Jamiyat | 11:26 / 30.07.2018
30049
3 daqiqa o‘qiladi

18 yillik abituriyent bu yil qizi bilan o‘qishga hujjat topshirdi

Samarqand shahri, Gagarin ko‘chasida yashovchi Anvar Bekmurodov 40 yoshda. U 18 yildan buyon talaba bo‘lishni orzu qilib, har yili Samarqand shahridagi oliygohlarga hujjat topshiradi, ammo omadi chopmaydi. Uning shuncha yillik urinishlari besamar ketsa-da, umidi so‘ngani yo‘q.

«Men 1995-96 yillarda SamDU huquqshunoslik fakultetiga, undan so‘ng 5 yil davomida shu oliygohning tarix fakultetiga, 2 yil SamDAQIga,1 yil Samarqand Davlat qishloq xo‘jaligi institutiga, 2011-2018 yillar davomida SamDUning musiqa fakultetiga hujjat topshirib kelyapman. Oliy ma'lumot olishni juda-juda orzu qilaman. Bu yil ham musiqa fakultetining sirtqi bo‘limiga hujjat topshirdim», deydi Anvar Bekmurodov.

Uning aytishicha, o‘tgan yillar mobaynida test imtihonlari javobidan norozi bo‘lib, ikki marta apellyatsiya tekshiruviga bergan. Ammo Davlat test markazi tomonidan xatolik aniqlanmagan.

«Har qaysi abituriyet test sinovlaridan yiqilganda, unga nisbatan adolatsizlik qilingandek tuyulaveradi. Insonning dunyoqarashi shunaqa. Mamlakatimiz prezidenti tashabbusi bilan bu yilgi imtihonlar yangicha tarzda tashkil etilmoqda. Men oldindagi sinovlar shaffof o‘tishiga ishonaman», deydi 18 yillik abituriyent.

Joriy yilda qahramonimizning 17 yoshli qizi Nozanin Bekmurodova ham Samarqand Davlat Tibbiyot oliygohiga hujjat topshirdi.

«Abituriyentlik gashtini surish borasida respublikamizda rekord o‘rnatgan bo‘lsam kerak. Qizi, kelini bilan birga farzand ko‘rgan onalarni eshitgansiz, ammo menga o‘xshab qizi bilan birga talaba bo‘lish niyatida yurgan ota oramizda topilmasa kerak», deydi tajribali abituriyent.

Anvar Bekmurodovning 4 nafar farzandi bor. Shu vaqtgacha ma'lumoti o‘rta bo‘lgani sababli, yollanma mehnat evaziga oilasini tebratib keladi. U kelajakda o‘qituvchi bo‘lishni orzu qiladi.

Nima uchun aynan musiqa fakultetini tanlagani haqidagi savolga u qo‘yidagicha javob berdi: «Men yaxshi o‘qituvchi bo‘lib, yoshlarga ezgulikdan dars bermoqchiman. Bugungi globallashuv jarayonida maktablarga ezgulikni fan sifatida joriy qilish kerak. Ezgulik, mehr-oqibat tushunchalari keyingi paytlarda yo‘qolib boryotgani rost. Uni musiqa ohanglari yordamida insonni qalbiga joylash osonroq».

Orzu insonni ko‘klarga ko‘taradi. U shunchalik ilohiy to‘yg‘uki,  yashashga, intilishga undaydi. Anvar Bekmurodov ham orzusi ketidan ergashib, intilib yashayotgan yurtdoshlarimizdan biri. U bu yil imtihonlarda omadi chopib, hatto kontrakt asosida talaba bo‘lgan taqdirda ham, ta'lim krediti olib o‘qishini aytdi. 

Baxtigul Qarshiyeva
jurnalist

Mavzuga oid