O‘zbekiston | 21:00 / 25.07.2018
75362
10 daqiqa o‘qiladi

«To‘rt chegara postidan o‘tib...» So‘x anklavidan reportaj (1-qism)

Uzoq vaqtdan beri O‘zbekistonning anklav va eksklav, ya'ni  hududini yuz foiz boshqa mamlakat yeri o‘rab turuvchi Farg‘ona viloyati, So‘x tumaniga borib, o‘quvchilar uchun aholining turmushi, bugungi kuni va muammolari haqida maqola tayyorlashni rejalashtirgan edik. Niyatimiz yozning issiq kunlarida amalga oshdi.  

Keling, avval siz bilan “anklav” atamasiga oydinlik kiritib olsak... Anklav (frants. enclave, lot. inclavare — qulflab olish) – bir davlatning hamma tomondan boshqa davlat hududi bilan o‘rab olingan hududi yoki hududining bir qismi. Farg‘ona viloyatiga qarashli So‘x, Cho‘ng‘ara, Shohimardon, Qalacha hududlari O‘zbekiston eksklavlari bo‘lib, Qirg‘iziston Respublikasi uchun anklav hisoblanadi.

So‘xdan KUN.UZ tahririyatiga kelgan murojaatlarda tumanga ommaviy axborot vositalari vakillarining kam qadam bosishi haqida yozishgan. Biz bo‘lsa, o‘zbekistonliklarning o‘z yurti tumaniga borishi uchun juda murakkab chig‘iriqli yo‘l bosishini tasavvur ham qilmagan edik.

Sayohatimiz rostdan ham taassurotlarga boy va qiziq kechdi.    

Chegara mashmashasi va undan o‘tish uchun “bilet” olganimiz haqida..

Farg‘ona shahrining qoq markazida, to‘g‘ri So‘xga qatnaydigan taksilar turadigan joy bor ekan. Hamma joyda bo‘lgani singari uni ham mahalliy tilda “pitak” deb atashadi. Ertalab soat to‘rtda o‘sha yo‘nalishda qatnovchi taksichiga telefon qilamiz. U : “Odam olmay kutib turaman. So‘xga borish, bir kishiga 25 ming so‘m”,-deydi. Yuz kilometr yo‘lga 25 ming so‘m, qimmat emas... Tasvirga olish uskunalarimiz borligi uchun  bitta yo‘lovchi kamroq olishini aytib, kelishdik.

Duoni quyuq qilib, Farg‘onadan Vodil qishlog‘i tomon yo‘lga chiqqanimizda soat to‘rt bo‘lgandi. Vodilgacha bo‘lgan masofa 20-25 kilometrni tashkil qilar ekan. Viloyat markazidan So‘xgacha bo‘lgan masofa esa 110 kilometr.

Vodiy xalqi erta uyg‘onadi. Sahar bo‘lishiga qaramay, tongda ko‘chalar gavjum. Vodildagi chegara postida esa tumonat odam ekan. Tongda o‘tuvchilar oqimi deyarli faqat bir tomonga, ya'ni Qirg‘iziston  tarafga edi. Mazkur post orqali So‘x va Farg‘ona tumanlarining Shohimardon va Yordon qishloqlariga ham o‘tiladi.

Chegara postiga borgach, mashinamiz turnaqator navbatga qo‘shildi. Biz ham uzundan-uzun navbat kutib turgan odamlar qatoridan joy oldik. Navbatda turganlarning katta qismi Shohimardonga hordik chiqarish uchun ketayotganlar ekan.

Eshitganimiz bor, So‘xga yetib borish uchun eng dahmaza jarayon aynan chegaradan o‘tish. Undan o‘tish uchun uch-to‘rt soat, ba'zida esa besh soatgacha vaqt ketadi.

O‘zbekiston chegarasidan o‘tishda bizga  jurnalist ekanligimiz asqotdi. Bojxona xodimlari va navbatda turgan kishilar ham hayrixohlik bilan navbatni oldiga o‘tkazishdi. Biz o‘tirgan taksiga ham navbatsiz o‘tish imkonini berishdi. Shuning uchun chegara va bojxona xodimlarimizga rahmat aytdik.

45 daqiqa oralig‘ida “Vodil” postidan pasportimizga muhr bostirib, neytral hududdan o‘tgach, Qirg‘iziston tomonidagi Botken chegara postidagi gavjum navbatga qo‘shildik.

O‘z sarhadimizdan chiqqach, qo‘shni davlat chegara xodimlarining ro‘yxush bermay qiladigan muomalasi ostida bir yarim soatcha panjarali o‘tish joyida turardik. Panjara har zamonda ochilib 10-15 nafar kishi qo‘yiladi. 200 chog‘li navbatda turgan paytimiz qarindoshlarnikiga azaga ketayotgan kishilarni oldinga o‘tkazib yuborishganini guvohi bo‘ldik. Odamlar bilan suhbatlashib, ancha-muncha ma'lumotlar to‘plandi.

Va nihoyat navbat bizga kelib, pasportimizni qo‘lga olgancha, qo‘shni davlat chegarachilariga ro‘baro‘ bo‘ldik.

Chegarada uch nafar alohida yengil konstruksiyali binochalar va ularda pasportingizni kompyuterga solib tekshiruvchi xodim o‘tirar ekan. Tasvirchimizdan so‘ng navbat kelib, xodimga pasportni uzatdim. U bir daqiqa tekshirgach, asta: “Bilet ber-chi?” deydi. Orqamdagi kishi turtib: “Besh ming bering, qo‘liga..” deya pichirladi.  Pulni kissadan olib uning qo‘liga uzatgach, pasportimga “gup” etib muhr bosildi. Va men chiqish yo‘lagi tomon yurdim.

