O‘zbekiston | 19:32 / 01.08.2018
8044
7 daqiqa o‘qiladi

Bank-moliya akademiyasi tinglovchisi qanday hollarda o‘qishdan chetlatilishi mumkin?

Foto: Bank-moliya akademiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasiga tinglovchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, magistraturaga kirish test sinovlari va suhbat shaklida, nomzodlarning tanloviga ko‘ra o‘zbek, rus yoki ingliz tilida amalga oshiriladi.

Magistraturaga tinglovchilar mutaxassisliklar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan qabul kvotalariga muvofiq davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Magistraturaga nomzodlar oliy ma'lumotga ega bo‘lgan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, korxonalari hamda boshqa tashkilotlarda kamida bosh mutaxassis yoki unga tenglashtirilgan lavozimda ishlab turgan, yoshi 40 (qirq) dan oshmagan shaxslar orasidan tanlov asosida qabul qilinadi.

Magistraturaga hujjat topshirayotgan vaqtida nomzodlar tavsiya etayotgan vazirliklar va boshqa tashkilotlarda kamida 2 (ikki) yillik mehnat stajiga ega bo‘lishlari lozim.

Magistraturaga tinglovchilarni qabul qilish uch bosqichda amalga oshiriladi:

birinchi bosqich - bevosita kadrlar buyurtmachilarining o‘zida, vazirliklar va boshqa tashkilotlarda, boshqaruv lavozimi zaxirasida turgan shaxslar orasidan magistraturada o‘qishga nomzodlarni o‘rganish va suhbat orqali tanlab olish;

ikkinchi bosqich - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan tashkil etiladigan “Zamonaviy menejment, boshqaruv psixologiyasi va liderlik”, “Mutaxassislik fani” va “Amaliy ingliz tili” fanlari bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlari;

uchinchi bosqich - Davlat test markazi tomonidan tashkil etilgan kirish test sinovlari natijalari hamda magistraturada o‘qitishning ta'lim shakllari bo‘yicha ajratilgan qabul kvotalariga muvofiq tinglovchilarni Akademiyaga qabul qilish natijalarini e'lon qilish.

Magistraturaga kirish uchun Qabul komissiyasiga nomzodlar kuyidagi hujjatlarni har yili 1 iyuldan 30 iyulga qadar taqdim etadilar:

idoraviy komissiya qaroridan ko‘chirma;
mutaxassisligi ko‘rsatilgan holda Akademiya tomonidan belgilangan shakldagi ariza;
oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplomning asli (yoki diplomdan ko‘chirma - O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarini davlat granti bo‘yicha o‘qib tugatganlar uchun) hamda unga ilovaning asli;
nomzodning ish joyidan tavsifnoma;
3,5 x 4,5 hajmdagi 6 ta rangli fotosurat;
xodimlarni hisobga olish bo‘yicha shaxsiy varaqa;
086-shakldagi tibbiy ma'lumotnoma;
mehnat daftarchasidan nusxa;
Qabul komissiyasiga asl nusxalarini ko‘rsatgan holda pasport va harbiy majburiyat to‘g‘risidagi hujjatlar nusxasi.

Magistraturaga kirish test sinovlari Davlat test markazi tomonidan har yili 20 avgustda o‘tkaziladi.

Akademiyaning boshqaruv kadrlari va mutaxassislarni qayta tayyorlash kurslariga tinglovchilar oliy ma'lumotli hamda tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha kamida ikki yillik mehnat stajiga eta bo‘lgan vazirlik va boshqa tashkilotlar xodimlari tarkibidan qabul qilinadi.

Boshqaruv kadrlari va mutaxassislarning malakasi Akademiya ta'minoti uchun ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjyeti mablag‘lari hisobiga hamda vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar (buyurtmachilar) bilan tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontraktlar asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida magistratura tinglovchilarining o‘qishini ko‘chirish, ularni o‘qishdan chetlatish va qayta tiklash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, akademiyada o‘quv rejalari va dasturlarining davriy yangilanishini e'tiborga olingan holda o‘qishdan chetlatilganidan keyin 5 (besh) yildan ortiq vaqt o‘tgan shaxslarning o‘qishga qayta tiklash bo‘yicha arizalari ko‘rib chiqilmaydi.

Yakuniy davlat attestatsiyasi natijalariga ko‘ra o‘qishdan chetlatilgan Akademiya tinglovchilari navbatdagi 3 (uch) o‘quv yili davomida yakuniy davlat attestatsiyasidan qayta o‘tishlariga faqat bir marotaba ruxsat etiladi.

Akademiyada tinglovchilar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash, jumladan, fanlar orasidagi farqlarni qayta o‘zlashtirish va topshirish jarayoni bepul amalga oshiriladi.

Akademiyada tinglovchilarni boshqa mutaxassislikka o‘qishini ko‘chirish o‘quv yili (semestri) boshlanguniga qadar amalga oshiriladi. Tinglovchilar o‘qishini kuzgi semestrga qayta tiklash uchun har yili 5 avgustdan 30 avgustga qadar va bahorgi semestrga qayta tiklash uchun har yili 5 dekabrdan 30 dekabrga qadar amalga oshiriladi. Birinchi kursda tinglovchilar o‘qishini ko‘chirish yoki birinchi kursga o‘qishga qayta tiklash (tinglovchiga kasallik tufayli akademik ta'til berilgan holatlar bundan mustasno) taqiqlanadi.

Akademiya tinglovchisi quyidagi hollarda o‘qishdan chetlatilishi mumkin:

o‘z xohishiga binoan;
salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma'lumotnomasi asosida);
belgilangan muddatda akademik qarzdorlikni bartaraf etmaganligi sababli;
Akademiya ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 (yetmish to‘rt) soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
o‘qish uchun belgilangan shartnomada ko‘rsatilgan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli (to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil olayotganlar uchun);
tinglovchi sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
vafot etganligi sababli.

O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida boshqaruv kadrlari va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat talablariga ko‘ra, quyidagi hujjatlar davlat talablari asosida tegishli buyurtmachilar bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi:

mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv rejasi va o‘quv rejasidagi fanlar bo‘yicha o‘quv dasturlari;
umumiy va mavzuli malaka oshirish kurslarining o‘quv dasturlari.

Davlat talablari boshqaruv kadrlari va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida Akademiyaning ta'lim faoliyatini tashkiliy, ilmiy-metodik ta'minlash uchun qo‘llaniladi hamda boshqaruv kadrlari va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning:

asosiy turlari va shakllarini;
mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan asosiy talablarni;
o‘quv yuklamasi hajmini;
ta'lim sifatini nazorat qilish, baholash tartibi hamda amalga oshirish mexanizmlarini belgilaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid