O‘zbekiston | 09:33 / 09.10.2025
2323
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Monakodagi birinchi elchisi tayinlandi

O‘zbekistonning Monako knyazligiga yangi tayinlangan birinchi favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Parij shahrida joylashgan) Nodir G‘aniyev 7 oktyabr kuni knyaz Albert II ga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Foto: Dunyo

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga sodiqligi bilan tanilgan Monako knyazi O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energetika bo‘yicha yirik loyihalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirib, yashil iqtisodiyotga o‘tish borasidagi sa’y-harakatlarni va 2030 yilgacha qayta tiklanadigan energiya manbalaridan elektr energiyasining 54 foizini ishlab chiqarish kabi ulkan maqsadni e’tirof etdi.

Monako knyazi O‘zbekistonni joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida Samarqand shahri YuNeSKO bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga mezbonlik qilishi bilan tabrikladi. U mazkur nufuzli tadbir O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga ochiqligi, tashqi siyosiy faoliyatining yorqin ifodasi ekanini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston elchisi, o‘z navbatida, O‘zbekiston-Monako munosabatlarini yanada rivojlantirish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirishini bildirdi.

O‘zbekiston va Monako o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 2013 yil 29 noyabrda o‘rnatilgan.

Nodir G‘aniyev O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi etib tayinlangan va 2024 yil sentabr oyida prezident Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirgan edi. Diplomat shu yilning may oyidan buyon mamlakatning Portugaliyadagi elchisi lavozimida ham ishlab kelmoqda.

Mavzuga oid