Chegara hududida suratga olish mumkin emas. Bu amal qat'iy taqiqlangani haqida plakatlar turibdi. Qo‘shni davlat chegarasidagi eng ko‘p bildirgilar chegarada korrupsiyaga yo‘l yo‘q ekanligi haqida(?).

Tasvirchimiz ham “bilet” deya atalmush “o‘lpon” to‘labdi.  Shanba va yakshanba kunlari bu postdan 3 mingdan ziyod aholi o‘tadi. Taksichilarning ham har kuni alohida “bilet” olishi bor.“Aytdim, qo‘ydimda-a..” Muomalalari ham o‘ta qo‘pol bo‘lganiga uzoq to‘xtalib o‘tmadim. Bu yerdan har kuni o‘tadiganlarga to‘zim bersin...

Ikki yarim soat deganida chegara to‘sig‘idan o‘tib, panjarali yo‘lakchadan Botken viloyatining Qadamjoy rayoniga chiqdik.

Tog‘lar, daralar.. Mashinadan tushishga ruxsat esa yo‘q

Vohada yo‘l yurganingizda har ikki tomoningizda tekislik qancha ko‘p bo‘lsa, Botkendan o‘tadigan So‘x yo‘lida tog‘ bundan ko‘proq ekan.

O‘zingizni pashshadan ham kichik ekanligingizni his etishga majbur qiladigan judayam katta tog‘lar. To‘g‘risi, juda chiroyli manzaralar.  Havo harorati yoz kunida tandirga o‘xshab qizib turgan Namangan va Farg‘onadan 10 daraja past. Odamlar bejiz, toza havo va salqin joy izlab Shohimardon tomon oshiqishmas ekan!

Taksi haydovchisi dilkash kishi. Manzilga yetib borguncha  uni savollarga ko‘mib ketdik. Yo‘lning tranzit ekanligi yomon. Biror joyda to‘xtash va suratga olish mumkin emas. Nega unday, bilmadik? Yo‘llar bizdagidek keng emas. Sifati o‘rtacha va yomon.

Eng murakkabi So‘xga boruvchilar Aydarkonga yaqin joyda, mahalliy yozilmagan qonunlarga asosan yarim soat - 10 kilometr o‘ta notekis, xuddi tikondek toshlar “o‘sib” chiqqan rasvo yo‘lni bosib o‘tishi shart ekan. Haydovchining aytishicha, aholi yashaydigan tekis yo‘ldan yurish muammolar tug‘diradi. Aslida, so‘xliklar yurishi ma'n qilingan o‘sha yo‘l besh daqiqada bosib o‘tiladi. O‘sha yo‘lni  suratga oldim.

 

Qadamjoy tabiati juda go‘zal tuman. Aydarkon shahri, turli ovullarni tomosha qilib ketyapmiz. Yo‘lda mashinadan tushmadik va aholi bilan suhbatlashish imkoni yo‘q. 70 kilometr tog‘, dovon, daralar orasidan o‘tib, So‘xga o‘tish joyidagi yana ikki davlat chegara postlariga yetib keldik.

Bu ikki chegara posti gavjum emas va chegarachilar juda xushmuomalalik bilan muloqot qilishdi. Deyarli 20 daqiqada yana bir juft chegara postini bosib o‘tib, So‘xga kirib bordik.

So‘xdamiz

Tog‘lar orasida, hududini yuz foiz boshqa davlat sarhadlari o‘rab turgan So‘x tumanini tabiatini ta'riflash uchun kishi shoir bo‘lishi kerak.

Baland mahobatli tog‘lar, tip-tiniq zilol suvlar, yam-yashil bog‘lar, dilkash va mehnatsevar insonlar yashaydigan zamin.

Taksi haydovchisi: “Agar, tumanimizning bugungi kuni, insonlari va muammolarini yozaman deb kelgan bo‘lsangiz, kechgacha pul olmasdan birga yuraman” deydi. U kishi So‘xning eng katta muammosini uch-to‘rt bor takrorlab keldi. Bu haqda alohida gaplashamiz...

Tuman aholisi soni 80 ming nafarni tashkil etadi. Hududda 27 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 29 ta maktab, yigirmadan ortiq bog‘cha, uchta kollej, Markaziy shifoxona va ko‘plab FAPlar ishlab turibdi. So‘x markazidan eng uzoq qishloq G‘aznobgacha 40 kilometr.

So‘x kartoshkasining esa vodiyda dong‘i ketgan. Tumanda   1900 gektar ekin yer maydoni bo‘lib, paxta ekilmas ekan. Fermer xo‘jaliklarida g‘alla, kartoshka va boshqa sabzovotlar yetishtiriladi.

Tuman markazi gavjum, ma'muriy binolar zamonaviy arxitektura uslubida qurilgan. Bozori ham fayzli.

Biz to‘g‘ri xalq qabulxonasiga kirib bordik. U yerda bizni qabulxona rahbari Ma'mirjon Botirov va Mahalla Kengashining keksalar va faxriylar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Kamoliddin Azizovlar kutib olishdi.

Shu yerda So‘x safari haqidagi maqolamizning birinchi qismiga yakun yasaymiz. Ajdodlarimiz dostonchi o‘tgani rost bo‘lsa kerak.. Juda cho‘zilib, ketdi. Videolavhalarni ham keyingi safarga qoldirdik.

Navbatdagi materialda anklav haqidagi yanada qiziqroq ma'lumotlar va So‘xning eng asosiy muammosiga to‘xtalamiz.       

Elmurod Ermatov,
KUN.UZ muxbiri
Farg‘ona-Botken -So‘x

Mavzuga oid