Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Biz g‘irromlik va qing‘irliklarni sezmadik». Imtihonning birinchi kuni qanday o‘tdi?
1 avgust kuni barcha abituriyentlar (ularning ayrimlari talabaga ham aylandi) orziqib kutgan oliygohlarga qabul davlat imtihonlari boshlandi. Va'da qilinganidek, barchasi boshqacha bo‘lishi kerak edi. Kun.uz ushbu jarayonlarni kuzatish uchun Toshkent shahri, Samarqand, Andijon, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida muxbirlar test sinovlari o‘tkazilayotgan binolarni ko‘zdan kechirdi. Xulosa esa turlicha.
Toshkentda nimalar bo‘lyapti?
Test sinovlarining birinchi kunida Toshkent yuridik universiteti, Toshkent moliya instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomati universiteti kabi nufuzli, shu bilan birga o‘tgan yillarda ayrimlarning shubhasiga uchragan oliygohlarga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi.
Test topshirib chiqayotgan abituriyentlarning deyarli barchasi yaxshi natijalardan umidvor, so‘rovda ishtirok etganlar adolatli va shaffof imtihon tashkil etilganiga ishonmoqda.
Shunga qaramay, 2 avgust kuni «Ko‘rgazmasavdo markazi»da tashkil etilgan test sinovlari bo‘lib o‘tayotgan binolarga jurnalistlar, jamoatchilik nazorati vakillari to‘laqonli faoliyat olib borishga imkoniyat berilmadi.
Gap shundaki, ushbu binolarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutining bo‘lajak talabalari saralanayotgandi. Yana shubhalarga boy, jurnalistlar uchun yopiq eshiklar ortida o‘tgan qabul imtihonlari xalq orasida «Narxoz», «diplomatiya» va «moliya» kabi nomlar bilan mashhur oliy ta'lim muassasalarga o‘tkazilgani gumonlarni ko‘paytirmoqda. Aksiga olib, rasmiylar ham mum tishlagan, «tez orada unut bo‘ladi» qabilida ish tutayotgan mutasaddilar ham jim.
«Kun.uz» so‘rovida ishtirok etgan abituriyentlarning aksari test sinovlari shaffof tashkil etilganiga ishonch bildirgan. Ulardan biri shunday deydi: «Avvalgi yili shovqin bo‘lardi, xonalar issiq edi. Shovvozlar baribir uddasidan chiqqan, albatta «bunker» va «rektor guruhlari» ishlagan. Bu yil unday g‘irromliklar ko‘zga tashlanmadi».

Chindan ham, 1 avgust kuni Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati va Oliy o‘quv yurtlararo sport majmuasida tashkil etilgan imtihonlarning birinchi smenasida tartib qat'iy bo‘lmasa-da, «qing‘irlik» ham yo‘q edi. Harqalay, biz noqonuniy harakatlarni sezmadik. Ota-onalar uchun kuzatish maydoni orasta tashkil etilgan, sinov bo‘lib o‘tayotgan bino ichida ham sharoit yomon emasdi.

Shu kuni ikkinchi smenada tashkil etilgan qabul imtihonlari «O‘zEkspomarkaz» Milliy ko‘rgazmalar majmuasida biroz shubhali ko‘rindi. Dastlab, sinovlar bo‘lib o‘tayotgan birinchi binoga OAV vakillari kiritilmasligi shubha tug‘dirgan bo‘lsa, keyinroq bino ichida go‘yoki mashina kaliti bilan o‘tirgan abituriyentlar ham borligi ma'lum bo‘ldi.

Vaholanki, imtihonga kirish paytida pasport g‘ilofidan tortib qo‘l soatlari olib qo‘yilishi aytilgandi.
Andijon, Xorazm va Qashqadaryoda test sinov jarayonlari qanday o‘tgani haqida esa alohida maqolalarda bilib olishingiz mumkin.
Mavzuga oid: Qashqadaryoda o‘tayotgan test jarayonlarida yangi qurilmadan foydalanilmoqda
Andijonda test sinovlari: «Uddaburon» abituriyentlar
Quyoshga qarshi soyabonlar, kutish zaliga aylangan to‘yxona. Urganchda test imtihonlarining bir kuni (fotohisobot)