Sport | 11:00 / 26.07.2018
10045
3 daqiqa o‘qiladi

Golovin «Monako»da. Transfer tafsilotlari

Rossiya terma jamoasi a'zosi, Moskvaning TsSKA klubi yarim himoyachisi Aleksandr Golovin «Monako»ga o‘tmoqda. Ayni vaqtga kelib monegaskliklar klubi ushbu rossiyalik futbolchi transferini tasdiqlagan.

Ushbu 22 yoshli futbolchi bugun Monakoga uchadi va yangi klubi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Shundan so‘ng klublar vakillari transfer shartnomasini, futbolchi bilan esa shaxsiy shartnoma imzolanishi mumkin.

«Sport Ekspress» ma'lumotiga ko‘ra, futbolchi bilan 5 yillik hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishilgan, transfer qiymati 30 million yevroni tashkil etadi. 

Bundan tashqari, futbolchi keyinroq boshqa jamoaga sotilsa, TsSKA transferdan ulush oladi.

Futbolchining yillik maoshi 2 million yevroga teng bo‘ladi.

Golovin jahon chempionatida Rossiya terma jamoasi safida yorqin o‘yinlar ko‘rsatgach, Yevropa klublarining qiziqishlariga sabab bo‘lgandi. Dastlab Turinning «Yuventus» klubi futbolchi transferini deyarli hal qilgandi, keyinroq «Chelsi» asosiy da'vogarga aylandi. Ammo futbolchi bu jamoalarda asosiy tarkibdan muqim o‘rin egallashiga kafolat bo‘lmagani tufayli Fransiya chempionati ishtirokchisini tanladi.

Qayd etish kerakki, Golovin endilikda eng qimmatbaho rossiyalik futbolchiga aylanadi.

RPLdan Yevropaga transfer bo‘lgan eng qimmatbaho rossiyalik futbolchilar:

Marat Izmaylov (2008) – «Lokomotiv»dan «Sporting»ga - 4,5 mln yevro;

Pavel Pogrebnyak (2009) – «Zenit»dan «Shtutgart»ga - 4,8 mln yevro;

Aleksandr Kerjakov (2006) – «Zenit»dan «Sevilya»ga -  5 mln yevro;

Dmitriy Alenichev (1998) – «Spartak»dan «Roma»ga - 7 mln yevro;

Diniyar Bilyaletdinov (2009) – «Lokomotiv»dan «Everton»ga - 10 mln yevro;

Andrey Arshavin (2009) – «Zenit»dan «Arsenal»ga - 16,5 mln yevro;

Roman Pavlyuchenko (2008) – «Spartak»dan «Tottenhem»ga - 17,4 mln yevro;

Yuriy Jirkov (2009) – TsSKAdan «Chelsi»ga - 21 mln yevro;

Aleksandr Golovin (2018) – TsSKAdan «Monako»ga 30 mln yevro.

Mavzuga oid