chiqarilgan sud qarorlari ijrosini vaqtincha ish nazorat tartibida ko‘rilgunga qadar TO‘XTATAMAN.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisi v/b T.Usmanov".
Sodda qilib aytganda, "shoshmay turinglar-chi" qabilidagi gap.
Buyam yetmaganday, Bulung‘ur tuman hokimi 2012 yil 24 avgustda yuqoridagi nizoga sabab bo‘lgan ko‘chani "bore" deb S.Jabborov nomiga shaxsiy mulkchilikka huquqiy tarzda tan olish to‘g‘risida qaror chiqaradi. Holbuki, xuddi shu hokimlik buning noqonuniy ekanini rasman tan olib, Yo‘ldosh boboga xat yo‘llagan, sudga borishni maslahat bergan edi.
Xullas, sudbozlikning ham, qog‘ozbozlikning ham oxiri ko‘rinmaydi. Butun boshli idoralar bitta noqonuniy darvozani olib tashlay olmadi, aniqrog‘i, xohlamadi. Kamiga bu joyni qonuniy qilib berish to‘g‘risida qoidabuzar foydasiga qarorlar chiqardi. Yakuniy qarorni FIB Jomboy tumanlararo sudi 2012 yil 14 noyabr kuni e'lon qiladi. Unda sud tomonidan Bulung‘ur tuman hokimining 2012 yil 24 avgust kungi qaroriga ko‘ra, egalik huquqi o‘rnatilgani sababli da'vogar Y.Normatovning javobgar S.Jabborovga nisbatan noqonuniy qurilgan darvozaxonani buzish to‘g‘risidagi da'vo talabi rad etiladi. (Rais yana B.Xidirov). Yo‘ldosh ota butunlay karaxt ahvolga tushib qoladi. Axir, ilk bor qator kodekslarga asosan Jabborovni nohaq degan ham shular edi-da.
Hokimlik va sudyalardan butunlay ko‘ngli qolib ketgan Yo‘ldosh bobo taqdirga tan berib, 6 yildan beri hammomda yashab kelmoqda. Bu orada qo‘shnisi otaxonning uyi tomining bir qismini to‘rt qator buzib, yog‘ochlarini kesib, bir yo‘la o‘zining binosi tarnovini ham Yo‘lbosh bobo uyiga to‘g‘rilab qo‘yaqoldi. Axir, unga kimning ham kuchi yetardi?!
Anvar Mustafoqulov
Mavzuga oid
10:27 / 14.11.2024
Toshkentda eng arzon uy-joy ijarasi qaysi tumanlarda ekani aytildi
12:10 / 13.11.2024
O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi
13:32 / 06.11.2024
Toshkentda oktyabrda uy-joylar uchun ijara narxi oshishi sekinlashdi
17:03 / 29.10.2024